5 aprel kuni Toshkentda shu mavzuda xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Barqaror rivojlanish markazi tomonidan tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva xalqaro konferensiya ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va Hindistonning mamlakatimizdagi elchisi Manish Prabxat anjuman ishiga muvaffaqiyat tilar ekan, O‘zbekiston tarixida noyob tajriba – “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkazilib, referendum orqali tasdiqlash uchun izchil demokratik jarayon amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladilar.
Xususan, A.Saidov qayd etganidek, hozirgi kunda jahon miqyosida qariyb 500 ta amaldagi Konstitutsiya mavjud. Shundan salkam 200 tasi – mustaqil davlatlar Konstitutsiyalari hisoblansa, qolgan 300 tasi – federatsiyalar sub’ektlarining Konstitutsiyalaridir. XXI asrning o‘tgan davrida dunyo mamlakatlarida 57 ta yangi Konstitutsiya qabul qilingan va parlamentlar tomonidan Konstitutsiyalarga kiritiladigan o‘zgartirishlar 785 marotaba muhokamadan o‘tkazilgan. Bir so‘z bilan aytganda, dunyo yangi konstitutsiyaviy davrga qadam qo‘ydi.
Xalqaro anjumanda Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) makonini konstitutsiyaviy rivojlantirishning umumiy qonuniyatlari, shuningdek, ShHT mamlakatlarining konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini hisobga olish sohasidagi tajribasi muhokama qilindi. Tadbirga Barqaror rivojlanish markazi Boshqaruv kengashi raisi, falasafa fanlari doktori Ma’rufjon Usmonov moderatorlik qildi.
Konferensiya ishida mamlakatimizning tegishli davlat tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, huquqshunos olimlar, akademik hamjamiyat hamda tahliliy markazlar ekspertlari faol ishtirok etdi. Shuningdek, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistondan xorijiy ekspertlar so‘zga chiqdi.
Ishtirokchilar fikricha, ShHT mamlakatlarining konstitutsiyaviy rivojlanishi tajribasi:
- islohotlarni shaxsga yo‘naltirish, uning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish;
- inson va tabiatning uyg‘unligini ta’minlash;
- mol-mulk va xususiy mulkni himoya qilish;
- ijtimoiy davlat tamoyillari va normalarini belgilash;
- oila, onalik va otalik institutini qo‘llab-quvvatlash;
- ta’lim va fundamental ilmiy kashfiyotlarni moliyalashtirish va rag‘batlantirish;
- yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish kabi muhim tendensiyalarni ochib berdi.
Ushbu konstitutsiyaviy qoidalar ShHT mamlakatlarining BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surish va tizimli amalga oshirish bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi faoliyati uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, ShHT faoliyati kambag‘allikka qarshi kurash, yoshlar va gender siyosati, sog‘liqni saqlash, ekologiya, elektron tijorat va iqtisodiyotni raqamlashtirish, transport, savdo va tadbirkorlik sohalaridagi hamkorlik masalalariga ham qaratilgan. Binobarin, ShHTni 2025 yilgacha rivojlantirish strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalar ko‘p jihatdan BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohangdir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.04.2023
- Ko'rishlar: 3896
- Chop etish