Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidovning latviyalik siyosatshunos A.Askerov va jurnalistlar A.Xoteyev va G.Lidaka bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqot avvalida mehmonlarga “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida qabul qilingan Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, konstitutsiyaviy islohotlar haqida so‘zlab berildi.
Latviya Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq siyosiy tadqiqotlar xalqaro instituti Prezidenti A.Askerovga ko‘ra, O‘zbekiston hayotida so‘nggi yillarda keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. O‘z navbatida, xalqaro hamjamiyat mamlakat iqtisodiyoti liberallashtirilmoqda va yaqin va qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro ishonch mustahkamlanmoqda.
Shu bilan birga, u Latviya Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq siyosiy tadqiqotlar xalqaro instituti tomonidan o‘rganish va hamkorlik qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi juda istiqbolli mamlakat ekanligini qayd etdi. Mamlakatda jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning guvohi bo‘layotganini, O‘zbekistonning mintaqadagi va umuman dunyodagi o‘rni va mavqei sezilarli darajada mustahkamlanayotganini bildirdi.
O‘zbekiston tez sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan davlatlar qatoriga kiradi. Mamlakatda qabul qilingan Taraqqiyot strategiyasida iqtisodiy samaradorlikni keskin oshirish, barcha sohani modernizatsiya qilish va erkinlashtirish qatorida xorijiy investorlar bilan samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish ham e’tiborga olingani latviyalik mehmonlarni quvontirdi.
“Masu Mediju Grupa” (MMG - Boltiqbo‘yi mamlakatlarida eng yirik nashriyot uylaridan biri hisoblanadi) nashriyot kompaniyasi Bosh muharriri o‘rinbosari A.Xoteyev so‘nggi yillarda O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida to‘xtalar ekan, bugun mamlakatda ikkita muhim jihatga guvoh bo‘layotgani, ya’ni, O‘zbekiston suveren davlat, yirik iqtisodiyot sifatida yangi qadamlarni tashlayotgani, jadal sur’atdagi islohotlar muhim natijalarga olib kelishini qayd etdi.
“For Legal Content” (Huquqiy kontent uchun) Assotsiatsiyasi kengashi a’zosi Gunta Lidakaga ko‘ra, Konstitutsiya bo‘yicha bo‘lib o‘tgan umumxalq muhokamasi va kelib tushgan ko‘p sonli takliflarning e’tibor bilan hisobga olinishi natijasida xalqaro standartlarga, eng muhimi, o‘zbek xalqining xohish-irodasi va orzu istaklariga to‘liq mos keladigan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi shakllantirildi.
Mehmonlarning fikricha, dunyodagi hech bir mamlakatda so‘nggi yillarda O‘zbekistondagi kabi keng ko‘lamli islohot amalga oshirilmagan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaxshi qo‘shnichilik siyosati tufayli Markaziy Osiyo davlatlari ilk bor bugungi kunda dolzarb mintaqaviy masalalarni ochiq va samimiy muhokama qila boshladi.
Suhbat davomida latviya tomoni O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiyaviy islohotlarning o‘ziga xos xususiyatlari, parlamentning fuqarolik jamiyati institutlari va OAV bilan o‘zaro hamkorligiga hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni asosiy yo‘nalishlariga qiziqish bildirdi.
Barcha qiziqtirgan masalalar yuzasidan mehmonlarga batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruxda bo‘lib o‘tdi.
- Qo'shildi: 17.04.2023
- Ko'rishlar: 3897
- Chop etish