Tibbiyot xodimlari bilan referendum mavzusida suhbatlashildi

29 mart kuni Toshkent shahar Yunusobod tuman tibbiyot birlashmasida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha bo‘lajak referendumga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda tuman tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.

Milliy markaz xalqaro shartnomalarni implementatsiya qilish bo‘limi boshlig‘i O‘tkirbek  Ochilov uchrashuv ishtirokchilariga referendumga qo‘yilgan yangi Konstitutsiya loyihasidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi. Bunda inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirilayotganiga e’tibor qaratildi.

Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 48-moddasida har bir fuqaroning kafolatlangan tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini ta’minlash uchun sog‘liqni saqlash tizimining barcha jabhasi davlat tomonidan rag‘batlantirilishiga oid norma mustahkamlanmoqda.

Shuningdek, yangi Konstitutsiya loyihasiga muvofiq, davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash hamda aholi sog‘lig‘ini saqlash va hayot sifatini oshirish maqsadida sog‘lom turmush tarzini yuritish, jismoniy faollikni oshirish, sport bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish bo‘yicha vazifalarni o‘z zimmasiga olayotganligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tibbiyot muassasasi xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech