“Inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida inson huquqlar ta’minlanadi

Ma’lumki, «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendum joriy yilning 30 aprel kuni o‘tkaziladi.

Mazkur siyosiy jarayon bugungi kunda nafaqat yurtdoshlarimizning, balki jahon hamjamiyatining ham diqqat markazida ekanligini alohida ta’kidlashimiz zarur. Xalqimizdan kelib tushgan takliflar asosida tayyorlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Yangi O‘zbekistonni qurish, mamlakatimizda inson qadrini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega.

Takidlash lozim, Konstitutsiyamizdagi moddalar 128 tadan 155 taga ko‘paydi va unga turli yo‘nalishlarda o‘zgartirishlar kiritilib, inson erki, qadr-qimmati asos qilib olindi. Chunki, inson erkin bo‘lib, bu dunyoga kelar ekan, demak erkin yashashi lozim. Har bir insonning qadr-qimmati bo‘lishi, davlat va jamiyat esa bunga sharoit yaratib berishi kerak.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada aybsizlik prezumsiyasi, uy-joy daxlsizligi, qonunda cheklanmagan har qanday faoliyat turi bilan shug‘ullanish erkinligi, ishsizlikdan himoyalanish kabi normalar kiritilmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ta’lim olish huquqi va imkoniyati ham kengaytirilib, o‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘lishi yangi normalar bilan mustahkamlanmoqda. Masalan, oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olinishi, nodavlat ta’lim tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risidagi qoidalar yosh avlod hayotini yaxshilash, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy mutaxassisliklarni egallagan holda hayotda o‘z o‘rnini topishi va shaxsiy rivojlanishi uchun keng imkoniyat yaratadi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda xalqimizning 60%dan ortig‘ini tashkil qiluvchi yoshlarga berilayotgan e’tiborni alohida ta’kidlashimiz zarur. Yoshlarning ta’lim olishi, uy-joyli bo‘lishi, tibbiy va ijtimoiy himoyasi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati ekani belgilanmoqda. Quvonarlisi, Bosh qomusimizda yoshlar uchun alohida bob ajratilgan.

Mazkur bobda davlatning majburiyati sifatida yoshlarni himoya qilish, ularning huquqlarini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish bo‘lsa, ota-onalarning majburiyati sifatida esa farzandlari voyaga yetguniga qadar nafaqat boqish,  tarbiyalash, balki ularning ta’lim olishi, sog‘lom va har tomonlama kamol topishi uchun g‘amxo‘rlik qilishi belgilanmoqda. Bu esa o‘z navbatida yosh avlod hayotini yaxshilash, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun imkoniyat  yaratadi.

Bundan tashqari, mazkur konstitutsiyaviy qonun loyihasida inson huquq, erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy majburiyati etib belgilanmoqda. Inson hamda davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun munosib, yetarli bo‘lishi kerakliligi qayd etilgan. Albatta, ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini ta’minlash bilan bir qatorda, davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirilishida mas’uliyatini shakllantiradi.

Inson huquqlari va erkinliklari, bolalar, yoshlar huquqlariga oid masalalarga bag‘ishlangan kafolatlarning kuchaytirilganligi ham davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini oshirishda zamin yaratadi.

Davlat hokimiyatini tashkil etish asoslari, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlarining maqomi, o‘zaro munosabatlari tubdan takomillashadi. Davlat hokimiyatining oliy organlari o‘rtasidagi balans, muvozanat kuchaytirilmoqda.

Xalqimizning, ekspert va mutaxassislarning takliflari, xalqaro, xorijiy davlatlarning tajribasini inobatga olgan holda tayyorlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi  xalqimizning farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi tabiiy.

 

Sevara Ishmuratova

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi

Umumiy bo‘lim boshlig‘i

ISTE`MOL MADANIYATI gazetasi 2023 yil 30 mart 4 -son

Qadriyat gazetasi 2023 yil 8 aprel 7- son

Powered by GSpeech