Jizzax shahridagi Sharof Rashidov nomli axborot kutubxona markazida so‘ngra “NNTlar uyi”ning anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasining “Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi yangilanayotgan qonun loyihasi va Referendumga oid targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Unda senatorlar, deputatlar, viloyatda faoliyat olib borayotgan milliy madaniy markazlar rahbarlari, Jizzaxdagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassalari o‘quvchi, talaba va yoshlari, professor-o‘qituvchilari, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi xizmatchilari, Jizzax shahridagi NNTlar hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
Tadbir Konstitutsiyaviy qonun loyihasi va referendum hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy va Barqaror rivojlanish markazlari, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ushbu targ‘ibot tadbiridan ko‘zlangan asosiy maqsadi – keng jamoatchilikni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar va bo‘lajak referendumga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ijrosi bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.
Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar dotsenti, katta ilmiy xodimi Murodjon Turg‘unov, shu institut Fuqarolik-huquqiy va xalqaro huquq fanlari hamda xalqaro tashkilotlar bo‘lim boshlig‘i yuridik fanlari doktori, professor Mirodil Barotov, mazkur institutning Ma’muriy-huquqiy jinoiy-huquqiy fanlar bo‘limi boshlig‘i texnika fanlari dotsenti, professor Ahror Xudoyberdiyev va boshqalar yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasi va Referendumga tayyorgarlik xususidagi ma’ruzalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Notiqlar tomonidan, bugungi Konstitutsiyamiz va qonunlarimiz talabiga ko‘ra so‘z, axborot, e’tiqod, fikr va g‘oyalar erkinligi hamma fuqarolarga tegishli hisoblanishi alohida ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “...fuqarolarning fikr, so‘z va e’tiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash – rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir”.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari roli va ahamiyatini tubdan oshirish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar ko‘rildi. Xususan, 200 dan ortiq akt, O‘zbekiston Respublikasining 2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining izchillik bilan amalga oshirilayotganligiga ham alohida urug‘ berildi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarga oxirgi besh yil davomida nodavlat notijorat tashkilotlari soni 22 foizga oshgani, jumladan, respublika bo‘yicha 200 ga yaqin yirik NNT faoliyatini boshlagani, ushbu fuqarolik jamiyati institutlari inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda bag‘rikenglik va inson huquqlariga doir madaniyatni shakllantirish, barqaror rivojlanishning eng muhim vazifalari ijrosida muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etib o‘tildi.
Uchrashuv mobaynida soha vakillari tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilishi nazarda tutilgan normalar bo‘yicha ham ma’lumot berildi. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 15-moddasida Davlat va uning organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish yuritadilar. Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashadi, deya qayd etilgan bo‘lsa, 56-moddasida, Davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratadi, deb ta’kidlangan.
XIII-bobning nomi “Jamoat birlashmalari”dan “Fuqarolik jamiyati institutlari”ga o‘zgartirilib va bu Konstitutsiyamizning mazkur bobidagi sub’ektlar doirasi kengaytirilayotganligidan dalolat beradi.
Ushbu hujjatda, ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga ta’rif berilib, “Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi. Fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati qonunga muvofiq amalga oshiriladi” (69-modda)deb alohida urg‘u berilgani qayd etildi.
Shuningdek, Konstitutsiya davlat OAVlar faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlashini nazarda tutuvchi yangi normalar bilan to‘ldirilgani (81-modda) ham tahsinga loyiq.
Ushbu konstitutsiyaviy tuzatishlar kiritilishi mamlakatda so‘z erkinligi, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini yanada ta’minlashda, OAV vakillarining ular ko‘rsatayotgan axborot xizmatlari uchun mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi va natijada bu jamiyat va davlat o‘rtasidagi muloqotni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.
Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishdagi ishtirokini ta’minlash Hukumatning eng muhim vazifalari sifatida belgilanmoqda (115-modda).
Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 130-moddasida, O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda ish yuritadi, deya alohida ta’kidlab o‘tilgan.
Bundan tashqari, yangilanyotgan Konstitutsiyamizning 148-moddasida, Fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi. Fuqarolarning hamda fuqarolik jamiyati institutlarining byudjet jarayonida ishtirok etishi tartibi va shakllari qonun bilan belgilanadi, deb qayt etilmoqda.
Jizzaxda o‘tgan targ‘ibot tadbirlarida joriy yilning 30 aprel kuni o‘tadigan referendumda ishtirok etib va yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning qabul qilinishini yo‘qlab ovoz bergan har bir fuqaro “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalq farovonligini yanada oshirish, davlat va fuqarolik jamiyatini jadal rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratilishiga o‘z hissasini qo‘shishini ta’minlashi qayd etildi.
Tadbirlar nihoyasida, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 10.04.2023
- Ko'rishlar: 3985
- Chop etish