30 mart kuni Buxoro Davlat universitetida shu mavzuda muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Fanlar Akademiyasining Davlat va huquq instituti hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Muloqotga Buxoro Davlat universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor O.Hamidov moderatorlik qildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor M.Tillaboev, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor M.Mamasidiqov, Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Murodjon Turg‘unov, Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar nomzodi, dotsent F.Hayitboev so‘zga chiqdilar.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xalqimiz taklif-istaklari va xalqaro ekspertlar xulosalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Shu ma’noda, ayni vaqtda hal qiluvchi bosqichga kirgan konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat, millat va xalq sifatida yaqin va uzoq istiqbolimizni aniqlab olish uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadamdir. Yangi Konstitutsiya loyihasida yoshlar masalasiga oid normalar alohida bobda o‘z ifodasini topmoqda.
Xususan, yangilanayotgan Konstitutsiyamizga ko‘ra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirish, ularning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi, o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini o‘z zimmasiga olmoqda. Bu, o‘z navbatida, Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligidan dalolatdir.
Yana bir muhim jihat: Konstitutsiya loyihasida shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarning asosiy prinsiplari yangicha mezon bo‘yicha, ya’ni “inson – jamiyat – davlat” tamoyili negizida o‘rnatilmoqda. Shu asosda davlat hokimiyatining tuzilishi, uning sub’ektlari va hokimiyatni amalga oshirish mexanizmlari belgilanmoqda, jamiyat, inson va fuqaroning davlat tomonidan qo‘riqlanadigan huquqlari mustahkamlanmoqda.
Uchrashuv samimiy ruhda o‘tdi. Talaba-yoshlarning barcha savollariga javob berildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.03.2023
- Ko'rishlar: 4114
- Chop etish