Eski, ammo doimo dolzarb mavzu
Ertalab ishga hozirlik ko‘rar ekanman, oyinai jahon orqali taniqli bir adabiyotshunosning: "Bizga bema’ni ko‘ringan xarajatlarning zamirida o‘zbek birovning to‘yiga shunchaki emas, balki ertaga men ham shu to‘yni qaytarishim kerak, degan tuyg‘u bilan yondashishi yotibdi” deb kuyinib aytgan gaplari qulog‘imga chalindi.
Qiziq, adabiyotshunos olim adabiy asarlarni talqin va tanqid qilmaydimi? To‘yni gapirishiga nima bor ekan-a...
Aslida buning ajablanadigan joyi yo‘q. Chunki bugun to‘y haqida hamma gapiradi. Ammo amal qilishga kelganda esa...
Shu o‘y-xayollar bilan ishga otlandim. Ko‘chamizning boshidagi to‘yxona oldida tirbandlik. To‘y egalari va to‘yga keluvchilar uchun mening dardim zig‘ircha qiziq bo‘lmaganidek, ish kunida saharmardon oshga oshiqqanlarning orzu-o‘ylari meni ham aslo qiziqtirmasdi.
Ish joyiga shoshilgan yuzlab ishchi-xodimlar, maktabga borayotgan o‘quvchilar, farzandlarini bog‘chasiga yetaklayotgan ota-onalar, xastalik tufayli tun bo‘yi uxlamay chiqqani uchun shifoxonadan tezroq navbat egallashga hovliqqan bemorlar...duch kelgan bu tirbandlikka.
Tirbandlikda qolgan mashina ichidagi otaxonning mana bu taassufli so‘zlarini eshitib qoldim:
– Pandemiya paytida-ku biroz insofga kelgan edik. To‘y va marosimlarni ixchamlashtirgandik. Hozir yana hamma o‘zbilarmonlik, riyo, musobaqaga o‘tdi. Olloh bizni kechirsin...
To‘y o‘zi nima?
To‘y – har bir xalq, millat hayotida nihoyatda e’zozlanadigan, baxt-quvonch olib keladigan, insonlarni bir-birlariga yaqinlashtirishga, do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladigan, barchani yaxshilikka undaydigan, shodlik, xursandchilik bag‘ishlaydigan marosim.
Odatda, bazm-tomosha va ziyofat bilan nishonlanadigan xalq marosimlarini “to‘y” degan umumiy nom bilan ataymiz. Har bir o‘zbek umri davomida nikoh to‘yi, beshik to‘yi, xatna to‘yi, hovli to‘yi kabi turli bazm-tomoshalarni o‘tkazadi.
To‘y jarayonida insonparvarlik, izzat-ikrom, mehribonlik, mehmonnavozlik, inoqlik kabi olijanob fazilatlar o‘z ifodasini topadi. Inson zotini qadrlash, hurmatlash va ulug‘lashda to‘ylar beqiyos ahamiyatga ega. Nuroniylarimiz “Topganing to‘ylarga buyursin!” deb duo qiladi. To‘y bilan bog‘liq chiroyli urf-odatlarimiz azal-azaldan shakllanib kelgan va bu ezgu qadriyat xalqimizning boy ma’naviy merosi, madaniyati darajasiga ko‘tarilgan.
Ammo keyingi paytlarda dabdababozlik, manmanlik, kim o‘zarga to‘y qilish, katta isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish kabi ortiqcha illatlar, turli odamlar tomonidan o‘ylab topilib, joriy etilayotgani va qadriyatlarimizga mutlaqo mos kelmaydigan urf-odatlar avj olayotgani dilni xira qiladi. Ayniqsa, to‘y o‘tkazishda: insonparvarlik – narsaparastlikka, izzat-ikrom – manmanlikka, mehribonlik – ta’na-yu zug‘umga, mehmonnavozlik – tilyog‘lamalikka, inoqlik – gina-kuduratga o‘rin bo‘shatib berayotgani achinarlidir.
Misol uchun, ayrimlar yuzlab-minglab tanish-notanishlarni to‘yga chorlagani holda qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni va eng yaqin tanish-bilishlarini mehmonga chaqirish “esidan chiqib qolayotgani” oddiy holga aylanmoqda. Bunday holat o‘sha “hardamxayol” to‘ychilar bilan ularning “oqibatsizligi”dan arazlaydigan qadrdon insonlari orasidagi ahillik hamda mehr-oqibatga raxna solishi tabiiy.
Binobarin, to‘y – bir kishining shaxsiy ishi bo‘lmay, u keng jamoatchilik tashabbusi va ishtiroki bilan o‘tadigan tantanadir. Shuning uchun to‘ylarni zamon talabi darajasiga ko‘tarish doimo muhim hisoblanadi. Va, albatta, to‘ylarni o‘ziga xos bayram tarzida tashkil etish, har tomonlama tartibga solish, ixchamlashtirish, ayniqsa, badiiy jihatdan boyitish hozirgi davr – Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil isohotlarning dolzarb talabidir.
Din va to‘y
Muqaddas islom dinimiz to‘y bahonasida avj oladigan har qanday isrofgarchilik va bid’atlarga doimo qarshi. Qur’oni karimda: “Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukur edi”, deb marhamat qilingan (“Isro” surasi, 27-oyat).
Dovud va Nasaiy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (s.a.v.): “Englar, ichinglar, kiyininglar va sadaqa qilinglar, isrof va mutakabbirlik bo‘lmasa bas”, dedilar. Buyuk ajdodlarimiz payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning “Nikoh to‘yida bir kun taom berish sunnat, ikki kun taom berish isrofgarchilik, uch kun taom berish riyokorlikdir”, degan so‘zlarini eng sahih hadis sifatida e’tirof etishgan.
Bundan anglashiladiki, milodiy VII asrda ham to‘y o‘tkazishda riyokorliklar, isrofgarchiliklar bo‘lgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu illatlardan xalos bo‘lish choralarini islomiy yo‘l bilan ko‘rsatib berganlar. Bu o‘rinda Muhammad alayhissalomning jiyanlari hazrat Ali bilan qizlari Fotima onamizning to‘yi tafsilotlari nihoyatda ibratlidir.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) nikohga rozilik bildirgach, quvonchdan Alining boshi ko‘kka yetadi, ammo birdan mahzun tortadi. Chunki Fotimaning mahri va boshqa ehtiyojlar uchun 480 dirham berishi lozim bo‘lib, hazrat Alining shuncha puli yo‘q edi. Buni payqagan Payg‘ambar (s.a.v.) unga sovutini sotishni maslahat berdilar. Hazrat Ali sovutini olib bozorga bordi. Qancha urinsa-da, unga kerak 480 dirhamni hech kim taklif qilmadi. Shunda hazrat Usmon 480 dirhamga hazrat Alidan sovutini sotib oldi va uni to‘y sovg‘asi, deb o‘ziga qaytardi. Payg‘ambar (s.a.v.) hazrat Usmonni duo qildilar va 400 dirhamni olib saksonini Aliga qaytib berdilar.
Hijratning ikkinchi yili, safar oyi, juma kuni bo‘lib o‘tgan nikoh marosimida Masjidi Nabiy boshdan-oyoq to‘ldi. Ayollar bo‘limi ham gavjum bo‘ldi. Payg‘ambar (s.a.v.) nikoh xutbasini irod etib, qizlari Fotimani 400 dirham mahr bilan hazrat Aliga nikohlaganlarini aytdilar. Payg‘ambar (s.a.v.) ishoralari bilan masjiddagilarning barchasiga xurmo ulashildi. Ortidan hazrat Bilol qo‘llari bilan tayyorlangan sharbat tortildi.
Hazrat Aliga akasi Oqil uy bergandi. Hazrat Ali uni ortiqcha hashamatu bezaklarsiz, ammo top-toza, shinam uy holiga keltirdi. Ummu Ayman boshliq ayollar – hazrat Oysha, hazrat Savdo, hazrat Ummu Salama, hazrat Asmo kelib, hazrat Alining uyini ko‘rdilar. Bir xonali, bir ayvonli uy. Poli tuproq. Hovli etagida shiringina bog‘cha. Ayollar ishga kirishib, uylarni tozalab, narsalarni joylashdi. Qirdan qum tashib, tuproqli polni epaqaga keltirishdi.
Qutlug‘ kelin qutlug‘ uyga tushirildi. Hazrat Asmo qilgan uchta ko‘rpacha, bitta gilam, bitta xurmo qipig‘i bilan to‘ldirilgan yostiq, ikkita qo‘l tegirmoni, bir chelak, bir sopol ko‘za, bir mis xum, bir elak, bir sochiq, bir oshlanmagan teri, yaman gazlamasidan ikkita ko‘ylak, bitta paypoq, xurmodan ishlangan bitta kursi edi nur qizning sepi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qizlari, jannat huri hazrat Fotimaning sepi bor-yo‘g‘i shular edi. Uning asl sepi esa iymoni va a’moli edi.
Dunyo va to‘y
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov yaqinda e’lon qilingan maqolasida isrof qilish islom dinida qoralanganini aytib, fuqarolarni bu ishdan qaytarganlar. Maqolada shunday fikrlar bor: “Keyingi paytda dabdababozlik, o‘zko‘rsatmalik ko‘payib ketayotgan marosimlar ustiga turli-tuman bid’at va xurofotlar shunchalik darajada qo‘shilyaptiki, to‘ylarimiz shu darajadaki, uni butun dunyo ko‘rsa, hayron bo‘ladigan darajaga keldi. Biz dunyo kezamiz, konferensiyalarda qatnashamiz, ko‘p ulamolar bilan suhbatda bo‘lyapmiz. Hamma bizga hayron — “Nega sizlarda bunchalik darajada to‘yga e’tibor yuqori, go‘yo hayot mazmuniga aylangan?”.
Shu asnoda 1994 yili Markaziy Osiyo mintaqasining bir guruh jurnalistlari Kuala-Lumpur shahrida kasbiy tajriba almashish safarida bo‘lganimizda, Malayziya axborot vaziri o‘rinbosari farzandlarining to‘yiga taklif etilganimiz yodimga tushdi. O‘shanda, bir tomondan, biz mehmon bo‘lib turgan mamlakatda Axborot vazirligining mavqei juda baland ekani, ikkinchi tomondan, xorijiy safarimiz aynan shu vazirlik qo‘llab-quvvatlashi asosida tashkil etilgani, qolaversa, ushbu islom davlatida to‘y-ma’rakalar qanday o‘tishiga bo‘lgan qiziqishimiz tufayli guruhimiz a’zolarining bari to‘yda ishtirok etishga istak bildirgandi.
To‘y uchun kichikroq bir teatr zali band qilingan ekan. Sahnaning o‘rtasida kelin-kuyov uchun muhtasham kursilar yasatig‘liq. Tomoshabinlar o‘tiradigan kursilar o‘rniga 10-12 ta atrofida aylana stol va har bir stol atrofiga 9 tadan stul joylashtirilgan. Shu stollardan biri bizning jamoamiz uchun ekan. Darvoqe, to‘y dasturxoni o‘ta kamtarona yasatilgan bo‘lib, bir necha turdagi yaxna ichimlik va shirinliklar bilan kifoyalanilgan.
Kelin va kuyov sahnaga ko‘tarilgach, shodiyona kayfiyatda tegishli milliy rasm-rusumlarni bajardi. Esimda qolgani – kelin-kuyov o‘zlariga tutqazilgan sho‘x bolakayni qaysi birlari yaxshiroq parvarishlay olishi bo‘yicha quvonchli va samimiy musobaqalashdi.
So‘ng har ikki oilaning yoshi ulug‘lari – otalar navbati bilan sahna yonidagi minbarga chiqib, to‘yi bo‘layotgan farzandi voyaga yetishi davrida yuz bergan qiziq voqealardan ayrimlarini so‘zladi. Shu tariqa 1-1,5 soatlik vaqt bir zumda o‘tib ketdi va kelin-kuyov to‘yxonani tark etishlari oldidan zaldagi mehmonlarga mo‘jaz to‘y hadyasi ulashib chiqdilar.
Hadya deganim – baliq terisidan yurak shaklida yasalgan ixchamgina quticha. Uning qapqog‘i ichki qismida kelin bilan kuyovning ismi bitilgan, qutining ichiga esa bir necha dona shirinlik solingan.
Alqissa, malayziyaliklar – musulmon bo‘lib ham, zamonaviy insonlar sifatida ham, yirik amaldor va boy odamlar mavqeida turib ham to‘ylarini ana shunday ixcham, mazmunli va isrofsiz o‘tkazar ekan.
Millat va to‘y
Bundan qariyb 110 yil oldin ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy: «Oyina» jurnalining 1914 yilgi 21-sonida e’lon qilingan “Yoshlarg‘a murojaat” maqolasida “...Hamvatanlarimiz mulkini sotib to‘y qilganidek siz-da, hatto, lozim bo‘lganda mulkingizni sotsangiz-da o‘g‘lingizni zamoncha o‘qumoqig‘a sa’y qilsangiz. To‘yga isrof qilinaturgon oqchalarni o‘qumoq yo‘lig‘a sarf qilsangiz!..”, deb nido qilgan.
«Samarqand» gazetasining 1913 yil 12 iyul sonida chop etilgan “Ehtiyoji millat” maqolasida shunday haqqoniy va tashvishli fikrlar qayd etilgan: “Bir necha boyvachchani bilarmanki, eng qattiq xizmatlarga giriftor. Sababi nadur – ilmsizlik, xolbuki alarni «to‘yi»ga atosi 5 ming so‘m sarf etib edi”.
Yana bir ma’rifatparvar adibimiz Abdulla Avloniy: “Bizni ilmsizlik, tarbiyasizlik, to‘y deb minglarcha aqchalarni behuda isrof etmaklik og‘ir ahvolga soldi. Ag‘niyo va sarvatdorlarimiz to‘y poygasi qilib, faqir va kambag‘allarimiz bor-yo‘qlariga qaramasdan uylarini, bog‘larini, to‘nlarini sotib to‘yga sarf qilmakdadurlar. To‘y degan yerda muqaddas Vatanni sotishdan toymaydigan, istiqbolini o‘ylamagan va bolalarining saodatini tushunmagan bir qavmdan qanday taraqqiy, madaniyat va ma’rifat kutmak kerak?”, deb yozg‘irgan.
Nadomatga to‘la bu bitiklar, afsuski, to‘y o‘tkazishdagi dabdababozlik, shuhratparastlik, maishatparastlik, isrofgarchilik kabi illatlar XX asr boshida ham davom etganidan dalolat beradi. O‘sha davrda to‘ylardagi isrofgarchilik muammosi nafaqat jadidlarni, balki yurt egalarini ham astoydil tashvishga solgan. Xususan, Buxoro amirining 1911 yil martida e’lon qilingan farmonida bundan buyon mehmonlarga 6-7 tuya go‘shtidan ziyofat berish, uloq va ko‘pkari musobaqalarini o‘tkazish, zarbof to‘n sovg‘a qilish udumlari taqiqlangan. Ana shu talablarga xilof ish tutgan to‘y egasiga jazo sifatida 75 darra urilgan.
Yanada qizig‘i, amir tomonidan 1916 yil iyunida e’lon qilingan navbatdagi farmonga ko‘ra, to‘ylarda mehmonlarga qand-qurs sovg‘a qilish odati ham bekor qilingan.
To‘y va sho‘rolar
Sovetlar zamonida to‘ylarimiz ayrim g‘ayrimilliy va g‘ayriislomiy “yangiliklar” bilan boyitildi. O‘sha davr to‘ylarida ichkilikbozlikning odatga aylangani, nikohning birlamchi ahamiyati susaygani, kelin-kuyovlar liboslari milliylikdan ancha uzoqlashgani, yoshlarning mehmonlar oldida achomlashib valsga tushishi, hatto ayrim to‘ylarda “gorko” degan hayqiriq ostida bir-biridan bo‘sa olishi ana shunday nomaqbul va yarashiqsiz soxta udumlar jumlasiga kiradi.
“Komsomol to‘yi” deb atalgan bunday to‘ylar ham, albatta, navqiron avlodlarimizning sog‘lom o‘sib-ulg‘ayishi, bilim va kasb-hunar egallashi hamda ilm-fanda ulkan yutuqlarni egallashi yo‘lida doimiy to‘siq bo‘lib kelgan. Professor G‘aybulla Salomovning “Ey, umri aziz” kitobidagi “To‘y” faslida ayni mavzu haqqoniy ochib berilgan.
Ustozning mana bu mulohazalari diqqatni tortadi: “Bizning odamlarga juda rahmim keladi. O‘zini, sog‘ligini o‘ylamaydi. Bola-chaqa tashvishida yonadi. Har bitta bolasini tishida katta qiladi! Dunyoda biznikilarcha bolajon xalqni topish qiyin. Fidoyi, mehnatkash, mehribon va mehmondo‘st xalq bizning xalqimiz. Ayni vaqtda yosh avlodga eng... beparvo xalq ham biz bo‘lamiz”.
Shuni ham ochiq tan olish joizki, sobiq sovet tuzumi davrida to‘y-ma’rakalarni o‘tkazishda takabburlik, isrofgarchilik ko‘rinishidagi haddan oshishlar nisbatan kamroq kuzatilgan. Buning asosiy sabablari, fikrimcha, quyidagi omillar bilan bog‘liq bo‘lgan:
birinchidan, o‘sha davrda hatto to‘y-ma’rkalar ham ma’muriy-buyruqbozlik tuzumining nazorati ostida o‘tkazilgan. Misol uchun, qishloq joylarda “Rais chaqirdi” tadbiri mavjud bo‘lib, to‘y arafasida kolxoz raisi yoki sovxoz direktori ziyofatga chaqirilgan va undan to‘yga ijozat olingan hamda to‘yni qachon o‘tkazish mumkinligi kelishilgan;
ikkinchidan, davlat tashkilotlari va korxonalaridan ishchi-dehqonlarga to‘lanadigan oylik maoshlari dabdabali to‘y o‘tkazishga yetarli bo‘lmagan, qo‘shimcha daromad topishga intilish esa qattiq qoralangan. Shu bois to‘y egalari qo‘lidagi ortiqcha pullarini ham sarflashda iloji boricha hushyorlik va ehtiyotkorlik bilan yondashgan;
uchinchidan, yurtimiz aholisining katta qismi qishloq joylarda yashagan va yil davomida asosan paxta dalalarida mehnat qilgan. Shuning uchun faqat g‘o‘zapoyadan tozalangan yer maydonlariga vaqtincha dam berilgan yanvar-fevral oylaridagina to‘y o‘tkazishga yoppasiga ruxsat bo‘lgan. Natijada hamma joyda qisqagina to‘ylar mavsumi boshlanib, bir qishloqning odamlari boshqa joydagi to‘yga borishiga deyarli imkon qolmagan.
Istiqlol va to‘ylar
Mustaqillik hayotimizning barcha jabhalariga erkinlik, hurriyat, tiklanish va yangilanish kayfiyatini olib kirdi. Yurtimizda ko‘p asrlar davomida yuzaga kelgan to‘ylar va marosimlarni o‘tkazish bilan bog‘liq o‘ziga xos go‘zal an’analar, ulug‘vor qadriyatlar, beqiyos urf-odatlar ham qayta tiklandi.
Istagan odam to‘y-ma’raka timsolidagi oilaviy tadbirini o‘zi istagandek, ya’ni, xoh amerikachasiga, xoh yevropachasiga, xoh arablardek va hokazo ko‘rinishlarda o‘tkazishi uchun erkinlikka ega bo‘ldi. Nazarimda, ayni shu holat to‘y va marosimlarni o‘tkazishda turli illatlarning paydo bo‘lishi hamda tez urchishiga olib keldi.
Avvalboshda bir-ikki oilaning to‘y va marosimlarida bo‘y ko‘rsatgan bunday illatlar bora-bora jamiyat yoki umummillat muammolariga aylandi. Yurtdoshlarimizning xususiy mulk egalari sifatida daromadlari qanchalik ko‘paysa, to‘y va marosimlarni eng yaxshi milliy an’analar, azaliy urf-odatlarimizga muvofiq belgilangan me’yorlar asosida o‘tkazish talabi shunchalik ko‘p buzilaverdi.
To‘g‘ri, hayot taraqqiy etgani, yuksalgani sayin to‘y va marosimlarni o‘tkazishda ham yangilanishlar, o‘zgarishlar yuzaga keldi. Ayni shu jarayonda o‘ziga to‘q, mablag‘i ko‘proq ba’zi kimsalar hammadan oshirib to‘y qilishga, marosim o‘tkazishga, boshqalarga o‘zini ko‘rsatib qo‘yishga intildi. Boshqa millatlarga nisbatan to‘yga alohida ehtirom bilan qaraydigan xalqimiz topgan-tutgan mablag‘ining asosiy qismini to‘yga sarflay boshladi. Oqibatda to‘y va marosimlarda isrofgarchilik boshlandi, dabdababozligu shuhratparastlik yuzaga keldi. Bularning barchasi odamlarimiz o‘rtasidagi tenglik mezoni og‘ishiga, to‘y-ma’raka o‘tkazishda nosog‘lom raqobatga ruju qo‘yilishiga yo‘l ochdi.
Bu holatlar jamiyatda aks sado bermasdan qolmadi, albatta. Matbuotda ham, turli yig‘ilishlarda ham nikoh to‘ylarida kuyov tomondan ko‘p miqdorda qalin puli olinayotgani, har xil kiyim-kechaklar, ko‘plab sarpolar talab qilinayotgani, tog‘orabozlik kuchaygani haqida so‘z yuritildi. Kelin tomon zimmasiga uning bisoti uchun xorij mebeli, chet el kiyimlari, gilamlarini olish yuklanayotgani, marosimbozlik, hadyabozlik, shuhratparastlik kabi illatlar avj olganiga tanqidiy munosabatlar bildirildi.
Shu sababli 1998 yilda Birinchi Prezidentimizning mamlakatimizda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka-marosimlarni, marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazishni tartibga solish borasidagi farmoni e’lon qilindi. Bu farmon yurtimizda to‘y va marosimlarni o‘tkazish bilan bog‘liq ba’zi kamchiliklarni bartaraf etishga imkon yaratdi.
Biroq, baribir, bu boradagi kamchiliklar ham, illatlar ham to‘liq bartaraf bo‘lmadi. Negaki, to‘y-tantanalar, ma’raka-marosimlar o‘tkazishda isrofgarchilik, bazmbozlik, ortiqcha xarajatbozlik kabi bema’ni odatlar birdaniga paydo bo‘lgan emas. Ular yillar, asrlar davomida yig‘ilib illatga aylangan. Bu illatlar har bir davrda shakl-shamoyilini, qiyofasini o‘zgartirgan holda o‘zini turli ko‘rinishlarda namoyon qilib turadi.
To‘ylar avvalgidek uylarda emas, katta mablag‘ evaziga muhtasham to‘yxonalarda dabdababozlik bilan o‘tkaziladigan bo‘ldi. Qarangki, “gul otish”, “vals tushish”, “tort kesish” kabi noodatiy urflarni hazm qilib ulgurmasimizdan turib, “ommaviy madaniyat”ning “kelinnavkarlar” degan yangi unsuri ham to‘ylarimizga kirib keldi.
To‘ylarda endi o‘nlab san’atkorlar “xizmat”ga bel bog‘laydigan bo‘ldi. Taniqli san’atkorlar kelishiga qarab to‘y-tantanalarga baho berish urfga kirdi. Hatto kuylash uslubi, yo‘nalishi, qo‘shiqlari mazmuni to‘y-bazmlarga mutlaqo mos bo‘lmagan “rep” ijrochilari ham bugun nikoh shodiyonalarida “xonish” qilishmoqda.
Kelin-kuyovlar bir-ikki emas, o‘n-o‘n beshtalab mashinalarda tarallabedod aylanishga ruju qo‘yishdi. Bir viloyatda aka-uka haydovchilar kenja ukasining to‘yini esda qolarli qilish uchun yuk mashinalari bilan to‘y kortejiga qo‘shilib yurishgacha bordi. Albatta, aka-ukalarning o‘tgan yil dekabr oyida sodir etgan ushbu harakati o‘zlari uchun qimmatga tushdi: ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, yuk mashinalari jarima maydoniga joylashtirildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ijod ahli bilan uchrashuvida to‘y-ma’rakalar mavzusiga alohida to‘xtaldi. Behuda odatlardan voz kechgan holda, avvalo, yurtdoshlarimizning sog‘ligini, moddiy va ma’naviy dunyosini asrashga intilishimiz zarurligini ta’kidladi. To‘y qilayotgan oilalarga qiyin bo‘lmasligi uchun “yangi paydo bo‘lgan urf-odatlar”ni bajaraman deya mutlaqo o‘zini oqlamaydigan ortiqcha sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘yib, qarzga botib, sog‘ligini yo‘qotayotgan hamyurtlarimizni o‘ylab, bunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish lozimligi to‘g‘risida kuyinib gapirdi.
Qonunchilik va to‘ylar
Mamlakatimizda milliy urf-odatlarimizning ko‘rki sanalgan to‘y-hashamlarni o‘tkazish yuzasidan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Bunda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solishda ijtimoiy adolat va qonuniylik, milliy urf-odat va qadriyatlarga sodiqlik, boshqa din va millat vakillarining urf-odatlarini hurmat qilish hamda jamoatchilik fikrini inobatga olish tamoyillariga rioya etish nuqtai nazaridan yondashilgani juda muhim.
Bu haqda so‘z borganda, 2019 yil 14 sentyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilingani hamda 2020 yil 1 yanvaridan kuchga kirganini ta’kidlash lozim. Qaror asosida “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi nizom ham ishlab chiqilgan.
Ushbu hujjatlarni tayyorlashda yurtimizda to‘y-hashamlarni, ma’raka va marosimlarni milliy qadriyatlarimizga tayangan holda, eng yaxshi an’analarimizni bugungi kundagi ijobiy o‘zgarishlar, yangilanishlar bilan uyg‘unlashtirgan tarzda o‘tkazish, marosimbozlik, shuhratparastlik, isrofgarchilik kabi illatlarga barham berish maqsadida aholi turli qatlamlari fikr-mulohazalarini o‘rganish natijalariga tayanildi.
Qo‘shma qaror va nizomga muvofiq, joylarda ma’rakalarni ortiqcha isrofgarchiliksiz, milliy qadriyatlarimizga mos tarzda o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. To‘y-hashamlarni belgilangan tarzda, 200-250 odamdan ko‘p bo‘lmagan, san’atkorlar ishtiroki ikki guruhdan oshmagan, dabdababozlik, isrofgarchilik, ortiqcha hashamdorlik, pul sochish, shuhratparastlik kabi illatlarga yo‘l qo‘ymagan holda o‘tkazish belgilandi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish to‘g‘risida”gi qarori bilan mahalladagi muammolarni hal etish, milliy urf-odat, an’ana va marosimlarni tashkil etish hamda o‘tkazishda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish maqsadida «Keksalar maslahati» guruhlari tashkil qilindi. Ushbu guruhlarning asosiy maqsadlaridan biri – loqaydlik, oilaviy kelishmovchiliklar va yoshlar o‘rtasida «ommaviy madaniyat» ko‘rinishidagi salbiy illatlar tarqalishining oldini olish, mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashdir.
Shu tariqa ko‘p yillar, asrlar davomida to‘y, marosim o‘tkazish bilan bog‘liq ravishda xalqimizni qiynab kelgan dabdababozlik, isrofgarchilik, marosimbozlik kabi illatlar barham topa boshlagan, to‘ylarimiz milliy qadriyatlarimiz ifodasiga aylanayotgan edi. Ammo....
Koronavirus balosi bu boradagi ezgu amallarni ham barbod qildi. Pandemiya avj olgan dastlabki davrda to‘y-ma’rakalar butunlay to‘xtatilgan, vaziyatning yumshashi bilan esa asta-sekin 50-100 kishilik to‘ylarni o‘tkazishga ruxsat berilgan bo‘lsa, keyinchalik bu borada yangidan-yangi “rekord”larga navbat yetib keldi.
Xalqimizda bir yomon tushuncha, qarash bor. Biron ish, tadbir boshlasa, “Shunday qilmasam odamlar nima deydi?” degan katta savolni oldiga qo‘yadi. Xo‘sh, nima desa deyaversin, demaydi. Falon qarindoshimiz yoki qo‘shnimiz shuncha odam chaqirib to‘y qildi, biz ham shunday qilamiz, deb gapiradi. Va otning kallasiday qarz ko‘taradi. To‘y ikki soatda o‘tadi-ketadi, lekin qarz ikki yillab (undan ham ko‘p bo‘lmasa) bo‘ynida yuk bo‘lib turadi. Har kim o‘z holicha qilsa, bir joyi kamayib qoladimi? (Shunday qilayotganlar ham bor, inkor etmaymiz). Yoshlarning baxtini to‘y qay darajada katta o‘tgani belgilaydimi? Yo‘q, aslo! Dabdabali to‘y qilib, oradan hech qancha vaqt o‘tmay ajrashib ketganlar ozmi? Nega xulosa qila olmaymiz, saboq chiqarmaymiz?
“№1-to‘y”: tahlil, tanqid va takliflar
To‘y-hashamlar, ma’raka, marosimlarni o‘tkazish borasida xalqimiz irodasi asosida parlamentimiz doirasida qabul qilingan qo‘shma qaror va nizomni mamlakatimiz Konstitutsiyasiga zid deb baholashga uringanlar ham bo‘lgani sir emas. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Kamol Matyoqubov to‘ylar haqidagi bir maqolasida shu haqda so‘z yuritgan.
Ular to‘y, marosim, yig‘in va boshqa anjumanlarni qanday va qay tarzda o‘tkazish har bir insonning o‘z xohishi, istagi degan g‘oyani ilgari surdilar, deb yozadi hamkasbimiz. To‘g‘ri, to‘y-marosim, ma’rakani qanday o‘tkazish har bir shaxsning huquqi. Ammo shaxsning jamiyat, davlat, xalq oldidagi, minglab yillar davomida shakllangan qadriyatlar, milliy an’analar oldidagi burchi-chi?
Sening huquqing – o‘zganing huquqi boshlangan joyda tugaydi, deydilar. Bunga birgina misol: 2022 yil noyabr oyida viloyatlardan birida 5 ming kishilik to‘y qilingani shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Endi qarang: davlat va jamiyat ahamiyatiga ega 200-300 kishilik bir tadbirni o‘tkazish uchun o‘sha tadbirning dasturi tasdiqlanadi va ijro uchun mas’ullar belgilanadi, ichki ishlar idoralari zimmasiga xavfsizlikni ta’minlash vazifasi yuklanadi, shifokorlar guruhi “Tez yordam” mashinasi bilan har ehtimol xizmatga shay turadi va hokazo.
Aytaylik, katta maydonlarda tashkil etiladigan ommaviy tantanalar va san’at saroylarida o‘tkaziladigan konsertlarda ham shunday tartib-taomillarga amal qilinadi. Lekin 5 ming mehmonni taklif etgan to‘y egalari shu muhim tartib-qoidalarga amal qildimi? Axir, to‘y o‘tkazish shaxsning huquqi ekani barobarida, mehmonu mezbonlarning xavfsizligi va sog‘ligini ta’minlash to‘y egasiga hech qanday majburiyat yuklamaydimi?
Meksikada bo‘lib o‘tgan to‘yda 250 mehmondan 200 nafari zaharlangani haqidagi xabarga ko‘zim tushdi. Yurtimizda ham goh bog‘chada, goh qurilish maydonida, goh kafe va to‘yxonalarda odamlarning ovqatdan ommaviy zaharlangani haqidagi ma’lumotlar uchramoqda.
O‘sha shov-shuvli to‘y kuni 30 qozonda pishirilgan taomlar va ularni besh ming kishiga tarqatishda sanitariya-gigiena qoidalariga nechog‘li rioya qilindi ekan?
Oxirgi mulohaza: o‘sha shov-shuvli to‘yni qizdirgan shou-biznes vakillari tomonidan “№1-to‘y”, ya’ni “birinchi raqamli to‘y” degan ibora ko‘p marta takrorlandi. Ularning to‘ydan bevosita manfaatdorligini, ya’ni daromad topishini tushunsa bo‘ladi. Lekin bunday “targ‘ibot”ning ayrim nomaqbul tomonlariga e’tibor qaratmoqchiman.
Bu o‘rinda yuqorida aytib o‘tilgan qonun hujjatlarining 200-250 odamdan ko‘p bo‘lmagan to‘y o‘tkazishga oid talabi buzilgan. Shou-biznes vakillari esa to‘y egasining ana shu g‘ayriqonuniy harakatini oshkora qo‘llab-quvvatlamoqda.
Shuningdek, bitta to‘yda san’atkorlar ishtiroki ikki guruhdan oshmasligiga oid qonuniy talabga ham xilof ish tutilgan. Internetdagi videolavha va matnli xabarlardan ma’lum bo‘lmoqdaki, o‘sha to‘yda kamida 10 mashhur san’atkorlar guruhi xizmatda bo‘lgan.
Qolaversa, to‘yni boshqargan shoumen “№1-to‘y” degan iborani ko‘p qo‘llab, ayni to‘yni reklama qilish bilan shug‘ullandi.
Xotima
...Bugun ham tong sahardan to‘y tezroq tarqab, katta yo‘l ochilishini intiq kutayapman. Hatto ogohlik chiroqlari tinimsiz yonib-o‘chayotgani va tashvishli shovqin ishoratiga qaramasdan, “Tez yordam” mashinasi ham ancha vaqt to‘yxona ro‘parasidagi tiqilinchda qolib ketdi.
“Kim bo‘lsa ekan, u sho‘rlik xasta inson?”, degan o‘y tuyqus xayolimdan kechdi. Har holda, tong sahardan shoshilinch shifo va madadga o‘ta ehtiyoji bor bir banda ekani aniq, oxiri baxayr bo‘lsin.
G‘ulom MIRZO
“Guliston” jurnali, 2023 yil, 1-son
- Qo'shildi: 27.04.2023
- Ko'rishlar: 4669
- Chop etish