YANGILANAYOTGAN KONSTITUTSIYA: SO‘Z ERKINLIGINING UCHTA QIRRASI

Yangilanayotgan Konstitutsiyaga oid referendumga ham sanoqli kunlar qoldi. Ma’lumki, 2023 yil 15 martda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi.

Mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar boshlangan dastlabki kunlardayoq hamkasblarim bilan birga amaldagi Konstitutsiyaning 29-moddasi birinchi qismini: “Axborotni zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari orqali izlash, olish va tarqatish erkinligi kafolatlanadi”, degan mazmundagi norma bilan to‘ldirish yuzasidan taklif yuborgandik. Ayni shu modda mazmunini o‘zgartirishga e’tibor qaratgan ko‘pchilik hamyurtlarimiz qatori Konstitutsiyaviy qonun loyihasida takliflarimiz inobatga olinganini ko‘rib biz ham quvondik.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada uchta yo‘nalishda:

birinchidan,  axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligini kengaytirish;

ikkinchidan, ommaviy axborot vositalari erkinligini yanada mustahkamlash;

uchinchidan, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom taqdim etilishi timsolida so‘z erkinligi har tomonlama kafolatlanmoqda.

 

So‘z, fikr va Internet erkinligi

 

Amaldagi Konstitutsiyaning 29-moddasida har kimning fikrlash, so‘z va erkinligi huquqiga doir normalar mavjud. Bu modda yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasining 33-moddasida quyidagicha kengaytirilmoqda:

“Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.

Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.

Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni  cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek  davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor  etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi”.

 Ya’ni, bir tomondan, amaldagi modda shaklan kengaygan – ikki bandlik matn to‘rt bandga ko‘paygan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ushbu konstitutsiyaviy normalarning mazmun-mohiyatidagi qamrov ko‘lami tubdan ortgan. Eng asosiysi, yangi normalar bilan har bir shaxsning Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqi e’tirof etilib, mazkur huquqning ta’minlanishi uchun bevosita davlatning o‘zi shart-sharoitlar yaratishi aniq belgilanmoqda.

Binobarin, Internet nafaqat aloqa vositasi, balki virtual muhitga ham aylanib borayotgan, ko‘plab tushuncha va xizmatlar “real” zamindan jadal tarzda “virtual” hayotga ko‘chayotgan bugungi davr ayni shunday ilg‘or yondashuvni taqozo etmoqda. Hozirgi kunda Internetni taqiqlash va cheklash nafaqat noto‘g‘ri, balki mantiqsiz ham ekanini isbotlab o‘tirishga hojat qolmadi.

Nega deganda, bugun odamlar ishini, o‘qishini, hobbilarini, turli tovar va xizmatlar logistikasini, qolaversa, davlat xizmatlarini ham Internetga ko‘chiryapti. Bu, o‘z navbatida, Konstitutsiya va qonunlarni zamonga hamnafas tarzda o‘zgartirishni talab qilmoqda.

Internetdan erkin foydalanish huquqi insonning so‘z erkinligi huquqi doirasiga kiradi. Ushbu huquq, davlat chegaralaridan qat’i nazar, turli axborot va g‘oyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini o‘zida qamraydi.

Shunday ekan, axborotni, jumladan Internet orqali izlash, olish va tarqatish erkinligini istifoda etuvchi insonlar zimmasiga huquqlar bilan bir qatorda majburiyat va mas’uliyat ham yuklanib, qonunga muvofiq ravishda ayrim cheklovlar o‘rnatilishi tabiiy holdir. Shu ma’noda, 33-moddaning oxirgi bandidagi normalar barchamizni ijtimoiy mas’uliyatimizni anglashga, oqni qoradan, haqiqatni uydirmadan, dalilni bo‘htondan ajratishga da’vat etadi.

Haqiqatan ham, biz yashayotgan XXI asrda insonning fikr va so‘z erkinligi, har qanday axborotni izlash, olish va tarqatish singari huquqlari qanday amalga oshirilishi uning axborot resurslari, kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internetdan qanchalik erkin foydalanishiga bevosita bog‘liq.

Shu nuqtai nazardan, bugungi “raqamlashtirish” zamonida demokratik huquqiy davlat va adolatli ochiq jamiyat barpo etayotgan aksariyat davlatlar qatori O‘zbekiston ham o‘z Konstitutsiyasida fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligiga oid yangi normalarni  mustahkamlayotgani, bir tomondan, fuqarolarimizning bu boradagi huquqlari va erkinliklari amalga oshishiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, har bir insonning himoyasi va xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.

 

OAV faoliyati erkinligini davlat kafolatlaydi

 

Amaldagi Konstitutsiyaning uchinchi bo‘limidagi XV bob – “Ommaviy axborot vositalari”, deb nomlangan va mazkur bob bitta modda, ya’ni 67-moddadan tashkil topgan. Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasida XV bobning nomi saqlab qolingani holda, bobdagi moddalar soni ikkitaga yetgan. Bular: 81 va 82-moddalardir.

Xususan, 81-moddaning birinchi qismida amaldagi Konstitutsiyaning 67-moddasi birinchi qismining dastlabki jumlasi quyidagi tahririy o‘zgartirishlar bilan berilmoqda:

“Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq  ish olib boradilar”.

Loyihaning 81-moddasi ushbu ikkinchi qism bilan to‘ldirilmoqda:

“Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining  erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish  va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi”.

Amaldagi Konstitutsiya 67-moddasi birinchi qismining ikkinchi jumlasi Yangi Konstitutsiya loyihasi 81-moddasining alohida uchinchi  qismi sifatida belgilanmoqda:

“Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan  axborotning ishonchliligi uchun javobgardir”.

Ayni moddaga kiritilayotgan qo‘shimchalardan maqsad ommaviy axborot vositalari uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratishga, davlat va jamiyat o‘rtasida amaliy muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan konstitutsiyaviy asoslarni shakllantirishdir. Shunga o‘xshash normalar Slovakiya, Ispaniya, Janubiy Koreya kabi bir qator mamlakatlarning Konstitutsiyalarida mavjud.

O‘z navbatida, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasining 82-moddasida ushbu normalar mustahkamlanmoqda:

“Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ommaviy  axborot  vositalarining  faoliyatiga  to‘sqinlik qilish  yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”.

Senzuraning taqiqlanishiga oid norma amaldagi Konstitutsiyada ham bor. Ayni chog‘da, keyingi norma muhim yangilik bo‘lib,  kelgusida ommaviy  axborot  vositalarining samarali faoliyat yuritishi uchun ta’sirchan huquqiy asos vazifasini o‘tashi tayin.

Matbuotda bu borada o‘z munosabatlarini bildirgan bir qator hamkasblarimiz ta’biri bilan aytganda, bu normalar ommaviy  axborot  vositalari va jurnalistlarning emin-erkin, turli ma’muriy bosimlardan qo‘rqmasdan faoliyat yuritishini ta’minlaydi hamda jamiyatda ochiqlik va oshkoralik muhitining rivojlanishiga sharoit yaratadi.

OAV – fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri

Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasidagi ikkita qismdan iborat 69-modda modda yangi bo‘lib, u amaldagi Konstitutsiya matnida mavjud emas. Birinchi qismda fuqarolik jamiyati institutlarining tushunchasi va tizimi quyidagi norma bilan ochib berilmoqda:

“Fuqarolik  jamiyati  institutlari,  shu  jumladan  jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini  o‘zi  boshqarish  organlari,  ommaviy  axborot  vositalari  fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi”.

Boshqacha aytganda, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom berilmoqda. Shu orqali so‘z erkinligi konstitutsiyaviy asosda yana bir bor kafolatlanmoqda.

Bu haqda so‘z borganda, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi o‘rni va ahamiyatini qonunchilik negizida kuchaytirishga izchil e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Chunki, Prezidentimiz qayd etganidek, ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va ta’sirchan vositasiga, xalqning eng yaqin ko‘makchisi va hamdardiga, demokratiya ko‘zgusiga aylanishi zarur.

Hokimiyat va boshqaruv organlari faoliyatiga tanqidiy va xolis baho berish, turli sohalardagi kamchiliklar, dolzarb muammolarni dadil ko‘tarib chiqish ommaviy axborot vositalari faoliyatida asosiy mezon bo‘lishi kerak. Shu ma’noda, «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi»da ko‘zda tutilgan «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonun 2018 yil 12 aprelda qabul qilingani katta ahamiyat kasb etdi.

Qonunda jamoatchilik nazoratining sub’ektlari, ob’ekti, uning asosiy tamoyillari belgilangan. Jumladan, jamoatchilik nazorati sub’ektlariga fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari kiritilgan. Jamoatchilik nazoratining ob’ekti esa davlat organlari, shu jumladan, huquq-tartibot va nazorat idoralari hamda ularning mansabdor shaxslaridir.

Bundan tashqari, vazirlik va tashkilotlarda jamoatchilik  kengashlarini tuzish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani, birinchi navbatda, demokratik jamiyatning muhim sharti va xususiyatlaridan hisoblanadi.  Qolaversa, ushbu  institut  zamon  talabi  hamda islohotlarning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib joriy  etilmoqda.

Xususan, Prezidentimizning 2023 yil 20 yanvarda imzolangan «Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarida jamoatchilik kengashlari tuzildi. Jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblangan hamda soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat ushbu jamoatchilik kengashlarining maqsadi ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratishdir.

Endi esa yangilanayotgan Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati instituti maqomida e’tirof etilmoqda. Bu ilg‘or konstitutsiyaviy-huquqiy asos, bir tarafdan, jamoatchilik nazoratining yanada haqqoniy, xolis va adolatli tashkil etilishiga munosib hissa qo‘shsa, boshqa tarafdan, jamoatchilik nazorati asnosida aniqlanadigan qonunbuzarliklar va kamchiliklarga taalluqli ma’lumotlarning asossiz ravishda panada olib qolinishi yoki xaspo‘shlanishiga yo‘l qo‘ymaydi, ya’ni oshkorlik tom ma’noda ta’minlanadi.

Aslida, Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilayotgani va ular faoliyati kafolatlarining belgilanayotgani jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi. Bu tom ma’noda juda muhim yangiliklardandir.

Xulosa qilib aytganda, yangilanayotgan Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo‘lishi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etilmoqda. Ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari qat’iy kafolatlanmoqda. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Ushbu normalar jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishini ta’minlaydi hamda mamlakatimizda fikr, so‘z va axborot erkinligi yanada yuksalishiga, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik, qonuniylik muhiti mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Pirovardida davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotning yangi, yanada ishonchli bosqichga ko‘tarilishiga, kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishga va so‘z erkinligini ta’minlashga erishiladi.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech