Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili T. Xakala bilan uchrashdi

2023-yil 17-aprel kuni adliya vaziri Akbar Tashkulov va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Terxi Xakala oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv avvalida A.Tashkulov xorijiy tomonini huquqiy sohada soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar va kelgusidagi rejalar bilan tanishtirdi. Jumladan, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar faoliyatini tashkil qilishni samarali taʼminlash boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilib kelayotgani toʻgʻrisida gapirib berdi.

Shuningdek, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda inson huquqlari borasida kiritilayotgan bir qator yangiliklar borasida mehmonlarni tanishtirdi. Xususan, Oʻzbekistonda oʻlim jazosini taqiqlanishi, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqliligi, mahrum etilgan shaxslar oʻziga nisbatan insoniy muomalada boʻlishi, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emasligi belgilanayotganligi va boshqa inson huquqlariga oid kiritilayotgan yangi normalarni taʼkidlab oʻtdi.

Tomonlar adliya va huquq sohalarida hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida Yevropa Ittifoqi koʻmagida huquqiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Oʻz oʻrnida T.Xakala Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ijobiy va samarali ishlarga yuqori baho berdi hamda vazirlik tomonidan olib borilayotgan islohotlarda Yevropa Ittifoqi koʻmakdosh boʻlishiga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv doʻstona ruhda oʻtdi.

O‘zbekiston RespublikasiAdliya vazirligi

Powered by GSpeech