Kuni kecha kun.uz saytida, bugun boshqa bir qator saytlarda ham Qo‘qon davlat pedagogika instituti yotoqxonasining talaba qizlari yashovchi xonasiga yashirin kamera o‘rnatilganligi to‘g‘risida xabar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, yotoqhona komendanti “Wi-Fi” signali yo‘qolib qolayotgani sababli uni kuchaytiruvchi moslama o‘rnatilishi lozimligini aytib, institut yotoqxonasining talaba qizlari yashovchi xonasiga moslama o‘rnattirgan.
Qizlar moslamadan shubhalanib uni yechib olishgan va mutaxassislarga ko‘rsatishganida bu yashirin kamera ekanligi, uning 128 GB xotirasi borligi va yozib olingan ma’lumotlarni onlayn uzatish imkoniyatiga egaligi ma’lum bo‘lgan. Kamera xotirasiga qizlarning kiyimsiz videolari va boshqa holatlar yozib olingan.
Ushbu masalada qizlar Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan. Ayni paytda holat profilaktika inspektori tomonidan o‘rganilmoqda. O‘rganish natijalariga ko‘ra talaba qizlarning keltirgan vajlari o‘z tasdig‘ini topsa, ularning bir qator huquqlari buzilgan hisoblanadi.
Jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 12-moddasida hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomus va sha’niga o‘zboshimchalik bilan tajovuz qilinishi mumkin emasligi belgilangan.
Xuddi shunga o‘xshash norma Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 17-moddasida ham nazarda tutilgan. Shuningdek, har bir inson bunday aralashuv yoki tajovuzdan qonun orqali himoya etilish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 27-moddasida: “Har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas”, deb belgilangan.
Ta’kidlash joizki, shaxsning shaxsiy hayot daxlsizligi qonun bilan muhofaza qilinadi. Uning buzilishi esa fuqarolik, ma’muriy va jinoiy javobgarlikni yuzaga keltiradi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksning 100-moddasida (Sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish), fuqaro o‘zining sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar yuzasidan, basharti bunday ma’lumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga to‘g‘ri kelishini isbotlay olmasa, sud yo‘li bilan raddiya talab qilishga haqli ekanligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 461-moddasi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish uchun – ma’muriy;
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 1411-moddasi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish uchun – jinoiy javobgarlikni yuzaga keltiradi.
Shuningdek, ushbu holatda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish holatini ham ko‘rish mumkin. Bu, o‘z navbatida, boshqa ma’muriy va jinoiy javobgarliklarni yuzaga keltiradi.
- Qo'shildi: 05.04.2023
- Ko'rishlar: 3973
- Chop etish