Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi xalqimizning bugungi hayoti va kelajagi uchun ulkan ahamiyatga ega.
Milliy ta’lim dasturi ma’no-mohiyatini targ‘ib etish va ushbu hujjat talablarini bajarish doirasida yaqinda o‘tkazilgan “Inson huquqlari haftaligi” yakunlari haqida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan suhbatlashdik.
– O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya 15 fevralda tasdiqlagan dastur asosida yurtimizda 20-28 fevral kunlari “Inson huquqlari haftaligi” o‘tkazildi, – dedi A.Saidov. – Haftalik dasturida belgilangan chora-tadbirlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan to‘liq va o‘z vaqtida tashkil etildi.
Bularning barchasi bejiz emas. Chunki xalqaro hujjatlarda e’tirof etilganidek, inson huquqlari sohasidagi ta’lim demokratik jamiyat qurish maqsadida huquq va erkinliklarni anglab yetish va ulardan faol foydalanish, majburiyatlarga amal qilishni nazarda tutuvchi inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Inson huquqlari sohasidagi ta’lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o‘z hayotiga daxldor bo‘lgan qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to‘laqonli ishtirokini ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi.
– Haftalikni o‘tkazishda davlat hokimiyatining aynan qaysi tarmog‘iga mansub tashkilot va muassasalar alohida faollik ko‘rsatdi, deb hisoblaysiz?
– Avvalo, “Inson huquqlari haftaligi” markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va hamkor xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda, o‘zaro hamjihatlikda o‘tkazildi. Tadbirlar mamlakatimizning butun hududida – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shaharlarda bo‘lib o‘tdi.
Yanada e’tiborlisi shundaki, Dasturda belgilangan muddat 28 fevralda rasman tugagan. Shunga qaramay, joylarda haftalik mavzusi bilan bog‘liq tadbirlar hali ham davom etmoqda.
Haftalik 15 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan “Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi” mavzusidagi davra suhbati bilan boshlandi. Unda Milliy ta’lim dasturi ijrosi bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”dagi chora-tadbirlarni bajarishga mas’ul vazirlik va tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, 23 fevral kuni Toshkent shahrida onlayn va oflayn shaklda “Parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va aholining xabardorligini oshirishdagi o‘rni” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi, “Barqaror rivojlanish markazi”, Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma (Germaniya) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Parlament a’zolari ishtirokida 23 fevral kuni Samarqand shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya esa inson huquqlari va erkinliklarining ishonchli himoyasi borasidagi o‘zaro hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlandi. Konferensiyada Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) Huquqiy islohotlar dasturi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda 20 ga yaqin xorijiy mamlakatning inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi vakolatli organlari vakillari ishtirok etgani diqqatga loyiqdir.
– Haftalik doirasidagi yana qaysi tadbirlarda xalqaro hamkorlar qatnashdi?
– Bunday tadbirlar ko‘p o‘tkazildi. Xususan, 21 fevral kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida “O‘zbekistonda ijtimoiy adolatni mustahkamlash maqsadida munosib mehnatni targ‘ib qilish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Bosh direktori yordamchisi, XMTning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari X.Koller, XMTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha byurosi direktori O.Kulaeva, boshqa xalqaro tashkilotlardan soha bo‘yicha 100 dan ortiq mutaxassis, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, Oliy Majlis palatalari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi. Xalqaro va xorijiy hamkorlarimiz inson huquqlari sohasidagi milliy ta’limni takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Bundan tashqari, Milliy markaz 28 fevral kuni Xalqaro yuristlar komissiyasi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi, «Yuksalish» umummilliy harakati bilan hamkorlikda O‘zbekistonda BMT shartnomalarining bajarilishini monitoring qilish va muvofiqlashtirish yuzasidan xalqaro jamoatchilik muhokamasini tashkil qildi.
Milliy va xalqaro ekspertlar implementatsiya masalasini Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya misolida ko‘rib chiqdilar. BMTning shartnomaviy qo‘mitalari tomonidan berilgan so‘nggi tavsiyalar ijrosini O‘zbekistonda samarali monitoring qilish va muvofiqlashtirishni ta’minlash uchun qanday choralar ko‘rish zarurligi muhokama qilindi.
Shuni alohida qyd etish joizki, 28 fevral – 4 mart kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Jeneva shahrida o‘z ishini boshlagan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasi doirasida o‘tkazilgan Yuqori darajadagi segment ishida ishtirok etdi. Bu tashrif ham – “Inson huquqlari haftaligi” dasturidagi tadbirlardan biridir.
Yuqori darajadagi segment majlisi ishtirokchilari e’tiboriga Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlarni istiqbolda yanada chuqurlashtirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar haqida zarur ma’lumotlar taqdim etildi. Xalqaro hamjamiyatga yurtimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan ham batafsil axborot berildi.
– Ta’lim muassasalari haftalik doirasidagi tadbirlarni o‘tkazishda qay darajada faollik ko‘rsatdi?
– Ta’lim muassasalarining “Inson huquqlari haftaligi” doirasida amalga oshirgan chora-tadbirlari borasida Jamoat xavfsizligi universiteti, ayniqsa, peshqadamlik qildi. Mazkur universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan birgina Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi mahallalarda 62 ta uchrashuv tashkil etildi.
Universitet faollari, shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent davlat texnika universiteti, Turin politexnika universiteti, farmasevtika fakulteti vakillari bilan birgalikda professional ta’lim muassasalari va akademik litseylarda mavzu yuzasidan jami 24 ta ma’rifiy anjuman o‘tkazgan.
Bu sohada Davlat va huquq instituti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi va Malaka oshirish instituti ham alohida faollik ko‘rsatdi. Jumladan, Milliy markaz va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashabbusi bilan 23 fevral kuni Farg‘ona viloyati, Rishton tumani, Zohidon qishlog‘idagi 3-o‘rta ta’lim maktabida “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” mavzusida turkum ma’rifiy-huquqiy tadbirlar o‘tkazildi.
Toshkent davlat yuridik universitetida 24 fevral kuni “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida davra suhbati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining kursantlari bilan uchrashuv, 28 fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Xalq ta’limi tizimida ham haftalik doirasida ko‘plab tadbirlar tashkil etildi.
– Sud-huquq tizimida haftalik doirasida o‘tkazilgan tadbirlar haqida ham ma’lumot bormi?
– Haftalik doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat va tuman sudlari tomonidan turkum tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, “Inson huquqlari – oliy qadriyat”, “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari”, “Inson huquqlari” mavzularida o‘tkazilgan 30 dan ortiq davra suhbati va uchrashuvlar 1 ming 600 nafar aholi vakillarini qamradi.
Sudyalar oliy maktabi binosida 21 fevralda “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” mavzusida tadbir tashkil etildi. Tadbirda Jinoyat huquqi, Fuqarolik huquqi, Ma’muriy huquq va Iqtisodiy huquq yo‘nalishi magistratura tinglovchilari qatnashdi.
Haftalik davomida mamlakatimizning tuman, shahar va mahallalarida “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida “Prokuror va yoshlar”, “Sudya va yoshlar”, “Adliya rahbari va yoshlar”, “IIB rahbari va yoshlar”, “DXX rahbari va yoshlar” kabi turli uchrashuvlar o‘tkazildi.
Misol uchun, Jizzax shahridagi “Jizzaxlik” mahallasida “Sudya va yoshlar” uchrashuvi, Arnasoy tumani Bobur mahallasida “Prokuror va yoshlar” uchrashuvi, Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida “Adliya rahbari va yoshlar” uchrashuvi, Xorazm viloyatining Yangiariq tumani “Yangiobod” mahallasida “IIB rahbari va yoshlar” uchrashuvi, Bog‘ot tumani “Beruniy” mahallasida “DXX rahbari va yoshlar” uchrashuvlari, ayniqsa, namunali tashkil etildi.
Bunday uchrashuvlarning ahamiyati nimada, degan savol tug‘ilishi mumkin. Fikrimizcha, barcha tadbirlarda qatnashgan minglab yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi kundagi dolzarb bo‘lgan mavzular – inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalalari, o‘g‘rilik, firibgarlik, haqorat qilish, tan jarohati yetkazish va inson huquqlarini poymol qiluvchi shu kabi boshqa noma’qul xatti-harakatlar hamda bunday harakatlarni sodir etgan shaxslarga ko‘riladigan qonuniy choralar haqida zarur tushuncha va ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
– Yoshlarning haftalik doirasidagi tadbirlarda ishtirokini qanday baholaysiz?
– Yurtimizning barcha hududlarida yoshlar ishtirokida tashkil etilgan turli tadbirlar o‘zining zamonaviy, qiziqarli va qamrovdor ekanligi bilan ajralib turdi. Xususan, 20 fevral kuni Milliy markazda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusidagi videokonferensiyada 2 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Tadbir doirasida 2022 yil dekabrida yakunlangan “Inson huquqlari sohasida ta’lim va tadqiqotlar” tanlovi g‘oliblari taqdirlandilar.
Haftalik doirasida Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan yurtimiz yoshlari o‘rtasida #Inson_huquqlari_oliy_qadriyat xeshtegi tashkil etildi. Qariyb 4 ming nafar yoshlarni qamragan ushbu tadbir hududlardagi rasmiy kanallarda targ‘ibot sifatida yoritib borildi.
Milliy markazi tomonidan 27 fevral kuni o‘tkazilgan "Inson huquqlari bilimdoni" viktorinasida qatnashgan 126 nafar ishtirokchi ham asosan yoshlardir. Ushbu viktorinada belgilangan 15 soniya vaqt ichida test savollariga to‘liq va to‘g‘ri javob bergan 38 nafar ishtirokchi orasidan 3 nafar g‘olib “Youtube” kanalida "Randomus randomayzer" onlayn dasturi asosida aniqlandi va 1 mart kuni sertifikat va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
– Fuqarolik jamiyati institutlari ham bu jarayondan chetda turmadi. Shunday emasmi?
– Albatta. Haftalik doirasida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan turkum tadbirlar tashkil etildi.
Jumladan, Assotsiatsiyaning Buxoro, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Toshkent, Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm viloyati hududiy bo‘linmalari qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida tashkil etgan davra suhbatlari, uchrashuv va seminarlarda hududlarda faoliyat olib borayotgan fuqarolik jamiyati institutlarining 450 dan ortiq vakili faol qatnashdi.
Qolaversa, “Madad” NNT tomonidan 24 fevralda “Inson huquqlarini himoya qilish sohasida NNT faolligini oshirishda huquqiy jihatdan ko‘maklashish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda muassasaning tuman va shahar huquqiy maslahat byurolari hamda joylardagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
– “Inson huquqlari haftaligi”ning o‘ziga xos xususiyatlari haqida so‘z yuritganda, qaysi bir jihatni alohida ta’kidlagan bo‘lardingiz?
– E’tiborli tomoni shundaki, haftalik yil bo‘yi davom etadigan bir qancha tadbirlarning boshlanishiga ham turtki berdi. Xususan, Milliy markaz tomonidan:
Birinchidan, “Tong yulduzi”, “Klass” gazetalari tahririyatlari bilan hamkorlikda “Inson huquqlari bolalar nigohida” Respublika tanlovi e’lon qilindi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi hamda O‘zbekiston Konstitutsiyasining 31 yilligiga bag‘ishlangan ushbu tanlovning dastlabki bosqichi 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida yakunlansa, ikkinchi bosqich g‘oliblari esa 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni aniq bo‘ladi.
Ikkinchidan, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Farg‘ona shahrida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi tashkil etildi.
Bu o‘quv kursi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida yil davomida o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlarning jami soni 14 tani tashkil etadi va o‘quv kurslarida 700 nafar tinglovchi tahsil olishi ta’minlanadi.
Uchinchidan, hududlardagi axborot-kutubxona markazlariga inson huquqlari sohasidagi adabiyotlarni taqdim etish ishlari boshlab yuborildi. Hozirga qadar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlari axborot-kutubxona markazlariga, Farg‘ona viloyati, Rishton tumani, Zohidon qishlog‘idagi 3-o‘rta ta’lim maktabi, Yuridik klinika, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti kabi qator oliy ta’lim muassasalari kutubxonalariga – jami 1 ming 200 ta kitob taqdim etildi. Bu jarayon endi muntazam davom etadi.
- Prezidentimiz qarorida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘ida tushuntirilishi masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
– Qarorda mas’ul tashkilotlarga Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturining amalga oshirilishi to‘g‘risidagi xolis va to‘liq ma’lumotlarning keng jamoatchilikka tezkor yetkazilishini ta’minlash vazifasi yuklangan. Ayni sohadagi ishlar allaqachon boshlangan.
Birgina “Inson huquqlari haftaligi” doirasida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi kanallarida 31 ta intervyu va videolavhalar e’lon qilindi. O‘zA – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi haftalikka doir 20 dan ortiq xabarni bir necha tilda tarqatdi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xamkorligida 2 ta brifing o‘tkazildi. Brifinglar “Rasmiy xabarlar” telegram-kanalida, AOKAning “Feysbuk”dagi rasmiy sahifasida, “O‘zbekiston-24”, “Mahalla” telekanallarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi.
Milliy markaz rasmiy saytida haftalik mavzusida 114 ta matnli, 40 ta video va 425 ta foto axborot joylandi. Ushbu axborotlar Milliy markazning Internetdagi tarmoqlari orqali ham tarqatildi. Milliy markaz xodimlarining radiokanallarda – 2 ta suhbat va telekanallarda 11 ta intervyusi, gazeta va saytlarda 22 ta intervyu va maqolalari e’lon qilindi.
Fursatdan foydalanib, “Inson huquqlari haftaligi” tadbirlarini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng, tezkor hamda qiziqarli tarzda yoritganlarini e’tirof etib, soha vakillariga minnatdorchilik bildiraman.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari qarorida ta’kidlanganidek, “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etib, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda ham muhimdir”. Ishonchim komilki, “Inson huquqlari haftaligi” doirasidagi izchil va qamrovdor tadbirlar inson huquqlari sohasidagi ta’limning ana shu tub mohiyatini jamiyatimiz a’zolari ongu-shuuriga yanada teran singdirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
G‘ulom Mirzo suhbatlashdi
«Xalq so‘zi» gazetasining 2023 yil 8 mart kungi 47-soni
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kutubxonasi
- Qo'shildi: 09.03.2023
- Ko'rishlar: 4531
- Chop etish