Bugun bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida zo‘ravonlik bilan bog‘liq ro‘y berayotgan holatlar e’tibor markazida bo‘ldi. Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning zo‘rlanishi va o‘ldirilishi, Xorazmdagi bolalar uyi, Sergeli tumanida ona 3 nafar farzandi bilan birga yuqori qavatdan sakrashi va boshqa holatlar bo‘yicha Senat Raisi va bir necha senator munosabat bildirdi.
2020 yilda 156, 2021 yilda 243 ta nomusga tegish jinoyati sodir qilingani ushbu yo‘nalishdagi qonunlarni takomillashtirish zaruratini ko‘rsatgan.
Buning natijasi o‘laroq ishlab chiqilgan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni senatorlar bir ovozdan ma’qulladi. Qonunda ayollar, qizlarni tahqirlaganlik, ularga zo‘ravonlik qilganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi.
– Qonunlarning qat’iylashayotgani, javobgarlikning kuchaytirilayotgani yaxshi, lekin bu jamiyatimizda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish uchun zarur bo‘lgan oxirgi vosita emas, – deydi Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – Bu normalar odamlarning tafakkuri va xotirasi bilan birga yuragidan ham joy olishi, buning uchun butun jamiyat faol bo‘lishi kerak. Dunyoqarash o‘zgarishi zarur. Katta-kichik, ayol-erkak bo‘lsin – insonga, shaxsga nisbatan zo‘ravonlik qilish, uni tahqirlash, haq-huquqini poymol qilish aslo toqat qilib bo‘lmaydigan holat, og‘ir jinoyat ekanligi odamlarning ongiga chuqur o‘rnashsagina natija kutilganidek bo‘ladi. Bu endi birgina huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki ta’lim-tarbiyaga mas’ul tuzilmalarninggina ishi emas, balki barchamizning vazifamizga aylanishi zarur.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 07.04.2023
- Ko'rishlar: 3860
- Chop etish