13 aprel kuni Navoiy shahridagi “Do‘stlik uyi”da Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan ayni mavzuda davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Barqaror rivojlanish markazi, Xalq deputatlari Navoiy viloyat kengashi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Oflayn va onlayn shaklda bo‘lib o‘tgan muloqotda senatorlar, xalq deputatlari tuman, shahar kengashlari deputatlari, ilmiy va ta’lim muassasalari vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari faollari, shuningdek, hindistonlik xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Davra suhbatida yangilanayotgan Konstitutsiyamiz loyihasini targ‘ib qilish muhimligi qayd etildi. Bu, o‘z navbatida, xalqimiz bo‘lajak referendumda ovoz beradigan ana shu huquqiy hujjatning mazmun-mohiyatidan jamoatchilikni atroflicha xabardor qilish, undagi inson huquqlari to‘g‘risidagi normalarni fuqarolarga yetkazishga xizmat qiladi.
Ishtirokchilar yangi tahrirdagi Konstitutsi loyihasi xalqaro huquqning inson huquqlari to‘g‘risidagi andozalari, shuningdek, boshqa umume’tirof etilgan norma va prinsiplariga muvofiqligini e’tirof etdilar. Loyiha xalq manfaatlarini ifoda etadigan yangi normalar bilan boyitilgani, shubhasiz, ayni Konstitutsiyaning qabul qilinishi inson huquqlarini ta’minlash yo‘lida ulkan qadam bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
Yangi Konstitutsiya loyihasi hindistonlik ekspertlar tomonidan ham yuqori baholandi. Loyihadan inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ko‘plab normalar o‘rin olganligi, bunda boshqa davlatlarning ilg‘or tajribasidan oqilona foydalanilgani haqida so‘z yuritildi.
Tadbir yakunida Navoiy viloyati ko‘zi ojizlar jamiyatiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasining Brayl alifbosida chop etilgan nashri topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.04.2023
- Ko'rishlar: 4112
- Chop etish