12 aprel – Jahon aviatsiyasi va kosmonavtikasi kuni
Ushbu xalqaro sana tarixi mashhur fazogir Yuriy Gagarin 1961 yil 12 aprelda “Vostok” fazoviy kemasida dunyoda birinchi bo‘lib Yer orbitasi bo‘ylab parvozni amalga oshirgan olamshumul voqeaga borib taqaladi. Zero, o‘sha parvoz insoniyatning koinotni o‘rganish tarixida yangi davrni boshlab berdi.
Bu haqda o‘tgan davrda qanchadan-qancha filmlar ishlandi, kitoblar chop etildi va maqolalar yozildi. Ana shu ko‘plab manbalarning negizidagi asl voqelikka bir nazar solaylik: 1961 yil 12 aprel kuni Moskva vaqti bilan soat 09:07 da «Boyqo‘ng‘ir» kosmodromidan ichida Yuriy Gagarin o‘tirgan «Vostok» fazoviy kemasining uchishiga start beriladi.
Parvoz muvaffaqiyatli amalga oshadi va koinotga qo‘yilgan ilk qadam bashariyatning buyuk yutug‘iga aylanadi. Chindan ham, inson zotining yer atmosferasidan yuqoriga – ochiq koinotga chiqishi tom ma’noda ulkan voqelik edi. Yuriy Gagarinning o‘sha ilk parvozidan buyon qirqqa yaqin mamlakatning 400 nafardan ortiq fazogiri koinotga parvoz qildi.
Kosmonavtlar kuni bayrami 1962 yildan boshlab faqat sobiq SSSRda nishonlab kelingan. Ushbu sanani xalqaro bayram kuni sifatida nishonlash tashabbusi ikkinchi fazogir – German Titovning taklifi bilan BMTga kiritilgan.
Shu tariqa dastavval 1968 yili bo‘lib o‘tgan Xalqaro aviatsiya federatsiyasining 61-Bosh konferensiyasida 12 aprel – Jahon aviatsiyasi va kosmonavtikasi kuni deb e’lon qilingan. O‘z navbatida, BMT Bosh Assambleyasining Yuriy Gagarin parvozi 50 yilligi munosabati bilan 2011 yil 7 aprelda qabul qilingan rezolyusiyaga muvofiq, inson koinotga parvoz qilgan ayni sana jahon miqyosida keng nishonlab kelinmoqda.
BMTning ushbu rezolyusiyasida, shuningdek, koinotni o‘zlashtirishda butun insoniyatning umumiy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, kosmosni faqat tinchlik maqsadlarida tadqiq qilish, barcha davlatlarning kosmik tadqiqotlardan teng manfaat ko‘rilishini ta’minlash kerakligi alohida qayd etilgan.
Yuriy Gagarin o‘zining shonli parvozidan keyin, 1961 yildan – 1968 yilgacha bo‘lgan davrda yurtimizga olti marta kelgan va har gal katta tantanalar bilan kutib olingan. Chunki O‘zbekistonning Gagarin parvozi, umuman, XX asrda koinotning zabt etilishi bilan bog‘liq kashfiyot va natijalarda o‘ziga xos hissasi bor.
Afsuski, bu sohada fidokorlik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizning xizmatlari, ilmiy ishlari va ixtirolari bilan bog‘liq qimmatli ma’lumotlar sohaga aloqador muzey hamda arxivlarda saqlanayotganini ko‘pchilik haligacha bilmaydi. Aslini olganda, insoniyatning olis tarixida fazoni o‘rganish borasida ulug‘ ajdodlarimiz hamisha peshqadam bo‘lganlar.
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni bunyod etish asnosida hayotimizning boshqa barcha sohalari qatori milliy koinot infratuzilmasini yaratishga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu ilg‘or sohani rivojlantirish uchun davlatlar o‘rtasida va xususiy hamkorlar ishtirokida xorijiy investorlarni jalb etishga urg‘u berilayotgani juda muhim.
Yangi davr talablaridan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz hududida mavjud bo‘lgan Maydanak rasadxonasi, Suffa platosi kabi fazoviy faoliyatga daxldor strategik inshootlarning ahamiyatiga munosib baho berilayotgani tahsinga sazovor. Yanada ahamiyatlisi, xalqimizning qorako‘z farzandlari orasida Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy kabi ulug‘ alloma ajdodlarimiz kabi koinot ko‘lamlari qadar teran fikrlaydigan, sayyoralar va yulduzlar asrorini kashf etish orzu-ishtiyoqi tomirlarida qaynoq qon kabi gupirib turgan barkamol avlodimiz voyaga yetib kelmoqda.
Shu ma’noda, joriy yil 25-27 aprel kunlari Toshkent shahrida “STC-2023” kosmik texnologiyalar xalqaro konferensiyasi va “Youth Space Forum” anjumani bo‘lib o‘tishi, ayniqsa, diqqatga molikdir. Mazkur nufuzli tadbir mintaqaviy va milliy kosmik agentliklar, xorijlik biznes vakillari, shuningdek, o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarni bir maydonda jamlaydi.
Boshqacha aytganda, sanoat yetakchilari Yevroosiyo mintaqasi iqtisodiyotida kosmik texnologiyalardan foydalanishning amaliy imkoniyatini o‘rganish uchun Toshkentda yig‘iladi. Binobarin, jahon fazoviy sanoati jadal o‘sib, kosmik texnologiyalarga yo‘naltirilgan investitsiyalar iqtisodiy va ijtimoiy farovonlikda tobora muhim o‘rin tutmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, global kosmik sanoatning yillik qiymati 400 milliard dollardan oshgan. Kelgusi o‘n yil ichida ushbu miqdor 1 trillion dollarga yetishi kutilyapti.
Mamlakatimizda ham bu yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tajriba almashish, soha yangiliklaridan xabardor bo‘lish, fazo ilmi yo‘nalishidagi yangi g‘oya, tashabbuslarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston ikkinchi bor xalqaro koinot hamjamiyatiga mezbonlik qilayotgani buning yana bir amaliy tasdig‘idir.
Ma’lumki, “Space Technology Conference Central Eurasia STC 2023” biznesga yo‘naltirilgan tadbir bo‘lib, o‘tgan yil ushbu forum 150 dan ziyod kosmik soha vakillarini birlashtirgan. Bu yil esa 250 nafarga yaqin ekspert ishtiroki ko‘zda tutilgan.
Konferensiya dasturidan xalqaro hamkorlik va sarmoya, yangi sun’iy yo‘ldosh texnologiyasi, xavfsizlik, moliya, sanoatni tartibga solish bo‘yicha mavzular o‘rin olgan. Tadbirga kosmik texnologiyalar sanoati rivojlangan Turkiya, AQSh, Janubiy Koreya, Fransiya, Singapur, Rossiya singari davlatlar homiylik qilmoqda.
Xalqaro konferensiyaning to‘liq nomlanishi –bo‘lib, unda ishtirok etish uchun 12 davlatdan kosmik agentliklar rahbarlari, 20 dan ziyod davlatdan yosh tadqiqotchilar tashrif buyurishi kutilmoqda. Forum doirasida Markaziy Osiyodagi birinchi pop-fan tadbiri hisoblangan yoshlar forumi ham bo‘lib o‘tadi. Yosh avlod uchun yangi makon taqdim etadigan ushbu platforma, o‘z navbatida, koinot ilmini kasb va dunyodagi yetakchi texnologiya sanoati sifatida targ‘ib qilishga yaqindan yordam beradi.
Darvoqe, koinot va Konstitutsiya – ushbu ikki tushunchaning o‘zaro bog‘liqligi nimada? Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz matnida “koinot” so‘zi uchraydimi?
Lingvistik tahlilga ko‘ra, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida “xalq” so‘zi eng ko‘p, ya’ni 70 marotaba, “davlat” so‘zi – 43, “inson” so‘zi – 35 marotaba qo‘llanayotgani holda, “koinot” so‘zi bir marta ham qayd etilmagan. Ammo, bu holat koinot va Konstitutsiya tushunchalari o‘rtasida hech qanday aloqadorlik yo‘q, deganini anglatmaydi, albatta.
Koinotning Konstitutsiyaga aloqadorligi haqida akademik Akmal Saidovning “O‘zbekiston Konstitutsiyasi tarixi”[1] kitobida bir qancha qiziqarli ma’lumotlar qayd etilgan. Shulardan ayrimlariga to‘xtalamiz.
Birinchidan, Yevropa Ittifoqi Konstitutsiyasining oltin g‘ilofga solingan nusxasi 2005 yil aprel oyida koinotga yuksalgan. Ushbu Konstitutsiya “Soyuz TMA-6” fazoviy kemasida “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromidan Xalqaro kosmik stansiyaga asosiy ekspeditsiya tarkibida parvoz qilgan Yevropa kosmik agentligining italiyalik fazogiri Roberto Vittori tomonidan fazoga olib chiqilgan.
Ikkinchidan, Rossiya Konstitutsiyasi koinotda XX asrda 149 kun va XXI asrning hozirgi kunlariga qadar 180 kun sayr qilgan. Bu Konstitutsiya fazoda 2005 yilda, ya’ni Yevropa Ittifoqi Konstitutsiyasi bilan bir xil vaqtda parvozda bo‘lgan.
Uchinchidan, “Mir” fazoviy stansiyasida faoliyat olib borgan fazogir Sergey Avdeevning kelgusida yuridik tahsil olishga tayyorgarlik bilan bog‘liq iltimosiga binoan, Rossiya Konstitutsiyasi ilk bor – 1998-1999-yillarda “Progress-M-41” yuk tashuvchi fazoviy kemasida koinotga olib chiqilgan[2].
Ko‘rinib turibdiki, Konstitutsiya insonga – u qaerda ekanidan qat’i nazar – keraklidir. Ayni shu jihati bilan ham Konstitutsiya – shunchaki ramz emas, balki bebaho timsol.
To‘rtinchidan, koinotga olib chiqilgan Konstitutsiya nafaqat timsol, balki hatto tabarruk yodgorlikka ham aylanishi mumkin. Bu o‘rinda fazogir Talgat Musaboev ikki marta – 1998 va 2001 yillarda Qozog‘iston Konstitutsiyasi va Davlat bayrog‘i, shuningdek, qozoq zaminidan bir qism tuproqni o‘zi bilan fazoga olib chiqqani haqida so‘z bormoqda. Endilikda fazoviy stansiya kemasining muhri urilgan o‘sha tarixiy Konstitutsiya muzeydan faxrli joy egallagan.
Beshinchidan, koinotga nafaqat Konstitutsiyalar, balki muqaddas kitoblar ham parvoz qilgan. Xususan, “Mir” orbital majmuasi va Xalqaro kosmik stansiyaga “Bibliya” va “Qur’on” nusxalari bir necha bor olib chiqilgan[3].
Oltinchidan, amerikalik astronavtlar 1969 yilning 20 iyulida Oyga qo‘nganida, ushbu sayyora sathida AQSh bayrog‘ini o‘rnatgan. Keyingi ekspeditsiyalar davomida amerikaliklarning yana beshta davlat bayrog‘i Oy sathidan joy oldi.
Yettinchidan, 1975 yilda “Apollon” – “Soyuz” loyihasi sinov parvozining oxirgi bosqichida “Soyuz” fazogirlari tomonidan orbitaga olib chiqilgan BMT bayrog‘i har ikki fazavoiy kema tutashganidan so‘ng “Apollon” ekipajiga Yer sayyorasining timsoli sifatida topshirilgan. Parvoz yakunida tarixiy bayroq BMTning o‘sha paytdagi Bosh kotibi Kurt Valdxaymga taqdim etilgan va hozirgacha ushbu xalqaro tashkilot Bosh qarorgohida saqlanmoqda[4].
Bularning barchasi bejiz emas. Binobarin, koinotga parvozning o‘zi g‘oyatda noyob voqea hisoblanadi. Fazoga har qanday parvoz – bu parvozni amalga oshirgan birgina insonning qilgan shaxsiy kashfiyoti va erishgan yutug‘igina emas, ayni chog‘da, butun insoniyat zabt etgan ulkan marradir.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, xalqimiz bo‘lajak referendumda ovoz beradigan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 53-moddasida shunday normalar mustahkamlanmoqda:
“Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi.
Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qiladi”.
Ushbu konstitutsiyaviy normalar yurtimizda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyotiga bemisl hissa qo‘shadigan, Vatanimiz dong‘ini dunyoga taratadigan, xalqimizning yorug‘ kelajagini ta’minlaydigan har tomonlama yuksak iste’dodli farzandlar, xossatan, fozil munajjimlar va donish falakiyotshunoslar, mohir aviasozlar va jasur fazogirlar kamol topishi uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi tayin.
G‘ulom MIRZO
[1] Саидов А.Х. Ўзбекистон Конституцияси тарихи. – Тошкент: «TASVIR», 2018.– 864 б.
[2] Юрий Батурин. Повседневная жизнь российских космонавтов. – М.: “Молодая гвардия”, 2011. – C.242.
[3] Юрий Батурин. Повседневная жизнь российских космонавтов. – М.: “Молодая гвардия”, 2011. – C.244.
[4] Юрий Батурин. Повседневная жизнь российских космонавтов. – М.: “Молодая гвардия”, 2011. – C.241.
- Qo'shildi: 12.04.2023
- Ko'rishlar: 4413
- Chop etish