Yangi Konstitutsiya loyihasi va xavfsiz turizm istiqbollari

Mamlakatimiz har jihatdan katta davlatga aylanmoqda. Aholimiz 2040 yilga borib 50 millionga yetadi, jamiyatning yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil qiladi. Ularga munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo‘lishi lozim. Bular va boshqa ko‘pdan-ko‘p muammolar yechimi mustahkam huquqiy poydevorni – O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasini taqozo etadi.

29 mart kuni Ichki ishlar vazirligining Buxoro shahridagi Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha bo‘lajak referendumga bag‘ishlab o‘tkazilgan muloqotda shu haqda so‘z bordi.

Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi hamda Malaka oshirish instituti hamkorligida tashkil etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Mirzatillo Tillaboev ta’kidlaganidek, referendum – davlat uchun ham, har bir fuqaro uchun ham qabul qilinishi o‘ta ahamiyatli bo‘lgan qarorlar bo‘yicha ovoz berishda keng jamoatchilik ishtirok etishining samarador usuli hisoblanadi. Referendumga qo‘yilgan yangi Konstitutsiya loyihasining 9-moddasida “Jamiyat va  davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumxalq ovoziga – referendumga qo‘yiladi”, degan norma belgilanmoqda.

Yangi Konstitutsiya loyihasiga mamlakatimizda xavfsiz turizmni ta’minlashga bevosita va bilvosita xizmat qiladigan muhim normalar ham kiritilmoqda. Jumladan, loyiha matnidagi 24-moddada: “O‘zbekiston  Respublikasi  hududidagi  chet  el  fuqarolarining va fuqaroligi  bo‘lmagan  shaxslarning  huquq  va  erkinliklari  xalqaro huquq normalariga muvofiq ta’minlanadi. Ular O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va  xalqaro shartnomalari bilan belgilangan burchlarni ado etadilar”, deb qayd etilgan.

Bundan tashqari, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasining 32-moddasida: “Qonuniy asoslarda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har  kim  mamlakat  bo‘ylab  erkin  harakatlanish,  turar  va  yashash joyini tanlash huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. Har kim O‘zbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga ega, bundan qonunda  belgilangan  cheklovlar  mustasno.  O‘zbekiston  Respublikasi fuqarosi O‘zbekistonga to‘sqinliksiz qaytish huquqiga ega”, degan norma mustahkamlanmoqda.

Bu kabi konstitutsiyaviy normalar, o‘z navbatida, mamlakatimiz turizm salohiyatini oshirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi tayin. Binobarin, Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 29 mart kuni ayni shu mavzu muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qayd etilganidek, bu yil yurtimizda Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining yig‘ilishi o‘tkaziladi. Samarqand 2023 yilda Jahon turizm poytaxti bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, 2023 yil Vatanimizning boy madaniyati va turistik salohiyatini jahonga targ‘ib qilish yili bo‘lishi kerak. Bunda referendumga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining xalqimiz tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanishi katta ahamiyat kasb etadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech