Davlat hokimiyati tizimini yanada isloh etishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish istiqbollari

14 aprel kuni Namangan viloyatida shu mavzuda xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, xalqaro ekspertlar, olimlar, sudyalar, mahalliy kengashlar deputatlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari U.Inoyatov moderatorlik qildi. Unda Yangilangan Konstitutsiyaning qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekistonda davlat hokimiyatini tashkil qilish tizimining isloh qilinishi isiqbollari muhokama qilindi.

Mavzu yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Sh.Bafoev, Qonunchilik palatasi deputati D.Aripov, Rossiyaning Saratov Milliy davlat universiteti yuridik fakulteti dekani, professor G.Kamkova, Namangan viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i X.Sobirov, sotsiologiya fanlari doktori, dotsent B.Guseletov, To‘raqo‘rg‘on tuman hokimi A.Mansurov, Namangan viloyat sudi sudyasi J.Karaboev, yuridik fanlar nomzodi A.Tarnovskiyning ma’ruzalari tinglandi.

So‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha jabhasida tub o‘zgarishlar, izchil va keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratdilar. Xususan, manzilli ijtimoiy himoya tizimi yaratildi, iqtisodiyot erkinlashib, xususiy mulk egalari ko‘paydi, naqd pul, valyuta muammolari hal qilindi, qo‘shni mamlakatlar bilan oramizdagi munosabatlar yaxshilandi, parlamentarizm va sud-huquq sohasida demokratik o‘zgarishlar bo‘ldi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyoti, xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat sifatida O‘zbekiston “suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat” ekanligi hamda ushbu prinsipial qoidalarni o‘zgartirish mumkin emasligi alohida belgilab qo‘yilmoqda.

Mazkur konstitutsiyaviy qoidalar zamirida mustaqilligimizni asrab-avaylash va yanada mustahkamlash, kelajak avlodlarga ozod va erkin Vatan qoldirish, xalq manfaatlari ko‘zlangan islohotlar yo‘lidan ortga qaytmaslik, qonun va adolat ustuvorligi, insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik kabi muhim qadriyatlar mujassam bo‘lib, ular davlatchilikning tamal toshlari sifatida mustahkamlanmoqda.

Davra suhbatida qayd etilganidek, yangilanayotgan Bosh qomusimiz xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va mas’uliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Davlat hokimiyati tizimi yagona va yaxlit bo‘lib, hokimiyatning bir bo‘g‘inini modernizatsiya qilish uning boshqa tarmoqlarda ham islohotlarni taqozo qiladi. Shunga ko‘ra, tarmoqlar o‘rtasida bir-birini tiyish va muvozanatni saqlash tizimining samarali ishlashini ta’minlash maqsadida parlament palatalarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan ma’muriy islohotlarning maqsadi va vazifalaridan kelib chiqib, parlamentning yuqori palatasi – Senat hamda Qonunchilik palatasining vakolatlari kuchaytirilmoqda. Ya’ni, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining mas’uliyat sohasi aniq belgilanmoqda. Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga ko‘paymoqda.

Xususan, Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash, Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasi raisining hisobotini eshitish kabi muhim vakolatlar bevosita Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari etib belgilanmoqda. Kiritilayotgan ushbu o‘zgarishlar quyi palataning vakillik tabiatiga va ilg‘or xorijiy tajribaga to‘liq mos keladi.

Senat vakolatiga esa, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbarlarini saylash, Bosh prokuror, Hisob palatasi raisi lavozimlariga nomzodlarni ma’qullash, elchilarimizning hisobotlarini eshitish, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashish kabi vakolatlar kiritilmoqda. Bu kabi o‘zgarishlar Senatning nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvi va maxsus xizmatlar ustidan nazorat funksiyasi kuchaytirilayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yillik milliy ma’ruzani eshitish, davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash, parlament tekshiruvini amalga oshirish kabi muhim vakolatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlariga kiritilmoqda.

Shu bilan birga, qonun Senat tomonidan oltmish kun ichida ko‘rib chiqilishi belgilanmoqda. Agar Senat qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida oltmish kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborilishi nazarda tutilmoqda.

Savol-javob va muhokamalarga boy bo‘lgan tadbirda aytib o‘tilganidek, markazda va joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyatida qat’iy tartib-intizom, mas’uliyat, natijadorlikni kuchaytirish maqsadida shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olib, Bosh vazir nomzodini Prezident Qonunchilik palatasiga kiritib, xalq vakillari ma’qullagandan so‘ng lavozimga tayinlash tartibi joriy etilmoqda.

Bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasiga taqdim qilishdan oldin Prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish nazarda tutilmoqda. Mazkur yangi normalar bilan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining nafaqat Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish, balki butun Hukumatni shakllantirishdagi ishtiroki ta’minlanadi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyaga muvofiq, ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari va funksiyalari, ularning oldida turgan barqaror iqtisodiy o‘sish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va boshqa sohalardagi vazifalarni bajarishdagi javobgarligi sezilarli darajada kengaytirilyapti.

Shuningdek, Hukumat zimmasiga ijro etuvchi hokimiyat organlari ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni ta’minlash, davlat xizmatlarining sifati va qulayligini oshirish, aholini, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash vazifalari yuklatilyapti. Ilk marotaba Konstitutsiyada barcha darajadagi hokimlarning vakolatlari belgilanmoqda.

Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish amaliyoti tugatilib, kengashlarga hokimdan mustaqil bo‘lgan alohida Kengash raisi rahbarlik qilishi belgilanmoqda. Endilikda viloyat va tuman (shahar)da xalq saylagan deputatlar hokim faoliyatini bevosita va xolisona nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Sud organlari sohasidagi konstitutsiyaviy o‘zgartirishlar sudyalar mustaqilligi, odil sudlov tizimini demokratlashtirishning konstitutsiyaviy asoslari sezilarli darajada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Tadbir ishtirokchilarining aytib o‘tishicha, sudlar faoliyati mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish, sudyalar daxlsizligi va muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi, ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kiritilayotgan o‘zgarishlar odil sudlovni to‘liq va mustaqil amalga oshirish uchun muhim kafolat bo‘ladi.

Sudlarning faoliyatini moliyalashtirish faqat Davlat byudjetidan amalga oshirilishi va u odil sudlovni to‘liq, mustaqil amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashi kerakligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy norma chinakam adolatli va mustaqil sud tizimini shakllantirish, sudlarning xolisligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Sudyalar daxlsiz va muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi, davlat sudyaning va uning oila a’zolarining xavfsizligi ta’minlanishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, fuqarolarga sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilish huquqining berilishi fuqarolarning o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun yangi mexanizm hisoblanadi.

Davra suhbati ishtirokchilari ta’kidlashicha, yangilanayotgan Konstitutsiya “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalq farovonligini yanada oshirish, davlat va fuqarolik jamiyatining jadal rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratadi.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar bo‘lajak referendumga befarq emasliklarini bildirdilar. Barchani O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Oʼzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech