Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

Konstitutsiya: ekspertlar nigohi O‘zbekistonga qaratilgan

Konstitutsiya – xalq pasporti

Shu kunlarda davlatimiz muhim siyosiy voqelik arafasida turibdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bo‘lajak referendum oldidan respublikamizning turli hududlarida konstitutsion islohotlarga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilyapti.

O‘zA siyosiy kun, ya’ni, 30 aprel – umumxalqxalq pasportiiga tayyorgarlik, umuman, diyorimizda kuzatilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-huquqiy ishlar samarasi xususida xorijlik mutaxassislar fikrlarini yozib olishga qaror qildi.

Abdulhodi al-Qasabi, Misr Parlamenti qo‘mitasi raisi, “Misr – O‘zbekiston” parlamentlaro do‘stlik guruhi rahbari, Misr so‘fiylik ordenlari oliy kengashi raisi:

– Joriy yil 30 aprelda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazilayotgani va unda xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashishga taklif etilganimdan mamnunman.

Alohida ta’kidlab aytmoqchimanki, bo‘lajak referendum Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab beradi. Konstitutsiyaning yangi tahriri ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratish, aholi farovonligini oshirish, insonning huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirib, hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda muhim omil bo‘ladi.

Konstitutsiyaga ko‘ra, O‘zbekistonning ijtimoiy davlat, deb e’lon qilinishi, “inson – jamiyat – davlat” tamoyilining hayotga tadbiq etilishi, ya’ni, inson manfaati har narsadan ustun qo‘yilishi katta e’tiborga sazovordir.

Yurtingizda konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat fuqarolarining fikri, takliflari va qo‘llab-quvvatlashi asosida, umumxalq referendumi orqali amalga oshirilmoqda. Bu mamlakatingiz Asosiy qonuni o‘zbek xalqi xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga ishonchim komil.

Kshishtof Plominski, Polsha Savdo palatasi diplomatik maslahatchisi, Yevropa diplomatiya akademiyasi elchilar kengashi a’zosi va Yagellon universiteti professori:

– O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha o‘tkaziladigan umumxalq referendumiga har tomonlama tayyorgarlik ishlari faol tarzda olib borilayotganligini yuqori baholayman. Ayniqsa, Konstitutsiyada belgilanayotgan iqtisodiy tamoyillar davlatning kelajagi uchun muhim poydevor hisoblanadi.

Yangi konstitutsiyaviy matn tahlili shuni ko‘rsatadiki, mamlakatning kelajakdagi Asosiy qonuni konstitutsiyaviy-huquqiy institutlarni sezilarli darajada qayta tashkil etish, O‘zbekiston konstitutsiyaviy rivojlanishining yangi modeliga olib keladi.

Muayyan o‘zgarishlar iqtisodiy munosabatlar sohasiga ta’sir qiladi. Yangi tahrirdagi Asosiy qonunning 67-moddasida davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlashi, tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli ekanligi tamoyili ko‘zda tutilganligi O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar chuqur va ortga qaytmas ekanligidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanishi, monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinishi va cheklanishi normasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu tamoyil deyarli barcha rivojlangan davlatlar, xususan, Polsha Konstitutsiyasida ham o‘z ifodasini topgan.

Aminmanki, o‘zbek xalqi ushbu muhim siyosiy tadbirda o‘z kelajagi uchun ovoz beradi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA

Powered by GSpeech