2 mingga yaqin xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida ishlayapti

Qonun loyihasiga sharh

bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularni faqat uy-ro‘zg‘or yumushlari bilan emas, balki jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga, yurt rivojiga o‘z hissasini qo‘shishiga sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yo‘nalishdagi islohotlar natijasi o‘laroq, hozirgi vaqtda yurtimizda fidokorona mehnat qilayotgan ayollarimizning ulushi tibbiyotda 77 foizni, ta’lim sohasida 74 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 46 foizni tashkil etmoqda. Agar 2017 yilda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 27 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 40 foizdan 47 foizga, tadbirkorlikda 21 foizdan 37 foizga yetdi. Bilimli, tashabbuskor va faol ayollarimizdan 2 mingga yaqini davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat a’zolari hamda mahalliy Kengashlar deputatlarining 25 foizi xotin-qizlardan iborat.  

Yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning erkaklar bilan teng sharoitda faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlashga qaratilgan norma mustahkamlanmoqda.  

– Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 58-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanligi, davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashi mustahkamlab qo‘yilmoqda, –  deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umida Rahmonova. – Albatta, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi amaldagi Konstitutsiyamizda ham mavjud edi. Endilikda ushbu norma yanada kengaytirilib, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda, turli sohalardagi faoliyatda gender tenglik masalasi belgilab qo‘yilmoqda.  

Darhaqiqat, xotin qizlar nafaqat uy bekasi va bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lishi, balki jamiyat hayotida ham to‘laqonli faoliyat olib borib, erkaklar bilan teng sharoitda ishlashi, o‘zini ko‘rsatishi mumkin. Bitta ayolni ilmli qilish butun jamiyatni ilmli qilish bilan barobar. Shu bois yurtimizda xotin-qizlarning sifatli ta’lim olishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Agar bundan 6 yil avval oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan bo‘lsa, hozirda bu raqam qariyb 5 barobar ko‘payib, 500 ming nafarni tashkil etmoqda. Ya’ni, oliy ta’lim olayotgan talabalar orasida qizlarimizning ulushi 50 foizga yetdi. Albatta, xotin-qizlarni o‘qitish, ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, davlat va jamiyat hayotida erkaklar bilan teng sharoitlar yaratib berish ularning davlatimiz rivoji, oilalarimiz mustahkamligidagi o‘rnini ta’minlaydi. Eng muhimi, o‘qimishli ayollar qo‘lida tarbiya topayotgan yosh avlod yetuk bo‘lib kamolga yetadi, o‘ziga ishonch bilan ulg‘ayadi, – deydi deputat.  

Darhaqiqat, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlar ularning davlat ishlari va jamiyat hayotidagi ishtirokini oshirmoqda. Endilikda Konstitutsiyaviy qonun loyihasida aks etayotgan norma bilan gender tenglik yanada mustahkamlanadi, davlat xotin-qizlar va erkaklarga ham davlat boshqaruvida, ham jamiyat hayotining barcha sohalarida teng sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech