26 aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Konrad Adenauer jamg‘armasining Osiyoda qonun ustuvorligi bo‘yicha dasturi direktori Shtefan Samse bilan uchrashdi. Uchrashuv mehmon tomonning iltimosiga ko‘ra tashkil etildi.
Muloqotda Konrad Adenauer jamg‘armasining O‘zbekistondagi muvofiqlashtiruvchisi S.Axunova, shuningdek, Milliy markaz direktori o‘rinbosari D.Muratova va Markazning Xalqaro hamkorlik bo‘limi xodimlari I.Abdumujidov hamda Q.Obidov ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida Osiyoda qonun ustuvorligi bo‘yicha dastur taqdim etildi. Tomonlar ushbu Dasturni amalga oshirishda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Osiyoda qonun ustuvorligi bo‘yicha dastur 2005 yilda Singapurda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi Osiyo davlatlarida qonun ustuvorligini mustahkamlashni rag‘batlantirishdan iborat. Dastur doirasida hamkor mamlakatlarning davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamjihatlikda ish olib boriladi.
Shtefan Samse ta’kidlaganidek, Osiyoda qonun ustuvorligi bo‘yicha dasturni O‘zbekistonda amalga oshirish istiqbollari huquq sohasidagi faoliyatni targ‘ib qilish va o‘zaro maslahatlashuvlarni amalga oshirishni qamrab oladi. Shuning uchun Dasturni mamlakat sud-huquq tizimi vakillari bilan muhokama qilish ko‘zda tutilgan.
O‘z navbatida, Akmal Saidov O‘zbekiston tomoni Konrad Adenauer jamg‘armasining Osiyoda qonun ustuvorligi bo‘yicha dasturini mamlakatimizda amalga oshirishga katta qiziqish bildirayotganini qayd etdi. Dasturning Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligi bo‘yicha dasturidan farqli jihatlariga aniqlik kiritilib, ayni Dasturni amalga oshirishga taalluqli rejalar haqida so‘z yuritildi.
Sh.Samse Dasturni O‘zbekiston doirasida amalga oshirishda, birinchidan, O‘zbekiston va Germaniya prokurorlari o‘rtasida davlatlarda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida o‘zaro fikr almashinuvini yo‘lga qo‘yish; ikkinchidan, Toshkent va Berlin sudyalari uchrashuvini o‘tkazish; uchinchidan, O‘zbekiston va Germaniya Adliya vazirliklari vakillari ish tajribasi almashinuvini tashkil qilish muhimligiga e’tibor qaratdi. Bu uchrashuvlar natijasida sudyalar va advokatlar mustaqilligi, prokuratura faoliyatidagi islohotlar bo‘yicha o‘zaro fikr va tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘linadi.
A.Saidov Dasturning muhokama qismiga bugungi kunda g‘oyat dolzarb ahamiyat ega yo‘nalish – inson huquqlari sohasidagi ta’lim yo‘nalishini kiritish zarurligini qayd etdi. Shu asnoda mehmonlarga inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, Dasturni amalga oshiradigan ishtirokchilar safiga Markaziy Osiyoning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarini ham kiritish taklif qilindi. Bunda ushbu tashabbusni ilgari surishga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakilini asosiy muvofiqlashtiruvchi etib tayinlash maqbul ekani qaysd etildi.
Uchrashuv yakunida mehmonlar samimiy va o‘zaro manfaatli muhokamalar uchun minnatdorlik bildirdi. Tomonlar kelgusida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib oldilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.04.2023
- Ko'rishlar: 3985
- Chop etish