“Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashadi. Davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratadi”. Ushbu normalar yangi Konstitutsiya loyihasining 56-moddasida mustahkamlanmoqda.
29 mart kuni Toshkent viloyati Zangiota tumani Axborot-kutubxona markazida “Biz yangi Konstitutsiyadan nimalar kutyapmiz” mavzusida o‘tkazilgan uchrashuvda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi va bo‘lajak referendumning mohiyati hamda ahamiyati haqida fikr yuritildi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamqorlikda tashkil etildi.
Davlat va huquq instituti direktorining o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Abdumannop Tulyaganov yangi Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyatiga batafsil to‘xtaldi. Muloqot asnosida ishtirokchilarning savollariga atroflicha javob berildi.
Uchrashuv yakunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Axborot-kutubxona markaziga inson huquqlariga oid 300 dona yangi kitob topshirildi.
Bu huquqiy adabiyotlar turkumi akademik Akmal Saidov mas’ul muharrirligida konstitutsiyaviy islohotlar doirasida nashr qilingan kitoblar, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning Konstitutsiyalari, shuningdek, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining barcha nashrlaridan iborat.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.03.2023
- Ko'rishlar: 4214
- Chop etish