Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgarish va qo‘shimcha kiritish bo‘yicha takliflar shakllantirish, chora-tadbirlar amalga oshirishga qaratilgan “Barqaror rivojlanish maqsadi va Konstitutsiya: SHHT mamlakatlari tajribasi” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi. Ma’lum qilinishicha, oxirgi 30 yil mobaynida Shanxay hamkorlik tashkiloti tarkibidagi barcha mamlakatlar konstitutsiyalari 2 martadan 10 martagacha o‘zgartirilgan.
Anjumanda mamlakatimiz bosh qomusini yangilash asnosida xalqaro tajribani chuqur tahlil qilish, o‘rganish asosida o‘ndan ziyod fundamental tadqiqot amalga oshirilgani, bu jarayonda “Konstitutsii gosudarstv-uchastnikov SHOS”, “Konstitutsii mira”, “Konstitutsionnaya reforma: opit stran mira” asarlari nashr etilgani ta’kidlandi. Qonun loyihasi va umuman, konstitutsiyaviy islohot bo‘yicha xulosa, taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgani aytildi.
AQSH, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Polsha, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Shveysariya, Yaponiya, Hindistonda konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyati, hujjatga kiritilayotgan o‘zgarishlarga bag‘ishlangan 60 dan ziyod xalqaro tadbir o‘tkazilgani aytib o‘tildi.
Ekspertlar tomonidan konstitutsiyaviy taraqqiyot Shanxay hamkorlik tashkiloti makonida ma’lum bir umumiylik kasb etishi, mintaqa mamlakatlari konstitutsiyalari rivojlanib borish xususiyati bilan ajralib turishi xususida fikr bildirildi. Tuzilmaga a’zo davlatlarning konstitutsiyaviy va milliy o‘ziga xosligini mustahkamlash maqsadida so‘nggi 30 yil ichida Shanxay hamkorlik tashkiloti tarkibidagi barcha mamlakatlar konstitutsiyalari 2 martadan 10 martagacha o‘zgartirilganiga urg‘u berildi.
SHHT davlatlari namunaviy demokratiyaga xos konstitutsion tuzumning umumiy asosi bo‘lmish xalq hokimiyati, respublika boshqaruv shakli, davlatning ijtimoiy va dunyoviy tabiati, inson huquqi va erkinligi ustuvorligi, hokimiyat bo‘linishi, mulkchilik shakli xilma-xilligi va tengligi, hududiy yaxlitlik kabi xususiyatlarga ega ekanligi e’tirof qilindi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA
- Qo'shildi: 07.04.2023
- Ko'rishlar: 3905
- Chop etish