4 aprel kuni Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon viloyat Axborot-kutubxona markazida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan bo‘lib o‘tadigan referendumga bag‘ishlangan muloqot o‘tkazildi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i Komila Olimova so‘zga chiqib, mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson huquqlarini himoya qilish, xususan, xotin-qizlarning ta’lim olish va mehnatga oid huquqlarini himoya qilish sohasidagi islohotlar samaralari haqida gapirdi. Yangilanayotgan Konstitutsiyadagi ayollar huquqlari va erkinliklarini ifoda etuvchi yangi qoidalarning mohiyati va ahamiyatiga to‘xtaldi.
O‘z navbatida, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov yurtimizda inson manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida so‘zladi. Bu yo‘nalishda tarixiy qadriyatlarimizning o‘rni va ahamiyatiga urg‘u berar ekan, ma’ruzachi yangilanayotgan Konstitutsiya matniga 27 ta yangi modda kiritilayotgani, xususan, ekologik huquqlarga doir normalar ham aks ettirilganini alohida ta’kidladi.
Tadbirda Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zosi M. G‘anieva, Milliy markaz xodimi X.Mo‘minov, O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining Andijon hududiy bo‘linmasi mas’ul xodimlari A.Uzoqjonov va F.Otaxonov, viloyat faollari, shoirlar Farid Usmon va Durbek Qo‘ldoshev, shuningdek, Axborot-kutubxona markazi jamoasi ishtirok etdi.
Tadbir yakunida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Andijon Axborot-kutubxona markazida “Konstitutsiya va inson huquqlariga oid adabiyotlar” burchagi tashkil etildi. Kutubxonaga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi nomidan ayni mavzudagi kitoblar taqdim etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.04.2023
- Ko'rishlar: 3956
- Chop etish