Xabaringiz bor, mamlakatimiz muhim tarixiy voqea oldida turibdi. Joriy yil 30 aprelda Konstitutsiyasiga o‘zgarish va qo‘shimcha kiritilishi munosabati bilan referendum o‘tkaziladi. Ahamiyatlisi, bu tarixiy jarayonga chet elliklar ham e’tiborsiz emas.
Hamdi Abulaynayn, Misr to‘qimachilik jamiyati raisi, Qolubiya viloyati Savdo-sanoat palatasi rahbari o‘rinbosari:
– Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan ko‘p qirrali va izchil siyosat respublikani har tomonlama rivojlantirish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan. Bu maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun asosiy qonunga o‘zgarish va qo‘shimcha kiritish davr talabiga aylandi. O‘zbekistonda kechayotgan jarayonning doimiy kuzatuvchisi sifatida aytishim mumkinki, yangi konstitutsiyani ishlab chiqishdan oldin mutaxassislar dunyo tajribasini o‘rganish barobarida xalq takliflarini inobatga olishga ham urg‘u berishdi. Loyiha xalq muhokamasidan o‘tganidan keyingina yangi moddalar bo‘yicha referendum sanasi belgilanganini ham olqishlash lozim.
Jarayonda, eng avvalo, inson huquqi va erkinligini ta’minlash, mamlakat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turmush darajasini oshirish, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishga jiddiy e’tibor berilgan.
Yangilanajak Konstitutsiyada barcha sohalarni rivojlantirish qat’iy belgilandi. Milliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, qulay investitsiya muhiti yaratishga alohida urg‘u berildi. Parlamentni rivojlantirish masalasi ham muhim o‘rin egalladi, chunki bu institut xalqning xohish-irodasini ifodalaydi.

Yanosh Xovari, Turkiy davlatlar tashkilotining Budapeshtdagi vakolatxonasi rahbari:
– Har bir mamlakatning asosiy hujjati hisoblangan Konstitutsiya mazmuni, qoidasi muayyan davlatning milliy an’analariga asoslanadi. Shu bilan birga ayni hujjat davr o‘tishi bilan yangilanishi, yangi zamon talabiga moslashishi shart.
Insoniyatga xavf solayotgan global inqiroz, jumladan, energetika va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rish, tashqaridan kelayotgan tahdid va xavf-xatarlarga qarshi turish talab etilayotgan bir sharoitda O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohot masalasi ilgari surilishi o‘ta dolzarb va o‘rinli. Zero, ayni jarayon bugungi kunda sodir bo‘layotgan voqeliklarga javob tariqasid, mamlakatda demokratiyani, demokratik qadriyatlarni yanada mustahkamlash, aholi uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyili asosida munosib turmush sharoiti yaratib berishni maqsad qilgan.

Asushi Ogixara, Yaponiyaning yetakchi Vaseda universiteti dekani o‘rinbosari, professor:
– Ta’lim – davlat va jamiyat ravnaq topishi, barqarorlikka erishishida juda muhim omil hisoblanadi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng ta’lim, ilm-fan, tadqiqotlarga davlat darajasida e’tibor qaratilishi natijasida Yaponiya nisbatan qisqa muddatda barcha sohalarda dunyoning rivojlangan davlatlari qatoridan joy olishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, maktab ta’limini qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim muassasalari faoliyatini erkinlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.
Shu nuqtai nazardan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi 52-modda alohida e’tiborga molik.
Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 52-moddasi o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoyalash, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishiga g‘amxo‘rlik qilishni kafolatlaydigan me’yor hisoblanadi.
Qomusga o‘qituvchilar bilan bog‘liq modda kiritilayotgani jamiyatda ushbu kasb egalariga nisbatan yillar davomida shakllangan munosabatni ijobiy tomonga o‘zgartirish yo‘lida tashlangan dadil qadam, deb hisoblayman.
O‘zbekistonda o‘qituvchilar obro‘sini oshirish, ularni rag‘batlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Birinchi navbatda o‘qituvchilar majburiy mehnat – paxta terimi, obodonlashtirish ishlariga jalb qilinmaydigan bo‘ldi. Buni kuchli siyosiy iroda hosilasi, deyish mumkin.
Bunday o‘zgarishlar o‘qituvchilar malakasini oshirish, o‘z ustida ishlash, ta’lim berishning yangi usullarini ishlab chiqish uchun qulay sharoit yaratadigan tizimni yo‘lga qo‘yishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zA
- Qo'shildi: 06.04.2023
- Ko'rishlar: 4114
- Chop etish