Buxoroda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda bir qator tadbirlar oʻtkazildi. Xususan, Abu Ali ibn Sino nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Konstitutsiya va inson huquqlari burchagi”ni tashkil etishga bagʻishlangan marosim esda qolarli kechdi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi Buxoro akademik litseyining bir guruh oʻquvchilari — faol kitobxonlar, ziyolilar ishtirok etishdi. Marosimda soʻz olgan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori birinchi oʻrinbosari, yuridik fanlari doktori, professor M. Tillabayev, OʻzFA Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlari doktori, professor M. Turgʻunov, Oliy Majlis Senati aʼzosi A. Huseynova mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida huquqiy taʼlimning oʻrni va ahamiyati toʻgʻrisida toʻxtaldilar.
— Bugun viloyat axborot-kutubxona markaziga 200 ga yaqin huquqiy mavzudagi adabiyotlar topshirildi, — deydi biz bilan suhbatda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi boʻlim boshligʻi, yuridik fanlari nomzodi, dotsent Farhod Hayitboyev. — Inson haq-huquqlari, gender tenglik, bola huquqlari kabi qator dolzarb masalalarni qamrab olgan bu toʻplam va risolalar, shuningdek, xorijiy davlatlar Konstitutsiyalari va Bosh qomusimizni qiyoslash imkonini beruvchi oʻzbek tilidagi adabiyotlar, tarjima asarlarni barcha kutubxonalarda ham uchratavermaysiz. Ular mana shu jihati bilan ham kamyob va noyobdir. Markazimiz saʼy-harakati bilan Qoraqalpogʻiston respublikasi hamda barcha viloyatlar kutubxonalariga ana shunday adabiyotlar topshirilyapti.
Tadbir ishtirokchilari shuningdek, Buxoro viloyat “NNT va Doʻstlik” uyida boʻlib, nodavlat-notijorat tashkilotlari faollari va milliy-madaniy markazlarning vakillari bilan uchrashdilar.Samimiy ruhda kechgan muloqotda muhim siyosiy tadbir — Referendum, yangilanayotgan Konstitutsiya, uning mazmun-mohiyati haqida fikr-mulohaza yuritildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”
- Qo'shildi: 30.03.2023
- Ko'rishlar: 3958
- Chop etish