Yangi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarining kafolatlari sezilarli ortmoqda

29 mart kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan uchrashuv “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan referendumga bag‘ishlandi. Tadbir Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi hamda Malaka oshirish instituti hamkorligida tashkil etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Mirzatillo Tillaboev referendumga qo‘yilgan yangi Konstitutsiya loyihasidagi o‘zgarishlar haqida tadbir ishtirokchilariga atroflicha ma’lumot berdi. Bunda inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirilayotganiga e’tibor qaratildi.

Xususan, O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanmoqda. Bu talabning konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.

Yangi Konstitutsiyada xalqaro e’tirof etilgan "Xabeas korpus" institutini qo‘llanish ko‘lami yanada kengaytirilib, jumladan, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilanmoqda. Ya’ni, shaxsning erkinligini cheklash bilan bog‘liq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgandir.

Ilk bor shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, sukut saqlash huquqi kafolatlanmoqda. Boshqacha aytganda, xalqaro e’tirof etilgan yana bir muhim andoza – "Miranda qoidalari" Asosiy qonunimizga tatbiq etilmoqda.

Konstitutsiya loyihasida har kimning yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqliligi belgilanyapti. Ushbu qoidaning mazmun-mohiyati shundaki, fuqarolar o‘z buzilgan huquq va erkinliklarini, o‘zgalar huquqlarini buzmagan holda, mustaqil himoya qilish huquqiga ega. Yagona shart – bu fuqarolar tomonidan o‘zini himoya qilishda qo‘llanadigan usullar yoki choralarning qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan bo‘lishidir.

Uchrashuv ishtirokchilar o‘rtasidagi qiziqarli savol-javoblar bilan yakuniga yetdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech