Folker Tyurkdan minnatdorchilik maktubi keldi

Shu yil 13-15 mart kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurkdan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov nomiga rasmiy xat keldi.

Maktubda Milliy markazda o‘tkazilgan uchrashuv va O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida erishgan yutuqlari bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlar uchun minnatdorchilik bildirilgan.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari xatida, shuningdek:

“Shu vaqtgacha Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi O‘zbekistonda inson huquqlarini ilgari surish sohasidagi yetakchi hamkorimiz bo‘lgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi hamda bu borada hisobot taqdim qiladigan, tavsiyalarimizni amaliyotga tatbiq etadigan va boshqa uzviy sa’y-harakatlarni amalga oshiradigan milliy mexanizm hisoblanadi”, deb alohida qayd etilgan.

Shuning barobarida, Folker Tyurk ta’kidlaganidek: “mustaqil fuqarolik jamiyati bilan o‘zaro hamkorlik hali ham, ayniqsa,  Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Global forumning Yakuniy hujjatini amalga oshirishda yetakchi ahamiyatga ega”.

Xatda ma’lum qilinishicha, F.Tyurkning tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvidagi kelishuvga muvofiq, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy ofisi kelgusida O‘zbekistonda o‘rnatilgan tartibda xalqaro maqomda faoliyat olib borishiga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda.

BMT Oliy komissari xatiga tashrif yakunlari bo‘yicha tavsiyalar va izohlar ro‘yxati taqdim etilgan. Ushbu tavsiya va izohlar “Sizning hamkasblaringiz, tegishli davlat organlari, Ombudsman va fuqarolik jamiyati bilan birgalikda muhokama etilgan masalalar asosida tayyorlandi”, deyiladi maktubda.

Ayni vaqtda Milliy markazda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari tavsiyalari asosida “Yo‘l xaritasi” loyihasini ishlab chiqishga kirishildi. Loyiha tayyor bo‘lgach, belgilangan tartibda tasdiqlash uchun taqdim etiladi.

        

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech