Almatida qochoqlar masalalariga oid xalqaro tadbirga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

Qozog‘istonning Almati shahrida qochoqlar muammolariga oid “Global forum-2023” doirasida 13 aprel kuni bo‘lib o‘tgan sub-mintaqaviy tayyorgarlik davra suhbatida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi. Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Xalqaro hamkorlik bo‘limi mutaxassisi Q.Obidov ham ushbu tadbirda qatnashdi.

Davra suhbati BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi. Unda qochoqlar muammolarini hal etish yo‘nalishida bajarilgan ishlar tahlil etildi va yangi majburiyatlar bo‘yicha ko‘rsatmalar muhokama qilindi.

BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Xans Fridrix Shodder muloqotni ochib berdi. Jumladan, u fuqarosizlikni kamaytirish hamda qochoqlarni boshpana bilan ta’minlash sohasida ulkan sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlarini xalqaro hamjamiyat doimo qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Tayyorgarlik tadbirida Markaziy osiyo davlatlari, xususan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistonning tegishli davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doira vakillari qochoqlar masalalari bo‘yicha o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, qochoqlar masalalari bo‘yicha “Global forum-2023” doirasida ko‘rib chiqilishi taxmin qilinayotgan yangi majburiyatlar va imkoniyatlarni aniqlash yuzasidan maslahatlashdilar. 

Tadbir ishirokchilari 2019 yilda birinchi marotaba bo‘lib o‘tgan qochoqlar masalalari bo‘yicha Global Forumda davlatlar tomonidan qabul qilingan majburiyatlarni amalga oshirish doirasida bajarilgan ishlarni muhokama qildilar. Qayd etilishicha, davlatlar tomonidan qochoqlar huquqlarini himoya qilishga oid jami 1 ming 685 ta majburiyat qabul qilingan bo‘lib, bugungi kunda ularning 25 foizi amalga oshirilgan.

Xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan qabul qilingan 131 ta majburiyatning 63 foizi muvaffaqqiyatli bajarilgan. Bu ko‘rsatkich mintaqa uchun ijobiy natija ekanligi alohida ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun: “Global Forum – 2023” qochoqlar masalalariga bag‘ishlangan eng yirik xalqaro tadbirning ikkinchisi hisoblanib, birinchi tadbir 2019 yilda o‘tkazilgan. Mazkur Forum 2018 yilda imzolangan qochoqlar bo‘yicha asosiy global shartnomaning amalga oshirish mexanizmi sifatida tashkil etilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech