Munosabat
Jamiyat taraqqiyoti – qonun ustuvorligi va sud hokimiyatining mustaqilligi bilan chambarchas bog‘liq. So‘nggi yillarda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizda inson qadrining yanada yuksalishi, huquq va erkinliklari eng oliy darajada qadrlanishini ta’minlashga xizmat qilayotir.
Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash yoki qamoqda saqlash muddatini uzaytirish uchun sanksiya berish vakolatining sudlarga o‘tkazilishi bu boradagi dastlabki qadamlar bo‘lgan bo‘lsa, keyingi yillarda bu islohotlar yanada jadallashdi.
Jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga, qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llashning, shuningdek, dastlabki tergovning eng ko‘p muddati 1 yildan 7 oyga qisqartirildi.
Xususan, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish maqsadida “Xabeas korpus” instituti kengaytirilib, tergov ustidan sud nazorati yanada kuchaytirildi. Bu kabi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida yangilanayotgan Konstitutsiyada O‘zbekiston – huquqiy davlat deb e’tirof etilib, inson huquqlariga oid normalar uch barobarga ko‘paymoqda. Ya’ni, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida qayd etilmoqda.
Shundan kelib chiqib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 27-moddasida har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga egaligi, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emasligi, hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi hamda shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi qat’iy belgilanmoqda.
Ahamiyatlisi, shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi Konstitutsiya doirasida mustahkamlanmoqda. Bu normalar shaxsning erkinligini cheklash bilan bog‘liq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi, kelgusida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgandir. Ya’ni, xalqaro e’tirof etilgan “Xabeas korpus” institutini qo‘llash ko‘lami yanada kengayadi.
Bosh qomusimizda shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi kerakligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, sukut saqlash huquqi ham berilmoqda. Ya’ni, xalqaro e’tirof etilgan “Miranda qoidasi” o‘z aksini topib, fuqarolar huquqini himoya qilishning zamonaviy usullarini o‘zida mujassam etgan mexanizmlar Konstitutsiya darajasida kuchaytirilmoqda.
Oddiy tilda aytadigan bo‘lsak, “siz sukut saqlashingiz mumkin”, “ushbu ishda bizga aytayotgan har bir so‘zingiz sudda o‘zingizga qarshi dalil sifatida ishlatilishi mumkin”, “siz advokat xizmatidan foydalanish huquqiga egasiz, agar foydalanish imkoniyatingiz bo‘lmasa, davlat tomonidan sizga advokat beriladi” kabi huquqlar endilikda har bir ushlangan, ya’ni erkin harakatlanish huquqi chegaralanayotgan shaxsga tushuntiriladi.
Tahlillar huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qo‘lga olingan zahotiyoq, u qanday huquqlarga ega ekani tushuntirilmayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa gumon qilinuvchining huquqlari dastlabki vaqtdayoq xavf ostida qolishiga sabab bo‘ladi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi normalar qonunni buzgan holda hibsga olish, ushlab turish, qamoqqa olish, qamoqda saqlash yoki erkinlikni boshqa tarzda cheklashning oldini olishga qaratilgan konstitutsion kafolatdir.
Xuddi shunday normalar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 3 va 5-moddalarida, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 7, 9-moddalarida, Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasining 5-moddasida, shuningdek, ko‘plab xorijiy davlatlar konstitutsiyalarida mavjud.
Bu yangiliklar sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va liberallashtirish hamda inson huquqlarini ishonchli ta’minlash maqsadida “Miranda” va “Xabeas korpus” tartiblari kengroq joriy etilishiga xizmat qiladi. Eng muhimi, inson huquq va erkinliklari qonunlarimiz, davlat organlari faoliyatining mazmuniga aylanib, mansabdor shaxslarning faqat fuqarolar manfaatlarini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatishiga olib keladi.
O‘zA
- Qo'shildi: 27.04.2023
- Ko'rishlar: 4345
- Chop etish