“Konstitutsiya va inson huquqlariga oid adabiyotlar” burchagi tashkil qilindi

3 aprel kuni Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyat Axborot-kutubxona markazida “Konstitutsiya va inson huquqlariga oid adabiyotlar” burchagi tashkil qilindi va “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tadigan referendumga bag‘ishlangan muloqot tashkil etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan o‘tkazilgan ushbu tadbirlarda Axborot-kutubxona markazi jamoasi va kitobxonlar ishtirok etdi.

Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i Kamila Olimova ishtirokchilarga so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari haqida so‘zlab berdi. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda xotin-qizlar huquqlariga oid normalarning mustahkamlanishi bu yo‘nalishdagi eng muhim va yangi qadamlar ekani ta’kidlandi. 

Har bir inson o‘z huquqlarini bilishi va ularni amalga oshirishi uchun o‘z huquqlari va erkinliklari haqida xabardor bo‘lishi inson, jamiyat va davlat rivojida katta ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida bu borada bir qator vazifalar belgilab berilgan.

Qaror ijrosi doirasida, jumladan, yurtimizning barcha hududlaridagi  axborot-kutubxona markazlarida “Konstitutsiya va inson huquqlariga oid adabiyotlar” burchagi tashkil qilinmoqda. O‘z navbatida, Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyat Axborot-kutubxona markazida ham shunday burchak tashkil etildi va unga Milliy markaz tomonidan kitoblar taqdim etildi.

Tadbirda Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti  direktori M.Turg‘unov so‘zga chiqib, bo‘lajak referendumning ahamiyati, yangilanayotgan Konstitutsiyaning zarurati, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashda inson huquqlari sohasidagi ta’limning  o‘rni haqida to‘xtaldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan inson huquqlari sohasidagi ta’limga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu borada O‘zbekistonning jahon hamjimiyatida tutgan muhim mavqei xususida  atroflicha fikr yuritildi.

Samimiy muloqot tadbir ishtirokchilariga manzur bo‘ldi. Axborot-kutubxona markazi jamoasi va kitobxonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

         Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech