Evropa Ittifoqi vakillari ko‘hna Buxoroni ziyorat qildi

19 aprel kuni Yevropa Ittifoqining Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili Imon Gilmor va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida Buxoroga safar qildi. Mo‘tabar mehmonlar qadimiy shahrimiz ziyoratidan mamnun bo‘ldilar.

I.Gilmor va T.Xakala, xususan, Somoniylar maqbarasi, Ark qo‘rg‘oni, Abdullaxon madrasasi, “Poyi Kalon”, “Toqi sarrofon”, “Toqi telpakfurushon”, “Labi hovuz” hamda “Nodir Devonbegi” majmualari bilan yaqindan tanishdilar.

  • Vatanim Irlandiya bilan vataningiz O‘zbekiston o‘rtasida, oraliqdagi olis masofadan qat’i nazar, ajib bir o‘xshashlik ko‘rdim, xususan, tarixiy taraqqiyot yo‘llarimizning yaqinligiga guvoh bo‘ldim, – dedi Imon Gilmor. – Ko‘hna Buxoro ko‘chalarida kezar ekanman, o‘zimni xuddi O‘rta asrlar zamoni va makoniga kelib qolgandek his qildim. Mening yurtimda ibodatxonalar qancha ko‘p bo‘lsa, bu yerda shuncha ko‘p madrasalarga duch keldim.

Uzoq tarixda Irlandiya ibodatxonalari ta’lim o‘choqlari vazifasini o‘tagan bo‘lib, ularda tahsil olgan ajdodlarimiz keyinchalik butun Yevropa bo‘ylab lotin madaniyati va nasroniylikni targ‘ib etishgan. O‘z navbatida, O‘zbekiston zaminida islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar yetishib chiqqani haqida menga so‘zlab berishdi.

O‘zbekistonning boy madaniyat va turfa an’analarni o‘zida mujassam etgan noyob tarixi borligiga amin bo‘ldim. Tarixiy meros va azaliy qadriyatlarni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylab saqlashga bo‘lgan e’tibor alohida diqqatimni tortdi.

Mo‘tabar mehmonlar Buxoro shahridagi yahudiylar sinagogasini ham borib ko‘rdilar. Yevropa Ittifoqi vakillarini musulmonlarning masjidu madrasalari joylashgan shahar markazida sinagoga ham emin-erkin faoliyat yuritayotgani xursand qildi.

 Imon Gilmorning e’tirof etishicha, turli diniy konfessiyalarning yonma-yon tinch-osuda faoliyat yuritishining bu taxlit ko‘p asrlik ibratli amaliyoti har qancha tahsinga loyiqdir. Sayyohlarning ko‘pligi, o‘z navbatida, O‘zbekiston tom ma’nodagi sayyohlik markaziga aylanayotganidan dalolat beradi.

Terxi Xakala esa o‘zbekona mehmondo‘stlikdan behad hayratlanganini yashirib o‘tirmadi. Uning ta’kidlashicha, g‘aroyib madaniy dasturlar, O‘zbekiston turli mintaqalarining o‘ziga xos xususiyatlarini ochib beradigan qiziqarli konsertlar hech kimni befarq qoldirmaydi.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili mehmondo‘stlik uchun O‘zbekiston rahbariyatiga o‘z minnatdorligini izhor etdi. Ayniqsa, Buxoro shahrining boy tarixidan hayratu havasda ekanini ta’kidladi.

Yevropa Ittifoqining Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili ham Buxoro ziyorati, mahobatli hamda muhtasham me’moriy obidalar ko‘rku tarovatidan quvonch va hayrati ortganini qayd etdi. O‘zbek taomlari juda ma’qul bo‘lganini, kelgusida Samarqand va Xiva shaharlarini ham ziyorat qilish niyatida ekanini bildirdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

O‘zA

Powered by GSpeech