NOGIRONLIGI BO‘LGAN SHAXSLAR YANGILANAYOTGAN KONSTITUTSIYA HIMOYASIDA

Kuni kecha “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va “Barqaror rivojlanish markazi” tomonidan Brayl alifbosida chop etildi.

Shuni ham qayd etish joizki, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya talablariga muvofiq, 2020 yilda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun Brayl alifbosida nashr etilgan.

Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha davlat tomonidan tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, “davlatning erkaklar va ayollar, oilalar va bolalar, yoshlar va nuroniylar, nogironligi bor shaxslar, mamlakatda yoki uning tashqarisida bo‘lishidan qat’i nazar, barcha insonlar haqida qayg‘urishi Konstitutsiyada mustahkamlanishi zarur”.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning bosh maqsadi – inson, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat deb tan olgan O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi xohish-irodasini ro‘yobga chiqarishdir. Mazkur ezgu maqsadni amalga oshirish borasida yangilanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi matni tayyorlandi.

Bu jarayonda, dastavval, xalqimizning fikri, takliflari o‘rganildi. Dastlabki bosqichda, jumladan, fuqarolarimizdan 60 mingdan ziyod taklif olindi. Ularning taxminan har to‘rttasidan bittasi yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasidan joy oldi. Keyingi bosqichda esa, loyiha umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Ommaviy axborot vositalari, Internet tarmoqlari orqali loyiha bilan 5 million aholi tanishib, 150 mingdan ortiq taklif va mulohazalar bildirdi.

Shu bilan birga, mehnat jamoalari, oliygohlar, mahalla faollari va ziyolilar bilan bo‘lib o‘tgan muhokamalarda yana qariyb 10 mingta qo‘shimcha taklif kelib tushdi. Ayni paytda xalqaro-huquqiy hujjatlar va 190 dan ortiq davlat tajribasi o‘rganilib, loyiha 6 turdagi ekspertizadan o‘tkazildi.

Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni, Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.

Binobarin, yangilanayotgan Konstitutsiyani O‘zbekistonning har bir fuqarosi ishonch bilan “Bu mening Konstitutsiyam” deb ayta oladi. Nega deganda, unda aholimiz barcha qatlamlarining manfaatlari aks ettirilgan, taklif va tavsiyalari inobatga olingan, bugunimiz hamda kelajagimiz bilan bog‘liq orzu-niyatlari mujassamini topgan.

Eng muhimi, yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilishi taklif etilayotgan normalarning yarmidan ko‘pi insonning huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolatlarini kuchaytirish va mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan. Jumladan, loyihaning 57-moddasiga muvofiq, mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidadir.

Davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘radi.

Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar ob’ektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashadi, ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlaydi.

Shu bilan bir qatorda, yangilanayotgan Konstitutsiyaning 70-moddasida O‘zbekiston Respublikasida kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar tashkilotlari, faxriylar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar hamda fuqarolarning boshqa birlashmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi, deb belgilanmoqda.

Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 115-moddasida esa Vazirlar Mahkamasi: “aholini, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi”, deb qayd etilgan.

Ma’lumki, mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – im­koniyati cheklangan shaxslarga yangilanayotgan Konstitutsiyada nazarda tutilgan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquq va erkinliklarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa fuqarolar bilan teng imkoniyatlarni ta’minlash hisoblanadi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda 1 millionga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxs, jumladan, 100 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bola istiqomat qilmoqda. Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar insonni, shu jumladan, nogironligi borligi tufayli kamsitmaslik prinsipi yotadi.

O‘zbekiston tomonidan 2021 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Mamlakatda nogironlarning barcha huquq va erkinliklarini ta’minlashning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan.

Milliy parlamentimiz 2020 yilda yangi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Mamlakatamizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, mazkur qonun bilan bir qatorda, “Ta’lim to‘g‘risida”, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”, “Aholi bandligi to‘g‘risida”, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”, “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonunlar, Mehnat kodeksi, Saylov kodeksi kabi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Bunday mustahkam qonuniy baza mazkur toifa vakillariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, malakali tibbiy xizmatlardan foydalanishi, o‘z iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, muxtasar aytganda, o‘zlarini jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi deb his etishlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish imkonini bermoqda. Zero, nogironligi bo‘lgan fuqarolar – jamiyatimizning uzviy va ajralmas qismidir.

O‘z navbatida, «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining Brayl alifbosida chop etilgani ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash va amalga oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

 

Akmal SAIDOV,

Konstitutsiyaviy komissiya raisi,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

Oʼzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi

Meningkonstitutsiyam

Powered by GSpeech