18-19 aprel kunlari Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasining Qibray tumanidagi 2-son Toshkent akademik litseyida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
O‘quv kursida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi va Malaka oshirish instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Mashg‘ulotlarda Toshkent viloyati prokuraturasidan 10 nafar va ichki ishlar tizimidan 50 nafar xodimlari tinglovchi sifatida qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Yahyojon Abdulhaqov o‘quv kursi ochilishi munosabati bilan video-murojaat yo‘llab, ma’ruzachi va tinglovchilarni qutladi.
O‘quv mashg‘ulotlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturiga asosan o‘tkazilayotgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, Konstitutsiyaning yangi tahriri va bo‘lajak referendum haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Mashg‘ulotlar avvalida insonni qiynoqqa solishdan maqsad uning shaxsi va sha’nini oyoqosti qilish, or-nomusi va qadr-qimmatini toptash hamda xo‘rlashdan iborat ekaniga e’tibor qaratildi. Shuning uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning teng huquqli a’zosi hisoblanuvchi O‘zbekiston ham qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab keladi.
Xalqaro huquqqa ko‘ra, qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoqlar qat’iyan taqiqlanadi hamda qiynoqqa solish holatini oqlashga hech qachon va hech qanday asosda yo‘l qo‘yilmaydi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquqlari va erkinliklari kafolatini yanada kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida izchil va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Prezidentimizning 2023 yil 7 fevraldagi qarori qiynoqqa qarshi kurash yo‘nalishidagi o‘quv mashg‘ulotlariga yangi ruh bag‘ishladi. Qarorga muvofiq, endilikda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etiladi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, mazkur o‘quv kursi BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda o‘tkazilmoqda. Mashg‘ulotlar qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish sohasida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining xalqaro amaliyot va milliy tajriba asosidagi amaliy ko‘nikmalarini oshirishga mo‘ljallangan.
Mashg‘ulotlar Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti direktori o‘rinbosari Abdumannop To‘laganov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i O‘tkir Ochilov, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kafedra boshlig‘i Olimjon Matchanov, ushbu Akademiya dotsenti Quvonch Qodirov, Xuquqni muhofaza qilish akademiyasi kafedra boshlig‘i Aziz Hikmatov, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti o‘qituvchisi Jahongir Yakubov va Milliy markaz bosh mutaxassisi Dilbar Rashidova tomonidan olib borildi.
Ikki kunlik qisqa o‘quv kursi davomida Toshkent viloyatining ichki ishlar va prokuratura tizimlarida faoliyat olib borayotgan tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari 60 nafar xodimining egallagan nazariy bilimlari amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi.
Mashg‘ulotlar yakunida test sinovlari o‘tkazildi. Tinglovchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.04.2023
- Ko'rishlar: 4154
- Chop etish