2023 yil 18 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala va Yevropa ittifoqining inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili Imon Gilmor bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida delegatsiya a’zolariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar hamda Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida so‘zlab berildi.
Yangilanayotgan Konstitutsiyada aholining barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, qonun loyihasini ishlab chiqishda parlament a’zolaridan tashqari keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlar va ilmiy doira vakillari, ziyolilar faol ishtirok etgani ta’kidlandi.
Yevropa ittifoqining inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili I.Gilmor so‘nggi yillarda O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida so‘z yuritarkan, jumladan, bolalar va majburiy mehnatga barham berish borasidagi yutuqlarini yuqori baholab, yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan normalar aks ettirilayotganini alohida qayd etdi.
Shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlarda aholiga eng asosiy e’tibor berilgani, diqqat markazida inson turgani, aholining kundalik turmushi va ehtiyojlari inobatga olinganini olqishladi.
Ayniqsa, o‘lim jazosi taqiqlanishini konstitutsiyaviy darajada belgilanayotganini yuqori baholadi. Delegatsiya a’zolarining fikricha, ushbu norma bilan davlatimiz bu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq ekanligini butun dunyoga namoyon qiladi.
Uchrashuv davomida mehmonlar mamlakatimizda gender tenglikni, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan ham batafsil tanishtirildi. O‘z navbatida, delegatsiya a’zolari mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilinar ekan, so‘nggi yillarda Yevropa ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar kengayib, siyosiy sohadagi muloqotlar faollashganini alohida qayd etildi. Shuningdek, kelgusida inson huquqlari bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga alohida urg‘u berildi.
Muloqot yakunida tomonlar o‘zaro aloqalarini mustahkamlash va amaliy hamkorlikni har tomonlama davom ettirishga kelishib oldilar.
- Qo'shildi: 19.04.2023
- Ko'rishlar: 4148
- Chop etish