Andijonda “Konstitutsiyada inson qadri va yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi mas’uliyat” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi Davlat va huquq instituti, Nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi hamkorligida Andijon shahridagi Ma’rifat uyida tashkil etildi. Unda xalq deputatlari mahalliy kengashlar deputatlari, siyosiy partiyalar, viloyatda faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, yurt, jamiyat ravnaqi, fuqarolar huquq va manfaatlari himoyasini mustahkamlashdagi ahamiyati xususida so‘z yuritildi.
Tadbirda senator, Andijon tumanidagi “Orol” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Matluba G‘aniyeva, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori Murodjon Turg‘unov “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi, mazkur qonun loyihasini ma’qullash bo‘yicha joriy yil 30 aprel kuni o‘tkaziladigan umumxalq referendumi yuzasidan fikrlar bildirdi, yangilanayotgan konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar, yangi modda va normalar haqida gapirdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti mutaxassislarining “Konstitutsiyada inson qadri va yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi mas’uliyat”, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendum: mohiyat va tartib-taomillar” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi hamda referendum bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA
- Qo'shildi: 05.04.2023
- Ko'rishlar: 4029
- Chop etish