31 mart kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “O‘zbekistonning 4-Universal davriy hisoboti sikli bo‘yicha vebinar: Universal davriy hisobot doirasida milliy hisobot tayyorlashning eng yaxshi amaliyoti” mavzusida onlayn vebinar o‘tkazildi. Tadbir BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi “UPR info” nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Milliy seminarda Universal davriy hisobot doirasida milliy hisobotlarni tayyorlash bo‘yicha asosiy talablar bilan tanishildi. Vebinarda 20 dan ziyod davlat organi vakillari, mutaxassislar va ekspertlar ishtirok etdi.
Dastlabki sessiyada Universal davriy hisobot mexanizmi va O‘zbekistonning 4-Universal davriy hisoboti siklining xronologiyasi haqida so‘z yuritildi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi Universal davriy hisobot bo‘linmasining inson huquqlari bo‘yicha vakili Jeroen Klok o‘z ma’ruzasida Universal davriy hisobot, uning tuzilishi va tarkibi, shuningdek, unga qo‘yiladigan dastlabki talablar to‘g‘risida ishtirokchilarga ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur jarayonlar to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlarga ega bo‘lish hisobotni muvaffaqqiyatli tayyorlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Ikkinchi sessiya Universal davriy hisobot doirasida milliy hisobot ishlab chiqish va taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatmalar mavzusiga bag‘ishlandi. Unda “UPR info” tashkilotining dasturiy katta menejeri Nargiza Arupova dastlab mazkur tashkilot to‘g‘risida ma’lumot berdi. Uning qayd etishicha, “UPR info” Jeneva shahrida joylashgan nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, o‘z faoliyatini Universal davriy hisobot jarayoni ishtirokchilari, ya’ni hukumatlar, BMT organlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, parlamentlar, sud organlari, ilmiy doiralar, ommaviy axborot vositalari vakillarining bu sohadagi xabardorligini oshirishga qaratgan.
O‘z navbatida, “UPR info” tashkilotining dasturiy muvofiqlashtiruvchisi Laura Sinner Universal davriy hisobot doirasida ishlab chiqiladigan milliy hisobotning shakli va mazmuniga oid talablar, xususan, hisobotning hajmi, tuzilishi, ma’lumotlar ketma-ketligi, havolalar tartibi, ilovalarning muvofiqligi va shu kabi boshqa mezonlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Shuningdek, 3-sessiya doirasida Universal davriy hisobot milliy hisoboti loyihasini ishlab chiqishdagi eng yaxshi amaliyotlar ko‘rib chiqildi. Bunda, jumladan, Italiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Gonduras davlatlarining bu boradagi tajribasiga alohida urg‘u berib o‘tdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi. Shu bilan birga, “UPR info” tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonning 4-Universal davriy hisobotini taqdim etishga bag‘ishlangan dastlabki tayyorgarlik sessiyasini hamkorlikda o‘tkazishga kelishib olindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 31.03.2023
- Ko'rishlar: 4136
- Chop etish