10 aprelda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tuzilgan ishchi guruh Namangan viloyatida joylashgan jazoni ijro etish hamda shaxsning harakatlanish erki cheklangan muassasalarda monitoring tashrifini boshladi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrdagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Ishchi guruh fuqarolarni qabul qilish joyi, koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rgandi. Mahkumlarning yashash joylari, oziq-ovqat va tibbiy ta’minoti, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, telefon so‘zlashuvlari hamda nogiron mahkumlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishildi.
Pop tumanida joylashgan 6-sonli jazoni ijro etish koloniyasida hamda Namangan shahridagi maxsus qabulxonada mahkumlar va ma’muriy huquqbuzarlar bilan muloqot tashkil etildi. O‘zaro suhbat asnosida yangilanayotgan Konstitutsiya va inson huquqlari hamda bo‘lajak referendum mavzularida so‘z yuritildi.
O‘z navbatida, koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan ommaviy va yakka tartibda sayyor qabul o‘tkazildi. Bu jarayonda mahkumlarni qiziqtirgan savollarga javoblar, shuningdek, tegishli huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi.
Ishchi guruh mahkumlar uchun mo‘ljallangan kutubxona faoliyati bilan ham tanishdi. Milliy markaz nomidan inson huquqlariga oid kitoblar kutubxonaga beg‘araz asosda taqdim etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.04.2023
- Ko'rishlar: 4390
- Chop etish