Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

O‘ZBEKISTONDA FUQAROLIK JAMIYATINI DEMOKRATLASHTIRISH VA RIVOJLANTIRISH BORASIDA YUQORI NATIJALARGA ERISHILDI

 

O‘zbekistonda kechayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, xususan, konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni xorijiy mamlakatlarning siyosiy, ekspert doiralari va  yetakchi ommaviy axborot vositalari diqqat markazida turibdi. Qiziqish bo‘lishi tabiiy hol. Chunki Bosh qonunga kiritish taklif etilayotgan yangilanishlar ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy sohalarni hamda davlat boshqaruviga doir juda muhim o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi.

Prezident Shavkat Mirziyoevning 6 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Oliy sud rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ta’kidlanganidek, jamoatchilik tomonidan yuborilgan 200 mingdan ortiq taklifning har biri sinchiklab o‘rganib chiqilishi natijasida konstitutsiyaviy qonun loyihasining yakuniy tahriri tayyorlandi.

Mamlakatimizning xorijdagi diplomatiya vakolatxonalari tomonidan ham O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqaro ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon va ekspert doiralariga yetkazish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu mavzuda o‘tkazilayotgan brifing, davra suhbatlari va ekspert uchrashuvlari chog‘ida xorijlik ishtirokchilar O‘zbekistonning Bosh qonunini isloh qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar bilan yaqindan tanishmoqda.

O‘z navbatida, “Inson qadri uchun” g‘oyasini ilgari surishni nazarda tutuvchi Bosh qonunimizga kiritiladigan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati xorijlik ekspertlar tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

Xususan, BMT Ilmiy-tadqiqot instituti va Yevropa universiteti (Valensiya) xalqaro aloqalarni rivojlantirish dasturi direktori, Ispaniyaning “OK-Diario” axborot agentligi bosh muharriri Xorxe Mestre o‘z sharhida O‘zbekiston ayni paytda mintaqadagi, ayniqsa, mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik bo‘yicha eng muhim davlatlardan biri hisoblanishini qayd etgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston qo‘shnilar o‘rtasida ko‘priklarni qayta tikladi va siyosiy yaqinlashuv tashabbuskori o‘laroq Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi davlat sifatida mustahkam o‘rin egalladi.

Xorxe Mestre, shuningdek, O‘zbekistonda qisqa vaqt ichida ko‘plab sohalarda faol islohotlar kechayotgani, tadbirkorlik yangi bosqichga ko‘tarilib, ekotizim shakllana boshlaganini alohida qayd etdi. U Ispaniya hukumati va ishbilarmon doiralari O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlarni katta qiziqish va e’tibor bilan kuzatayotganini ham ta’kidladi.

Madrid xalqaro pressklubi muvofiqlashtiruvchisi, Ispaniyaning “La Razón” gazetasi muharriri Eduardo Guaylupo so‘nggi yillarda O‘zbekiston siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot yo‘lida ulkan natijalarni qo‘lga kiritgani, xalq farovonligini oshirishda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishganini aytdi. “Respublika modernizatsiyalash, milliy davlatchilikni mustahkamlash va uning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga qaratilgan kuchli hamda samarali davlatni barpo etish yo‘lida jadal odimlayotganini kuzatmoqdamiz, — deydi Eduardo Guaylupo. — Prezident Shavkat  Mirziyoev boshchiligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasi o‘laroq, mamlakatda Yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy asoslar yaratildi. Bugun esa respublika jadal rivojlanayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz”.

“Diplomat in Spain”  onlayn nashri sharhlovchisi Alberto Rubio O‘zbekistonda so‘z erkinligini ta’minlash borasida tub o‘zgarishlar ro‘y berganiga e’tibor qaratdi. “Ayni paytda milliy ommaviy axborot vositalari xalq ovoziga, to‘rtinchi hokimiyatga aylandi. O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati va demokratik institutlar inson huquqlari, jumladan, matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Mamlakatda ommaviy axborot vositalari faoliyatini huquqiy tartibga solish barqarorligini ta’minlash maqsadida qonunchilik bazasi takomillashtirilmoqda. Umuman aytganda, O‘zbekiston axborot makonining jadal kengayishi kuzatilmoqda”, deydi Alberto Rubio.

Varshavada  polyak OAV uchun o‘tkazilgan brifing chog‘ida  elchi Bahrom Boboev Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati, shuningdek, konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi davomida jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlarining keng ishtiroki  haqida batafsil ma’lumotlarni taqdim etdi.

“Eurogospodarka” tahririyati kengashi a’zosi Anjey Kazimierski o‘z nutqida taklif etilayotgan konstitutsiyaviy normalarni muhokama qilish jarayonida aholining faol ishtiroki eng yuqori darajadagi siyosiy va huquqiy qonuniylikka ega ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, mustaqil dav-latchilik shakllanishining eng muhim bosqichlarini munosib bosib o‘tgan O‘zbekiston fuqarolari yangi Konstitutsiyaga ega bo‘ladi.

“Trybuna” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Anjey Drishel yangilanayotgan Bosh qonunga kiritish taklif etilayotgan takliflarni muhokama qilish jarayonini yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda konstitutsiyaviy model shablonlari mavjud emas va har bir davlat turli siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik yoki boshqa shart-sharoitlarga asoslangan konstitutsiyaviy jarayonni boshdan kechirmoqda. “Ko‘plab mamlakatlarda konstitutsiyaviy islohotlar tub o‘zgarishlar davrida amalga oshirildi.

O‘zbekiston keyingi yillarda davlat va jamiyat qurilishining barcha jabhalarida barqaror rivojlanishni dunyoga namoyish etmoqda”, dedi Anjey Drishel.

“Fakt” nashri muxbiri Pavel  Lavik davra suhbati  ishtirokchilari e’tiborini yangilanayotgan Konstitutsiya 2016 yilda O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoev tomonidan boshlangan davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarning barcha qamrovini, tizimli, har tomonlama va chuqur o‘zgartirish jarayonini davom ettirishga yo‘naltirilganiga qaratdi. Uning aytishicha, ushbu islohotlar asosini inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilish va himoya qilish tashkil etadi.

Polshalik jurnalist, shuningdek, “Aynan shu masalalarda — demokratlashtirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlarini ta’minlashda O‘zbekiston sezilarli faollik ko‘rsatib, katta ijobiy natijalarga erishmoqda. O‘zbekiston Konstitutsiyasiga inson, bolalar va nogironlar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritilishini yuqori baholaymiz. Bu mamlakatning demokratik rivojlanishini yaqqol ko‘rsatadi”, dedi u.

Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi kutubxonasida  o‘tkazilgan davra suhbati ishtirokchilari ham O‘zbekiston Bosh qonuniga kiritilayotgan o‘zgartirishlar “inson —  jamiyat — davlat” tamoyiliga asoslanayotganini qayd etdi.

Janubiy Koreya ekspertlari har bir mamlakat uchun uning Bosh qonunini isloh qilish eng muhim siyosiy jarayon sanalishini qayd etgan holda, O‘zbekistonda fuqarolarning ijtimoiy farovonligi va insonning asosiy huquq hamda erkinliklarini ta’minlash yo‘lida jadal rivojlanayotgan demokratik islohotlarni yuqori baholadi.

Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi kutubxonasi direktori Li Myong Vuning aytishicha,  O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartishlar Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning borishini o‘zida aks ettirishi barobarida islohotlarning yangi yo‘nalishlari mustahkamlanishini ham nazarda tutadi.

Yevroosiyo turkshunoslik instituti direktori O In Kyongga ko‘ra, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning eng muhim yo‘nalishlari inson huquqlari, tadbirkorlik, xususiy mulk, shuningdek, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarini yanada rivojlantirishga qaratilgani bilan muhimdir.

“Dunyo” AA

Powered by GSpeech