Muhtaram honimlar va janoblar!
Qadrli mehmonlar!
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
Barchangiz bilan ushbu muhim, shu bilan birga, katta ahamiyatga ega anjumanda uchrashib turganimdan hursandman.
Bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan davrda mamlakatimizning dunyodagi nufuzli xalqaro tuzilmaga aylangan Shanxay hamkorlik tashkiloti va unga a’zo davlatlarning barchasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda.
Ayniqsa, mamlakatlarning siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar, energetika, transport va boshqa sohalardagi hamkorlik munosabatlari tobora yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarda bo‘layotgan o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekistonning doimiy diqqat markazida.
Bugungi mavzu ham bejiz Barqaror rivojlanish maqsadlari, Konstitutsiya hamda Shanxay Hamkorlik tashkiloti davlatlarining tajribasiga bag‘ishlanmagan.
Zero, Shanhay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarda bo‘lib o‘tgan konstitutsiyaviy islohotlar, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha qo‘lga qiritilgan natijalar biz uchun nihoyatda ahamiyatlidir.
Chunki, “Shanxay ruhi” tamoyili asosida birdamlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash orqaligina mintaqada tinchlik, farovonlik hamda barqaror rivojlanishni ta’minlashimiz mumkin.
Albatta, konstitutsiyaviy islohotlar haqida to‘xtalar ekanmiz, birgina XXI asrda dunyoning 90 ga yaqin davlatida konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli o‘tkazilganligini, ularning 57 tasida yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinligini ta’kidlash joiz.
Bugun o‘zbek xalqi Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasi bilan yashamoqda. Bu – shunchaki xohish-istak, sub’ektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan ob’ektiv zaruratdir.
Bugun barchamiz juda katta tarixiy voqea arafasida turibmiz.
Boisi xalqimizning xohish-irodasi, orzu-intilishlari hamda pirovard maqsadlarini ro‘yobga chiqarish imkonini beruvchi yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi ishlab chiqildi. Bu jarayonda xalqaro tajriba, shu jumladan Shanxay Hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning tajribasi e’tiborga olindi.
Uzoq muhokama va munozaralar asosida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasini haqiqiy xalq Konstitutsiyasi deb aytishimiz uchun barcha asoslar yetarli.
Yangilanayotgan Qomusimizda inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda bag‘rikenglik va inson huquqlariga doir madaniyatni shakllantirish, barqaror rivojlanishning eng muhim vazifalari o‘z aksini topdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilinmoqda. Davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb 3 baravarga ortmoqda.
Umuman olganda amaldagi Konstitutsiya normalarining 65 foizi yangilanmoqda va ularning barchasi Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladi.
Albatta, oldimizda hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar juda ko‘p.
“Xalq – qonunlarning yagona manbai va muallifidir” tamoyilidan kelib chiqib, ushbu konstitutsiyaviy qonunni 30 aprel kuni umumxalq referendumi asosida qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Referendumdan keyin barchamizni katta ishlar kutib turibdi.
Amaldagi qonunchiligimizni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishimiz, boshlagan islohotlarimizni izchil davom ettirishimiz lozim.
Barchamiz referendum orqali xalqning qo‘llab-quvvatlashi bilan konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli yakunlanishiga qat’iy ishonch bildiramiz.
Bugungi anjumanimizda tajribali, hurmatli milliy ekspertlar bilan bir qatorda Shanxay Hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning yetuk olim va mutaxassislari Chjao Chanven, Pravesh Kumar Gupta, Valentin Gusev, Chingiz Aydarbekov janoblari hamda Zere Utebaeva va Asel Serikovna Aben xonimlar ishtirok etmoqda.
Barchamiz sizlarning yuksak bilimingizga va ulkan tajribangizga ishonamiz.
O‘ylaymanki, bugungi anjuman bahs-munozalarga va takliflarga boy, qizg‘in ruhda o‘tadi.
Barchangizga tinchlik-omonlik, sihat-salomatlik, baxtu saodat va ulkan yutuqlar tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat!
- Qo'shildi: 05.04.2023
- Ko'rishlar: 3822
- Chop etish