30 mart kuni Buxoro viloyati Nodavlat notijorat tashkilotlarining do‘stlik uyida ushbu viloyatda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faollari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. U bo‘lajak referendum va Yangi Konstitutsiya loyihasiga bag‘ishlandi.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Fanlar Akademiyasining Davlat va huquq instituti hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor M.Tillaboev qayd etganidek, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish va jamoatchilik nazorati institutini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim normalar kiritilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda ochiqlik siyosatini yangi bosqichda izchil davom ettirishdir.
Bu o‘rinda, avvalo, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilayotgani va ular faoliyatining kafolatlari belgilanayotganini ta’kidlash lozim. Bularning barchasi, o‘z navbatida, jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi.
Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 13-bobi, 69-75-moddalari fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining kafolatlariga bag‘ishlangan. Mazkur o‘zgarishlarning mohiyati haqida to‘xtalganda, birinchi navbatda, Konstitutsiyaga ilk bor “fuqarolik jamiyati institutlari” iborasi kiritilayotganiga e’tibor qaratish zarur.
Yangi Konstitutsiya loyihasining 69-moddasida jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati institutlari qatorida qayd etilmoqda. Loyihaning115-moddasida esa Vazirlar Mahkamasiga fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirish vazifasi yuklatilmoqda.
Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlariga O‘zbekiston Respublikasi byudjetining shakllantirilishi va ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish vakolati berilmoqda. Bunday muhim vakolat yangi Konstitutsiya loyihasining 148-moddasida belgilanmoqda.
Bundan tashqari, davlat organlari va mansabdor shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga aralashishiga, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligi Asosiy qonun darajasida mustahkamlanmoqda.
Davra suhbati ishtirokchilarining fikricha, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining keng ko‘lamda mustahkamlanayotgani juda muhim. Bu yangi konstitutsiyaviy normalar O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining roli va ahamiyatini kuchaytirish hamda ijtimoiy faolligi va faoliyatining samaradorligini oshirishga xizmat qilishi tayin.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.03.2023
- Ko'rishlar: 5247
- Chop etish