Milliy markaz ishchi guruhi Andijondagi jazoni ijro etish muassasalarida bo‘ldi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tuzilgan ishchi guruhning Farg‘ona vodiysida joylashgan jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashrifi davom etmoqda. Ishchi guruh a’zolari joriy yilning 11-12 aprel kunlari Namangan va Andijon viloyatlaridagi jazoni ijro etish hamda shaxsning harakatlanish erki cheklangan muassasalar bilan yaqindan tanishdilar.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 6-sonli tergov hibsxonasi, Maxsus qabulxona, bir nechta tumanlardagi vaqtinchalik saqlash hibsxonalarida saqlanayotgan ayblanuvchi, sudlanuvchi va mahkumlar bilan ommaviy hamda yakka tartibda uchrashuvlar o‘tkazildi.

Ishchi guruh tergov hibsxonasida voyaga yetmaganlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan va 60 yoshdan oshgan shaxslarning saqlanishi ahvolini alohida o‘rgandi.

Ishchi guruh a’zolari Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan mahkumlar va ushlangan shaxslar, shuningdek, muassasalar xodimlari uchun maqbul sharoitlar yaratilganligini qayd etdi. Muloqotlar asnosida yangilanayotgan Konstitutsiya va inson huquqlari hamda bo‘lajak referendum mavzularida so‘z yuritildi.

Monitoring tashrifi doirasida har bir muassasa kutubxonasiga Milliy markazning inson huquqlariga oid kitoblari topshirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech