Milliy markaz ishchi guruhining Farg‘ona vodiysiga monitoring tashrifi yakunlandi

10-14 aprel kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tuzilgan ishchi guruh Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida joylashgan jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari hamda maxsus qabulxonalarda monitoring tashrifini amalga oshirdi.

Tadbir ishtirokchilarining e’tibori mazkur muassasalarda saqlanayotgan mahkumlar va ushlangan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyada belgilangan huquqlariga rioya etilishi, ularga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganishga qaratildi.

Ishchi guruh a’zolari muassasalarda saqlanayotgan shaxslar bilan ularga nisbatan muassasa xodimlarining muomalasi, tazyiq va zo‘ravonliklar sodir etilishi bilan bog‘liq masalalarda ommaviy hamda yakka tartibda suhbatlar olib bordi. Mahkumlarga jazo muddatini o‘tash davrida belgilangan kun tartibi qoidalariga so‘zsiz rioya qilishlari, tartibbuzarlik sodir etmasliklari, oilalari bag‘riga tez kunlarda qaytishlari xususida maslahatlar berildi.

Shuningdek, bir necha nafar mahkum va ushlangan shaxslarning savollariga huquqiy jihatdan batafsil javoblar qaytarildi. Monitoring tashrifi jarayonida ishlab chiqarish sexlarida shaxslar mehnatini muhofaza qilish bo‘yicha mas’ul idora vakillari tomonidan ham tegishli yo‘l-yriqlar berildi.

Ishchi guruh qayd etilgan muassasalarda ayollar, pensiya yoshidagi, nogironligi bo‘lgan va turli sabablar bilan mehnatga yaroqsiz bo‘lgan shaxslar bilan uchrashdi. Ularga yaratilgan shart-sharoit, xususan, tibbiy xizmat ko‘rsatilishi ahvoli bilan yaqindan tanishildi, tegishli mas’ul xodimlar bilan suhbatlar uyushtirildi.

Bundan tashqari, monitoring o‘tkazilgan muassasalarda xizmat o‘tayotgan xodimlar bilan suhbatlashildi. Qonuniylikka rioya qilish, xizmat intizomini buzmaslik, ish vazifasiga vijdonan yondashish, halol va pok ishlash, shaxslarning haq-huquqlarini buzmaslik yuzasidan ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Monitoring tashrifi yakunida muassasalar ma’muriyati bilan kelajakdagi reja, taklif va mulohazalar haqida muloqot o‘tkazildi.

 

Otabek NORBOEV,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i

Powered by GSpeech