Ta’lim – davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi

Mamlakatimizda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat sanaladi. Shu bois “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasida ham inson qadri, uning huquqi har jabhada daxlsiz bo‘lishi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda. Shuning uchun ham ta’lim olish insonning fundamental huquqlaridan biridir. Mamlakatimizda yoshlarning puxta bilim olishi, kasb-hunar egallashi milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida kamol topishi yo‘lida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylannan. Buni yurtimizda 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilgani ham yaqqol tasdiqlaydi.

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi 51-moddasida fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli ekani ko‘rsatilgan. Oliy ta’lim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqot o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega ekani belgilanmoqda. Ya’ni, har kim davlat ta’lim tashkilotida tanlov asosida bepul oliy ma’lumot olishga haqli. Davlat iste’dodli yoshlarning moddiy ahvolidan qat’i nazar, ta’limni davom ettirishini kafolatlaydi. Davlatga qarashli, xususiy va boshqa shakldagi ta’lim muassasalari hamda tashkilotlarini rivojlantirish uchun davlat teng shart-sharoit yaratadi. Ilm olaman, bilim olaman, degan har bir insonga keng imkoniyat yaratib berilmoqda. Bundan samarali foydalanish har kimning o‘z qo‘lida.

Konstitutsiya loyihasining 52-moddasida O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitish asosi sifatida e’tirof etiladi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qiladi, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi uchun g‘amxo‘rlik qiladi.

Pedagog xodimlarni majburiy mehnat va turli jamoatchilik ishiga jalb qilish holatiga chek qo‘yilgani, ta’lim muassasalarida qog‘ozbozlikka barham berilayotgani bugun ijobiy natija bermoqda. Olis hududlardagi maktablarda dars berish uchun jalb etilgan yuqori toifali o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi yana bir muhim qadam bo‘ldi. Zamon bilan hamqadam jonkuyar, ziyoli o‘qtuvchilar ko‘paysin. Faqat malakali pedagoglar yordamida biz ta’limni rivojlantiramiz, buyuk davlat qura olamiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekistonning maktab bitiruvchisi zamonaviy ko‘nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs bo‘lib shakllanishi zarur. Bu ezgu maqsadga erishish uchun  maktablarning o‘quv dasturi, o‘qitish uslubi, darsliklar mazmunini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni albatta mantiqiy yakuniga yetkazamiz” deya ta’kidlagan.

bugungi kunda barcha davlatlarda inson huquqi bo‘yicha sifatli ta’limni amalga oshirish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunda inson huquqi bo‘yicha ta’lim jamiyatda inson huquqi madaniyatini rivojlantirishning samarali strategiyasi sifatida e’tirof etilayotgani e’tiborga loyiq.

Yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar tufayli iqtidorli yoshlar o‘zlari hohlagan ta’lim turini tanlashi, o‘zlari qiziqan sohada ishlashi mumkin. Shuningdek, fuqarolarga davlat va jamiyat boshqaruvining barcha bosqichlarida faol ishtirok etish, har bir qabul qilinayotgan muhim hujjat ijrosida o‘z ovoziga ega bo‘lish imkoniyati ham yaratib berilmoqda. Umuman, Yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga hamohang tarzda o‘zgartirilayotgan Konstitutsiya qabul qilinishi har birimizning ertangi kunimiz kafolatidir.

Dilnoza Rahimova,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari”

jurnali tahririyati mutaxassisi

O‘zA

Powered by GSpeech