Konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlandi

30 mart kuni Buxoro viloyati Romitan tumani ichki ishlar bo‘limida referendum va konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan  muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Fanlar Akademiyasining Davlat va huquq instituti hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor M.Tillaboev o‘z so‘zida qayd etganidek, yangi Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasi asnosida ommaviy axborot vositalari, Internet tarmoqlari orqali loyiha bilan 5 million aholi tanishib, 150 mingdan ortiq taklif va mulohazalar bildirilgan. Shu bilan birga, mehnat jamoalari, oliygohlar, mahalla faollari va ziyolilar bilan bo‘lib o‘tgan muhokamalarda ham yana qariyb 10 mingta qo‘shimcha taklif kelib tushgan.

Bundan tashqari xalqaro-huquqiy hujjatlar va 190 dan ortiq davlatlar tajribasi o‘rganilib, loyiha 6 turdagi ekspertizadan o‘tkazilgan. Bu, o‘z navbatida, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani, Bosh Qomusimiz tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotganidan dalolat beradi.

Uchrashuvda, shuningdek, referendum tushunchasi, referendumning saylovlardan farqi, O‘zbekiston tarixidagi referendumlar, mamlakatimizning yangilanayotgan Konstitutsiyasi referendumga qo‘yilishining mohiyati va ahamiyati haqida aniq tahliliy ma’lumotlar berildi.

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech