"Biz referendumda yangilanayotgan Konstitutsiya uchun ovoz beramiz!”

3 aprel kuni  Farg‘ona viloyati Toshloq  tumanidagi xorijiy tillarga  ixtisoslashgan 2-sonli  umumiy o‘rta  ta’lim maktabida shu mavzuda  davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari,  ijodiy-madaniy ishlar bo‘yicha targ‘ibotchilar ishtirok etgan  madaniy-ma’naviy tadbirda dastlab yangilanayotgan Konstitutsiyamizdagi yangi demokratik qoidalarning mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi.

Shuningdek, demokratiyaning eng muhim shartlaridan biri – davlat va jamiyat ahamiyatiga molik masalalarni hal qilishda xalqning bevosita ishtirokini ifodalaydigan referendumning ahamiyati haqida fikr yuritildi. 

Tadbirda   Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i Komila Olimova va Milliy markaz mas’ul xodimi Hamidullo Mo‘minov, Davlat va huquq instituti direktori, yuridik  fanlar  doktori, professor   Murodjon Turg‘unov, mazkur institut bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Ahror Xudoyberdiev so‘zga chiqdi. Ular tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil konstitutsiyaviy islohotlar “Avval inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oya asosida erkin, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlatni shakllantirish va taraqqiy etirishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekani alohida ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan  O‘zbekiston Respublikasi  umumxalq referendumida  barchani   faol ishtirok etishga chaqirdilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech