Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

Dunyo nigohi O‘zbekistondagi Konstitutsion islohotlarda

 

Konstitutsiya xalq pasporti

Xabaringiz bor, aprel oyi oxirida mamlakatda muhim siyosiy voqea – umumxalq referendumi o‘tkaziladi. Mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlar arafasida ekanmiz, xorijlik ekspertlarning ayni mavzudagi fikrlari bilan qiziqdik.

Polshaning «REA» nashriyot-matbaa konserni  Prezidenti Vitold Buysk:

– O‘zbekiston tarixiy islohotlar bo‘sag‘asida turibdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 8 dekabr – Konstitutsiya kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida konstitutsiyaviy islohotlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining mazmun-mohiyati va mantig‘i, xalqning talab va takliflaridan kelib chiqqan holda amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 66-moddasiga 170 dan ortiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilgan. Muhokamalar  davomida Konstitutsiyaviy komissiyaga 220 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi.

Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan amalga oshirilgan ishlarni alohida ta’kidlab o‘tish kerak. «Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishdagi noyob o‘zbek tajribasi» paydo bo‘ldi, deyish mumkin.

Fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish bo‘yicha davlatning vazifalari ko‘zda tutilgan yangi norma alohida e’tiborga loyiqdir. Ushbu moddaga ko‘ra, davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash uchun ularni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etadi va rag‘batlantiradi.

Konstitutsiyada hech kim sud qarorisiz va qonunga xilof ravishda uy-joydan mahrum etilishi mumkin bo‘lmagan norma mustahkamlanmoqda. Uy-joyidan mahrum qilingan mulkdorga qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda uning uy-joyi narxi hamda yetkazilgan zarari oldindan, teng miqdorda qoplanishi belgilanayapti.

Shuningdek, soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi bo‘yicha yangi modda Bosh qomusda kiritilmoqda. Ushbu  normalar dunyo konstitutsiyaviy amaliyotiga to‘la mos keladi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyaga loyiha muhokamalarida faol  ishtirok  etgan 36 millionlik mehnatkash, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi katta umid bog‘lamoqda.

Xitoy Xalq Respublikasidagi “Cisen Pharmaceutical” kompaniyasi departamenti rahbari Tan Baotszyun:

– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar mamlakatingizning barqaror rivojlanishi uchun katta yo‘llarni  ochmoqda.

Xususan, yangilanayotgan Konstitutsiyada tadbirkorlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirish nazarda tutilgan. Bu, shubhasiz, bozor munosabatlarini yanada rivojlantiradi.

Yangilanajak Konstitutsiya loyihasida mamlakatda shaffof raqobat uchun shart-sharoit yaratilishi ham ko‘zda tutilgan. Bu ham qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu tariqa adolatli soliq tizimini yo‘lga qo‘yish, monopolistik faoliyatni cheklash orqali tom ma’noda erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun barqaror asos yaratilmoqda.

Mulk daxlsizligi va u bilan bog‘liq huquqlarning kafolatlanishi iqtisodiyotning barqaror o‘sishi, farovon hayotning tayanchi hisoblangan tadbirkor va ishbilarmonlarning erkin faoliyati uchun mustahkam huquqiy kafolat yaratadi.

Yurtingizda tadbirkorlik va investitsiya sohalarda ro‘y berayotgan  ijobiy o‘zgarishlar Xitoydagi ko‘plab farmatsevtika korxonalarida bo‘lgani kabi bizning kompaniyamizda ham O‘zbekistonda biznes qilishga qiziqishni oshirmoqda.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA

Powered by GSpeech