Yaqinda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi tomonidan Namangan viloyatining Uychi hamda Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanlarida aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ushbu muloqotlar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda qonuniylikka rioya etilishi mavzusiga bag‘ishlandi.
Uchrashuvlar Milliy markazning joriy yil birinchi yarmiga mo‘ljallangan ish rejasi doirasida tashkil etildi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi to‘g‘risida”gi Nizom talablaridan kelib chiqildi.
Xususan, Uychi va O‘zbekiston tumanlarining 3-sektorida 70 nafarga yaqin fuqaro bilan bevosita muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlarda mazkur tumanlarning ichki ishlar, adliya, sog‘liqni saqlash, oila va xotin-qizlar bo‘limlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, “Madad” NNT va boshqa tashkilotlar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuvlarda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikning mazmun-mohiyati, ayni qonunlar ijrosini ta’minlash va nazorat qilishga mas’ul idoralarning vazifalari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining faoliyati yuzasidan atroflicha ma’lumot taqdim etildi.
Muloqotlardan so‘ng fuqarolar bilan sayyor qabullar tashkil etildi. Bunda o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha murojaat qilgan fuqarolarga zarur huquqiy maslahatlar berildi.
Fuqarolar aholi vakillari bilan tashkil etilayotgan bunday yuzma-yuz uchrashuv va sayyor qabullar foydali ekanini e’tirof etdilar. Shuning barobarida, yurtdoshlarimiz yangilanayotgan Konstitutsiyaning qabul qilinishiga befarq emasliklarini, bo‘lajak referendumda faol ishtirok etishlarini bildirdilar.
Otabek Norboev,
Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i
- Qo'shildi: 18.04.2023
- Ko'rishlar: 4132
- Chop etish