Konstitutsiyada inson qadri va Yangi O‘zbekistonni barpo etish mas’uliyati

13 aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan Navoiy shahrining Abdulla Qodiriy nomidagi Axborot-kutubxona markazida shu mavzuda davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbir Fanlar akademiyasining  Davlat va huquq instituti, Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda senatorlar, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari deputatlari, ilm-fan va ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar aholining inson huquqlari bo‘yicha xabardorligi va huquqiy savodxonligini oshirish yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Bu borada Yangi Konstitutsiya loyihasi mazmun-mohiyati bilan jamoatchilikni yaqindan tanishtirish, undagi inson huquqlariga oid normalarning mazmun-mohiyatini fuqarolarga yetkazish masalalariga alohida ahamiyat berildi.

Mamlakatimizda inson huquqlariga berilayotgan e’tibor, xususan, davlatimiz rahbari yaqinda tasdiqlagan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi haqida so‘z yuritildi. Shu asosda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Milliy ta’lim dasturi ijrosi doirasida Abdulla Qodiriy nomidagi Axborot-kutubxona markazida “Konstitutsiya va inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar” burchagi ochildi. Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi nomidan turkum adabiyotlar taqdim etildi.

Davra suhbati qiziqarli munozaralarga boy bo‘ldi. Ishtirokchilar inson huquqlari, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasi va bo‘lajak referendum bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech