Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasiga bag‘ishlangan xalqaro forum

Poytaxtimizda “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi: Referendum va milliy konstitutsiyalarning roli va ahamiyati” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro anjumanni tashkil etishdan asosiy maqsad  – inson huquqlari, erkinligi va qonuniy manfaatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini ishlab chiqish, “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini hayotga tatbiq etish borasida Markaziy Osiyo davlatlarining tajribasini muhokama qilish.  

Yuqori darajadagi anjuman respublikamizni barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilga qadar bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Barqaror rivojlanish markazi kabi qator tashkilotlar, shuningdek, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma bilan hamkorlikda tashkil etildi.  

Ikki qismdan iborat xalqaro forumning dastlabki qismida 2023 yilga qadar barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar ijrosi, barqaror rivojlanishga erishishda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi, konstitutsiyaviy-huquqiy asoslar rivojlanishi hamda BRMga erishishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari, jamoatchilik ishtiroki sa’y-harakati va imkoniyatini birlashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.  

Qayd etish lozimki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2022 yil 14 dekabrdagi sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga asosan ishlab chiqilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya bir ovozdan ma’qullangandi.  

O‘tgan yil 29 dekabrda esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Oliy Majlis Senati Kengashining mazkur rezolyutsiyani amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma qarori qabul qilindi. Qo‘shma qaror bilan 13 ta yo‘nalish bo‘yicha ellikdan ziyod aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.  

Forumda so‘z olgan notiqlar barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda manfaatlar muvozanatining samarali mexanizmi yaratilgani, sohada parlament nazorati o‘rnatilgani, xususan, milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzilgani hamda uning faoliyatiga to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, o‘tgan davr mobaynida Parlament komissiyasi tomonidan o‘nta milliy maqsad va uning 51 ta vazifasi hamda 81 ta indikatori bo‘yicha hududlarda barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar bajarilishi holati o‘rganilgan. Yakunda Parlament komissiyasi majlislarida 28 nafar vazirlik va idora, jumladan, Muvofiqlashtiruvchi kengash rahbarining axboroti eshitilib, tegishli qarorlar qabul qilingani ta’kidlandi.  

Ma’ruza va muhokama shaklida o‘tgan birinchi sessiyada ekspertlar tomonidan davlatimiz rahbari so‘nggi yetti yil ichida BMT Bosh Assambleyalarida umumbashariy muammolar yechimiga oid o‘ndan ziyod tashabbuslar bilan chiqqani, eng muhimi, mazkur tashabbuslarning barchasi Bosh Assambleya tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlangani va tegishli rezolyutsiyalar qabul qilingani alohida yodga olindi.  

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, bu masalada muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish muhimligi aytildi. Shuningdek, forumda Markaziy Osiyo mamlakatlari BRMga erishishdagi tajribasi va yutuqlariga ham e’tibor qaratildi.  

B.Xudoyberdiyev, O‘zA

Powered by GSpeech