YANGILANAYOTGAN KONSTITUTSIYA VA INSON HUQUQLARI

Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasida birinchi marotaba har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekanligi mustahkamlanmoqda. Bu muhim yangilik fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini ta’minlaydi.

Yaqinda yurtdoshlarimiz referendumda ovoz beradigan ushbu Asosiy qonun matnida inson huquq va erkinliklari kafolatlari shu kabi bir qator ilg‘or normalar bilan kuchaytirilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, bir tomondan, so‘nggi yillarda ayni sohada erishgan yutuqlarimizni Konstitutsiyada muhrlab qo‘yish bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bugungi va ertangi avlodlar oldida turgan ko‘pdan-ko‘p muammolarning oqilona va odilona yechimi sifatida mustahkam huquqiy poydevorni – O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasini taqdim etishdir.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan shu mavzuda suhbatlashdik.

– Bugungi kunda mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, bu borada konstitutsiyaviy-huquqiy, qonunchilik, institutsional va amaliy kafolatlarni mustahkamlash yo‘lidagi tub yangilanish islohotlari izchil davom ettirilmoqda, – dedi A.Saidov. – Bu fikrimizni 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida inson qadri ustuvorligi hamda inson huquqlarini ta’minlashda “hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyiliga asoslangan istiqboldagi ustuvor maqsadlar va asosiy vazifalar belgilab berilgani yaqqol tasdiqlaydi.

Ahamiyatli jihati shundaki, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasida O‘zbekiston – huquqiy davlat, deb belgilanmoqda. Jumladan, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi, deya e’lon qilinmoqda. Binobarin, inson huquqlariga oid konstitutsiyaviy normalar soni 3 baravardan ortiqqa oshmoqda.

– Inson huquqlari sohasida erishilgan yutuqlarni Konstitutsiyada muhrlab qo‘yish, degan tushunchani hayotiy misollarda muxtasar izohlab bersangiz?

– Bu haqda fikr yuritganda, xususan, 2022 yilda O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish, gender tenglik va ayollar huquqi, bolalar huquqi, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqi, migrantlar huquqi, odam savdosi jabrdiydalari huquqi, ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotganlar huquqini himoya qilishning normativ-huquqiy asoslari va mexanizmlari kuchaytirilganini alohida qayd etish o‘rinli, deb o‘ylayman. Yana bir muhim yutuq: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”dagi vazifalarning 85 foizi bajarildi.

Milliy strategiyada 33 ta qonun hujjati loyihalarini ishlab chiqish, 8 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish nazarda tutilgan. So‘nggi ikki yilda – 14 ta qonun, Prezidentning 12 ta farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 4 ta qarori qabul qilindi hamda 3 ta xalqaro shartnoma ratifikatsiya qilindi.

O‘tgan yil davomida xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistonda inson huquq va manfaatlari himoya tizimini takomillashtirish bo‘yicha berayotgan tavsiyalarining bajarilishi doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ldi. Bu o‘rinda 2022 yilda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 3 ta milliy ma’ruzasi BMT shartnomaviy qo‘mitalarida eshitilganini alohida ta’kidlash lozim.

Ya’ni, birinchidan, 2022 yil 15-16 fevral kunlari BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi bajarilishi bo‘yicha O‘zbekistonning Oltinchi milliy ma’ruzasi; ikkinchidan, 2022 yil 22-24 fevral kunlari Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktni bajarish bo‘yicha Uchinchi milliy ma’ruza; uchinchidan, 2022 yil 31 avgust – 1 sentyabr kunlari Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bajarilishi bo‘yicha Beshinchi milliy ma’ruza eshitildi.

BMT tegishli Qo‘mitalarining davriy ma’ruzalarimiz bo‘yicha tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan Milliy harakatlar rejalari loyihalari ishlab chiqildi. Bu hujjatlar Parlament palatalari Kengashlarining 2022 yil 19 dekabrdagi Qo‘shma qarori bilan tasdiqlandi va ijroga qaratildi.

BMT Qo‘mitalarining tavsiyalari xususida batafsilroq to‘xtalish, ya’ni amaliy misollar keltirish mumkinmi?

Birinchidan, BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasi O‘zbekistonning Oltinchi milliy ma’ruzasi yuzasidan bir qator tavsiyalar berdi. Jumladan:

  • xotin-qizlarni davlat va xususiy sohalarda kamsitishning bevosita va bilvosita, shuningdek, aralash shakllariga qarshi qonun hujjatlarini qabul qilish;
  • xotin-qizlar ishtiroki pastroq bo‘lgan barcha sohalarda, davlat va xususiy sektorda, etnik ozchilik guruhlarga mansub va nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratilib, gender tenglikka erishish strategiyasi sifatida vaqtinchalik maxsus choralarni qabul qilish va amalga oshirish;
  • qonun hujjatlariga oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, jabrlanganlarning huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishi zarurligi to‘g‘risida xabardorlikni oshirish ishlarini faollashtirish;
  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish xizmatini, jumladan, tunu-kun ishlaydigan “ishonch telefonlari”, yashash joyi, tibbiy xizmat, ruhiy ijtimoiy maslahat va iqtisodiy yordam orqali kuchaytirish tavsiya qilindi.

Ikkinchidan, BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qo‘mitasi tomonidan Uchinchi milliy ma’ruzamizga tavsiyalar berildi. Xususan:

  • fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari xususiy kompaniyalar tomonidan buzilganligi uchun qonuniy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish, jabrlanuvchilarni tegishli himoya vositalari bilan ta’minlash;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandlik, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlardan foydalanishini ta’minlash choralarini ko‘rish, barcha darajadagi inklyuziv ta’limni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirish hamda o‘qituvchi va pedagoglarning tegishli tayyorgarligini ta’minlash;
  • kvotalar tizimini mustahkamlash hamda ayollarning, ayniqsa, hududlarda rahbarlik va qaror qabul qilish bilan bog‘liq lavozimlarni egallashi darajasining yetarli emasligi muammosini hal qilish choralarini ko‘rish;
  • qishloq hududlaridagi va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi guruhlarining sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish tavsiya qilinganini qayd etish lozim.

Uchinchidan, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Beshinchi milliy ma’ruzamizga o‘z tavsiyalarini taqdim etdi. Bu o‘rinda, jumladan:

  • chekka hududlar va iqtisodiy nochor oilalarni internet bilan ta’minlash jarayoniga alohida e’tibor qaratish, shuningdek, bolalar, o‘qituvchilar va oilalarning raqamli savodxonligi va ko‘nikmalarini oshirish;
  • oziq-ovqat xavfsizligi, suv ta’minoti va sanitariya masalalariga alohida e’tibor qaratgan holda atrof-muhitning buzilishi va iqlim o‘zgarishining bolalar salomatligi va rivojlanishiga ta’sirini yumshatish, bu yo‘nalishdagi dasturlarga e’tiborni kuchaytirish;
  • nazoratsiz bolalar to‘g‘risida ma’lumotlar yig‘ishni yo‘lga qo‘yish, ularni himoya qilish, sog‘lomlashtirish va ularga yordam berishni ta’minlash, odam savdosi, iqtisodiy va jinsiy ekspluatatsiya qurboni bo‘lishining oldini olish mexanizmlarini kuchaytirishga oid tavsiyalar haqida so‘z bormoqda.

Bundan tashqari, Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya qoidalarini bajarish bo‘yicha Milliy ma’ruza 30 ta davlat organi hamda 10 dan ortiq fuqarolik jamiyati instituti ishtirokida tayyorlandi. Uning matni Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilib, Parlament komissiyasida muhokama qilindi hamda 2022 yil oktyabrda BMTning Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasiga yuborildi.

– Milliy markazning inson huquqlari sohasidagi monitoring bilan bog‘liq faoliyati natijalari haqida qanday ma’lumotlar bera olasiz?

– O‘tgan yilda joylarda inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalar bajarilishini o‘rganish maqsadida 4 ta xalqaro va milliy qonunchiliki monitoringi o‘tkazildi. Avvalo, 2022 yil may oyida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bajarilishi holati monitoring qilinganiga to‘xtalmoqchiman.

Monitoring natijasida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq bir qator muammolar aniqlandi. Ya’ni:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlari yo‘lga qo‘yilmagan;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish tizimi samarali ishlamayapti;
  • oliy ta’lim muassasalari va maktablar binolari nogironligi bo‘lgan shaxslar mustaqil harakatlanishi uchun qulay emas;
  • ta’lim muassasalarida Brayl alifbosidagi darsliklar yetarli emas;
  • metro bekatlarida platforma va vagon o‘rtasida katta bo‘shliq mavjud bo‘lib, 70 foiz metro bekatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning foydalanishi uchun sharoitlar – lift, pandus, taktil- yo‘lak mavjud emas;
  • yo‘lovchi tashuvchi avtobuslarning faqat 10 foizga yaqini nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun moslashtirilgan;
  • metro va avtobus bekatlarini qurish bo‘yicha loyiha hujjatlari qulay jismoniy muhitni yaratish bo‘yicha nogironlar jamoat tashkilotlari tomonidan ekspertizadan o‘tkazilmagan.

Monitoring natijasida aniqlangan ana shu muammolarni hisobga olgan holda, dastlabki Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqildi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Oliy Majlis Senati Kengashining Qo‘shma qarori bilan tasdiqlandi.

Yanada muhimi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida mazkur monitoring natijasida ishlab chiqilgan takliflar hisobga olindi. Ya’ni, ushbu hujjatda nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul tibbiy, yuridik va boshqa xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish va shart-sharoitlarini yaxshilash nazarda tutildi.

O‘z navbatida, joriy yil 28 iyulda BMT Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga Nogironlar huquqi to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari bajarilishi yuzasidan O‘zbekistonning Birinchi milliy ma’ruzasini topshirish rejalashtirilgan.

Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya asosida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari ijrosi monitoringi tafsilotlari qanday?

– Bu boradagi o‘rganishlar  2022 yil oktyabrida Toshkent va Farg‘ona viloyatida amalga oshirildi. Monitoring yakunlari bo‘yicha mazkur viloyatlarda ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Jumladan, mutasaddi kadrlarning malakasini oshirish, fuqarolarning xabardorligini oshirish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmagan. Toshkent viloyatida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilganligi to‘g‘risidagi murojaatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmagan, jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish chora-tadbirlari samarasi past. Farg‘ona viloyatida vakolatli organlar va tashkilotlar o‘rtasida xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tezkor axborot almashinish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.

Ana shu kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan xulosa, taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, 2022 yil 31 oktyabrda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Mazkur xulosalar Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya bajarilishi bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqishda ham hisobga olindi.

– Milliy markaz jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlarni ham o‘rganayaptimi?

– O‘tgan yil aprel oyida Toshkent viloyatida va oktyabr oyida Navoiy viloyatida joylashgan jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish bo‘yicha monitoring tashriflari amalga oshirildi. Shu asnoda quyidagi kamchiliklar aniqlandi:

  • 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan mahkumlarning ayrimlarida jazoni o‘tashiga to‘sqinlik qiladigan doimiy davolanishga muhtoj kasalliklar mavjud bo‘lib, mazkur kasalliklar “Mahkumlarni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar ro‘yxati”ga kiritilmagan;
  • davolash-profilaktika yordami ko‘rsatish xodimlari, ayniqsa, oliy ma’lumotli shifokorlar yetarli emas, ularga to‘lanadigan maosh miqdori ham Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarga nisbatan kam;
  • muassasalardagi davolash punktlarining moddiy-texnika bazasi lozim darajada emas, masalan, rentgen, UZI apparatlari mavjud emas, shuningdek, ular nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun moslashtirilmagan;
  • muassasalardagi ishlab chiqarish binolari, sexlardagi dastgohlar jismonan va ma’naviy eskirgan, ularni yangilash kerak;
  • O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasidan – “lex.uz”, shuningdek, “advice.uz” huquqiy axborot portalidan foydalangan holda mahkumlarga kerakli huquqiy axborotni taqdim etish imkoniyatini yaratish lozim.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazirlik va tashkilotlarga tavsiyalar kiritildi. Monitoring xulosalari asosida Jinoyat ijroiya kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, “Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar uchun davlat xizmatlari, shu jumladan notariat xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi bo‘yicha takliflar tegishli tartibda taqdim qilindi.

– Migrantlar huquqlari himoyasiga nechog‘lik e’tibor qaratilmoqda?

– Xorijiy mamlakatlarda O‘zbekiston fuqarolari, jumladan, mehnat migrantlari huquqlarining himoya qilinganligi holatini o‘rganish maqsadida bir qancha monitoring tashriflari amalga oshirildi. Xususan, 2022 yil 14 may kuni Turkiyaga shunday tashrif doirasida Milliy markaz va Ombudsman vakillari hamda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsuli ishtirokida ushbu mamlakatda yashayotgan fuqarolarimiz uchun qabul tashkil etildi.

Ayni shu muloqot davomida 30 dan ortiq fuqaro bilan offlayn, 60 dan ziyod yurtdoshimiz bilan onlayn muloqot uyushtirildi va ulardan 36 ta murojaat qabul qilindi. Murojaatlarning 12 tasi – hujjatlarni tiklash, 8 tasi – farzandlarini maktabga joylashtirish, 16 tasi – doimiy ro‘yxatdan o‘tishga ko‘maklashish to‘g‘risida bo‘lib, murojaat qilganlarga bevosita Konsulxona vakillari bilan birga yuridik yordam ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, 2022 yil 31 oktyabr – 2 noyabr kunlari Milliy markaz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi xodimlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat delegatsiya Qozog‘istonga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Bu jarayonda mehnat migratsiyasi sohasidagi hukumatlararo bitimning bajarilishi tahlil qilinji.

Monitoring tashrifi davomida Qozog‘istonning Astana, Almata va Ust-Komenogrsk shaharlarida mehnat migrantlari sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan 130 nafar O‘zbekiston fuqarosi bilan Tashqi migratsiya agentligining mazkur shaharlardagi xodimlari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda 20 taga yaqin murojaat qabul qilinib, 9 nafar fuqaroga hujjatlarini tiklash, 7 nafariga doimiy ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha yuridik maslahatlar berildi.

– Xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish yo‘nlishidagi ishlar qanday natijalar bermoqda?

– O‘tgan yili inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish doirasida 95 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, 58 ta qonun, Prezidentning 10 ta farmoni va 5 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 20 ta qarori loyihalari inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazilgan. Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha jami 230 dan ortiq taklif bildirilgan.

Xalqaro majburiyatlardan kelib chiqib, qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish huquqiy tartibi mustahkamlandi. Bunda 2022 yil 29 mart kuni qabul qilingan  “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni muhim ahamiyat kasb etdi.

Ushbu Qonunda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sud tomonidan har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida fuqaroga yetkazilgan zarar mansabdor shaxsning aybidan qat’i nazar davlat tomonidan to‘la hajmda qoplanishi belgilandi.

Shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi va Qiynoqqa qarshi qo‘mitasi tavsiyalariga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmning qonuniy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. Qonun loyihasi qiynoq holatlarini oldini olishning amaldagi mexanizmlarini takomillashtirish va yangi mexanizmlarni joriy etishga qaratilgan.

Shu asosda Jinoyat-ijroiya kodeksini “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizmi” deb nomlangan 41-bob bilan to‘ldirish ko‘zda tutilmoqda. Mazkur bobda milliy preventiv mexanizm ishtirokchilari, ularning huquq va majburiyatlari, monitoring tashriflari yakunlari bo‘yicha tavsiyalar taqdim etish tartibi va boshqa masalalar o‘z aksini topgan. Qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

– Xalqaro hamkorlik aloqalari to‘g‘risida ham qisqacha to‘xtalsangiz.

– Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari bilan hamkorlik izchil rivojlanmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida bildirgan taklifiga muvofiq, 2022 yil 14 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyusiya bir ovozdan ma’qullandi.

Rezolyusiyada COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslikni ta’minlashda parlamentlarning muhim o‘rni qayd etilgan. Jumladan, xotin-qizlarning qonun chiqaruvchi organlar ishida hamda parlament jarayonlarida to‘liq, teng huquqli va ta’sirchan ishtirokiga ko‘maklashish orqali Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishga e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, 2022 yil 4 oktyabrda bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 51-sessiyasida “Yoshlar va inson huquqlari” rezolyusiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat 41 ta davlat, shu jumladan, O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.

 Rezolyusiyada yoshlarning o‘z mamlakatlari rivojlanishidagi ishtirokini kengaytirish, ular uchun teng imkoniyatlar yaratishga alohida urg‘u berilgani juda muhim. Bundan tashqari, yoshlarni raqamli tahdidlardan himoya qilish, yoshlar uchun inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish, yoshlarning o‘z hayot tarziga ta’sir o‘tkazadigan qarorlarni qabul qilishda qatnashishi kabi masalalar ham ayni hujjatda o‘z ifodasini topdi.

Milliy markaz tashabbusi bilan Turkiy davlatlar tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari va ombudsmanlari assotsiatsiyasi ta’sis etildi. Turkiyaning Bursa shahrida 2022 yil 12 may kuni Milliy markaz va O‘zbekiston Ombudsmani ishtirokida Assotsiatsiyaning memorandumi imzolandi.

O‘tgan yili shunga o‘xshash yana 5 ta Memorandum imzolandi. Bu o‘rinda Saudiya Arabistonining Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi, Turkiya Inson huquqlari va tenglik instituti, Italiya ombudsmanlari kengashi hamda Islom hamkorlik tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil komissiyasi bilan xalqaro hamkorlik munosabatlari doirasida tuzilgan hujjatlarni nazarda tutayapman.

Inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish yo‘lida qanday amaliy qadamlar qo‘yilmoqda?

– BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 martdagi qarori bilan Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” tashkil etildi.

Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan tashabbusi asosida 2022 yil 5–6 dekabr kunlari Samarqand shahrida “Inson huquqlari sohasida ta’lim” Global forumi tashkil etildi. Global forumda 120 dan ortiq xalqaro ekspert va 2 mingdan ziyod milliy mutaxassislar ishtirok etdi.

Global forumda inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada takomillashtirish bo‘yicha fikr almashildi va tavsiyalar ishlab chiqildi. Global forumning yakunlari bo‘yicha Inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha Samarqand harakatlar rejasi qabul qilindi. Ushbu hujjat kuni kecha BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.

Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish hamda mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi va uning “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Dasturda inson huquqlari sohasidagi ta’limni takomillishtirishga tizimli yondashilib, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan 7 yo‘nalishdagi 30 banddan iborat tadbir nazarda tutilgan.

Shu asosda joriy yil 20-28 fevral kunlari “Inson huquqlari haftaligi” doirasida mamlakatmizning barcha hududlarida 500 ga yaqin turli tadbirlar amalga oshirildi, inson huquqlariga oid davra suhbatlari, ochiq muloqotlar, konferensiyalar o‘tkazildi. Masalan, birgina 20 fevral kuni o‘tkazilgan “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusidagi videokonferensiyada 2 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

– Konstitutsiyaviy islohotlarda Milliy markazning ishtiroki amalda nimalarda namoyon bo‘ldi?

– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirdi. Shu munosabat bilan bo‘lajak referendum mavzusi keng jamoatchiligimiz va xalqaro hamjamiyatning diqqat e’tiborida bo‘lib turibdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasiga O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga muvofiq o‘z xulosasini ishlab chiqdi. Shuningdek, ayollar, bolalar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nuroniylar, migrantlar huquq va manfaatlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar taqdim qilindi.

Mazkur xulosa va tavsiyalarni shakllantirish maqsadida xalqaro tashkilotlar va ekspertlar, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida Milliy markaz tomonidan 10 dan ortiq xalqaro forum va maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Loyiha yuzasidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining sharh va tavsiyalari hisobga olindi.

Milliy markaz tavsiyalarida BMT Ustavi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, BMTning Xalqaro huquq prinsiplari to‘g‘risidagi deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt normalari va boshqa xalqaro standartlarni yangilanayotgan Konstitutsiya matniga kiritish haqida so‘z boradi. Bunday yondashuvimizda inson huquqlariga taalluqli jahon andozalariga konstitutsiyaviy maqom berilishiga e’tibor qaratildi.

Shu yo‘sinda o‘lim jazosi taqiqlanishi, “Xabeas korpus” instituti, aybsizlik prezumpsiyasi prinsipi, “Miranda qoidalari”, erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash, mamlakatdan tashqariga chiqish va unga qaytish huquqi kabi qator inson huquq va erkinliklarga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutildi. E’tiborli tomoni shundaki, yangi Konstitutsiya loyihasida ayni shu xalqaro standartlar to‘liq aks etgan.

Xulosa qilib aytganda, referendumda ovoz beriladigan yangilanayotgan Konstitutsiyamiz loyihasida inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qat’iy talab sifatida belgilanyapti. Bu o‘ta muhim mezon, O‘zbekiston Prezidenti uqtirganidek, “davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatishiga asos bo‘ladi”.

 

G‘ulom MIRZO suhbatlashdi

Kuchadolatdagazetasi 2023 yil 7 aprel №17-18

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kutubxonasi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

QMPTI 

Powered by GSpeech