Shu yil 17-19 aprel kunlari Yevropa Ittifoqining Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili Imon Gilmor va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi. Mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev qabul qildi.
Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi a’zolari tashrifi davomida Oliy Majlis Senati Raisi, Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Bosh prokuror, Tashqi ishlar, Adliya vazirliklari hamda Buxoro viloyati rahbarlari bilan uchrashdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi rahbariyati va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), shuningdek, fuqarolik jamiyati faollari bilan muloqotda bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan mazkur tashrif tafsilotlari haqida suhbatlashdik.
– Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi tomonidan O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolik jamiyatini, gender tenglikni rivojlantirish, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish kabi muhim yo‘nalishlarda erishilgan muvaffaqiyatlar yuksak baholandi, – dedi A.Saidov. – Bu munosib baho ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning lavozimdorlari tomonidan berilgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Chunki, avvalo, Yevropa Ittifoqining Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi 2012 yilda ta’sis etilgan bo‘lib, Imon Gilmor ayni lavozimda 2019 yildan buyon faoliyat olib bormoqda. Joriy yil fevralida uning maxsus vakillik mandati 2024 yil 29 fevralgacha uzaytirildi. I.Gilmor Irlandiyaning Kaltre shahrida tug‘ilgan, Irlandiya Milliy universitetida tahsil olgan. Irlandiya Tashqi ishlar vaziri, Bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan va mamlakat parlamenti deputati maqomida 30 yil faoliyat olib borgan. U irland, ingliz va fransuz tillarida erkin muloqot qiladi.
O‘zbekiston Prezidenti ushbu taniqli siyosiy arbob va tajribali diplomatning umumevropa manfaatlarini ilgari surish hamda eng dolzarb global muammolarni hal etishga ko‘maklashish borasida qo‘shayotgan ulkan hissasini yuksak baholadi. Davlatimiz rahbari, shuningdek, bundan ikki yil ilgari – 2021 yil 19 noyabrda yurtimizda nogironligi bo‘lgan bolalarni inklyuziv rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro veb-forumni qo‘llab-quvvatlagani va unda faol ishtirok etgani uchun I.Gilmorga minnatdorchilik bildirdi.
O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili lavozimi 2005 yili ta’sis etilgan va Terxi Xakala ushbu lavozimda 2021 yil 1 iyuldan ishlab kelmoqda. T.Xakala Finlandiyaning Xelsinki shahrida tug‘ilgan va Turku shahridagi Abo akademiyasida tahsil olgan tajribali diplomat. Fin, ingliz, rus, fransuz, shved va nemis tillarini yaxshi biladi.
Yurtboshimiz bungacha ham O‘zbekistonga ko‘p bor – besh marta tashrif buyurgan T.Xakalani Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili lavozimidagi vakolati yana ikki yilga uzaytirilgani bilan qutlar ekan, bu uning faoliyati samaradorligiga Yevropa Ittifoqi rahbariyatining bergan munosib bahosi va bildirgan yuksak ishonchi ifodasi ekanini qayd etdi.
Mamlakatimiz o‘z mustaqilligining dastlabki davridanoq Yevropa Ittifoqi bilan do‘stona munosbatlar o‘rnatgan va o‘zaro hamkorlik aloqalari so‘nggi yillarda ayniqsa kuchaydi. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari tomonidan I.Gilmor va T.Xakala bilan muloqot asnosida O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi yuksak darajasi va natijadorligi katta mamnuniyat bilan qayd etilgani bejiz emas.
O‘tgan yili Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel mamlakatimizga tashrif buyurdi. Samarqandda o‘zaro hamjihatlik va aloqadorlikka bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu sammitning navbatdagisi – joriy yil iyunida Bishkekda bo‘ladi, keyingi anjumanni O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi ilgari surildi.
Bugungi kunda Yevropa Ittifoqi bilan barcha darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. Bu o‘rinda, jumladan, Yevropa tomonidan taqdim etilgan “GSP+” sharoitlari tufayli o‘zaro savdo hajmi va muvaffaqiyatli investitsiya loyihalari soni jadal ortib borayotganini ta’kidlash lozim. Shu nuqtai nazardan, joriy yilda yurtimizga keladigan Yevrokomissiya monitoring guruhi bilan yaqin hamkorlikda ish olib borish rejalashtirilmoqda.
Madaniy-gumanitar sohada ham birgalikda muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mashhur Luvr muzeyida ilk bor tarixiy-madaniy merosimizning ulkan ko‘lamdagi ko‘rgazmasi tashkil etilgani bilan faxrlanamiz. May oyida Berlinda ham O‘zbekistonning shunday ko‘rgazmasi ochiladi.
Prezidentimizning Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi bilan uchrashuvida mazkur xalqaro tashkilot institutlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar muhokama qilindi. Shuningdek, mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari va bo‘lajak qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.
I.Gilmor va T.Xakala Yevropa Ittifoqi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar strategiyasini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi.
Prezidentimiz mehmonlarning baho va tavsiyalari juda muhim ekanini e’tirof etdi. Zero, xorijiy do‘stu hamkorlarimizning xolis nuqtai nazari – inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash sohasida oson bo‘lmagan islohotlarni amalga oshirish yo‘lida biz uchun ulkan rag‘batdir.
– Inson huquqlari mavzusidagi muloqotlar haqida batafsilroq to‘xtalsangiz?
– Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmas jarayonligini alohida ta’kidlab, barcha demokratik jarayonlar markazida inson mafaatlari, har bir fuqaroning qadr-qimmati turganini, bu biz uchun eng ustuvor maqsad ekanini qayd etdi.
O‘zbekiston inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish yo‘lidan qat’iy odimlamoqda. Mamlakatimiz bundan keyin ham inson huquqlari va erkinliklarini global va mintaqaviy darajalarda ilgari surish jarayonining faol ishtirokchisi bo‘lib qoladi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk tashrifi yakunlari bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishga kirishildi. BMTning O‘zbekistondagi ofisida yaqin orada Inson huquqlari bo‘yicha maslahatchi lavozimi ta’sis etiladi. O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashidagi samarali faoliyati ham izchil davom ettirilmoqda.
Shu yil mart oyida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish mavzusida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” forumi muvaffaqiyatli tashkil etildi. Bu kabi muhim jarayonlarda yevropalik sheriklarimiz bilan yaqin va natijador hamkorlikdan hamisha manfaatdormiz.
Deyarli har bir uchrashuvda Yevropa Ittifoqi bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar kengayib, siyosiy sohadagi muloqotlar faollashgani haqida so‘z yuritildi. Mamlakatimizda inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash sohasida erishilgan yutuqlar xolis e’tirof etilib, kelgusida bu boradagi hamkorlikni kuchaytirishga alohida urg‘u berilishi ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralari kuchaytirildi. Nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar faoliyatini tashkil qilishni samarali ta’minlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatga olishni soddalashtirish yuzasidan BMT va YeXHT taqdim etgan barcha tavsiyalar bajarildi. Bugungi kunda yurtimizdagi NNT soni 9 mingtadan ortiq bo‘lib, oxirgi olti yilda ularning loyihalarini moliyalashtirish hajmi 25 barobar ko‘paydi.
Ayni vaqtda parlament majlislarida ishtirok etadigan NNTning doimiy vakili institutini tatbiq etish ishlari jadal bormoqda. Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeks loyihasi ishlab chiqildi va hozirda loyiha matni xalqaro huquq normalari hamda AQSh, Germaniya, Fransiya kabi xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi asosida takomillashtirilmoqda.
Konfessiyalar ishlari bo‘yicha kengash tuzildi. Diniy sohada ta’lim olishning yangi tizimi joriy etildi. Haj va Umra ziyoratlarini amalga oshirish tartib-taomillari qulaylashtirildi. Ekstremizmga qarshi kurashda asosan profilaktik choralarga tayanilmoqda. Afv etish to‘g‘risidagi hujjatlar hozirgacha 4 mingdan ziyod kishiga nisbatan qo‘llandi.
Keyingi davrda ommaviy axborot vositalari erkinligi yangi fenomenga va islohotlarimizning ustuvor maqsadlaridan biriga aylandi. Erkin matbuot reytinglarida O‘zbekiston so‘nggi besh yilda 40 ta mavqega balandladi. Ro‘yxatga olingan OAV soni 2 ming 110 taga, blogerlar soni esa 1,5 mingtaga yetdi.
Muloqotlarda, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari to‘g‘risida ma’lumot berildi. Bu borada qonunchilikda qiynoqlar taqiqlangani, ozodlikdan mahrum etish joylari videokameralar bilan jihozlangani, “Jasliq” koloniyasi yopilgani muhim yutuqlarimizdan hisoblanadi.
Shuningdek, Ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha vakolatlari kengaytirildi. Fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirokida Milliy preventiv mexanizm tashkil etildi. Joriy yilda BMTning Qiynoqlar masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisining mamlakatimizga tashrifi kutilmoqda.
– Yevropa Ittifoqi vakillari yangilanayotgan Konstitutsiyamiz haqida qanday fikrlar bildirdilar?
– Uchrashuvlarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha bo‘lajak referendumning ahamiyati alohida tilga olingani diqqatga sazovor.
Yevropa tomoni, xususan, yangilanayotgan Asosiy qonundagi inson huquq va manfaatlarining kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan, “Miranda qoidalari” va “Xabeas korpus” institutini joriy qilish, ijtimoiy va ekologik huquqlar, yoshlar huquqlari, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, o‘lim jazosi bekor qilinganini mustahkamlab qo‘yish kabi ilg‘or normalarni ko‘zda tutuvchi o‘zgartirishlarni olqishlagani bizni xursand qildi.
Janob I.Gilmor so‘nggi yillardagi o‘zgarishlardan olgan taassurotlari haqida batafsil so‘z yuritdi. Jumladan, Yevropa Ittifoqi Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakilining fikricha, O‘zbekistonning bolalar va majburiy mehnatga barham berish borasidagi yutuqlari, yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan normalar aks ettirilayotgani yuksak baholarga munosibdir.
O‘zaro suhbatlar davomida bo‘lajak referendumda ovoz beriladigan konstitutsiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqishda parlament a’zolaridan tashqari keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlar va ilmiy doira vakillari, ziyolilar faol ishtirok etgani ta’kidlandi. Yangilanayotgan Konstitutsiyada aholining barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olinganiga e’tibor qaratildi.
Yevropa Ittifoqi vakillari aynan shu muhim mezon, ya’ni konstitutsiyaviy islohotlarda aholiga eng asosiy e’tibor berilganini qizg‘in olqishladilar. Islohotlarning diqqat markazida inson turgani, aholining kundalik turmushi va ehtiyojlari inobatga olingani tahsinga sazovor ekani e’tirof etildi.
Yana bir muhim e’tirof: o‘lim jazosi taqiqlanishi konstitutsiyaviy darajada belgilanayotgani alohida ta’kidlandi. Delegatsiya a’zolarining fikricha, ushbu norma bilan davlatimiz bu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq ekanligini butun dunyoga namoyon qiladi.
Shuningdek, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi ko‘zda tutilayotgani, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqliligi, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan insoniy muomalada bo‘lish shartligi, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilanayotgani ham mehmonlarning e’tiborini tortdi.
– Parlamentimiz palatalarida Yevropa Ittifoqi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda aynan qaysi masalalar muhokama qilindi?
– Oliy Majlisning har ikki palatasida mehmonlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi muhim siyosiy jarayonlarda, xususan, konstitutsiyaviy islohotlarda, shuningdek, demokratik yangilanish va o‘zgarishlarda parlamentning o‘rni alohida e’tirof etildi. Delegatsiya a’zolariga O‘zbekistonda inson huquqlari, gender tenglik, mehnat munosabatlari sohasidagi jarayonlar, Oliy Majlis va Yoshlar parlamenti faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Xususan, Oliy Majlis Senati Raisi O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan asosiy xalqaro hamkor sifatida o‘zaro manfaatli sheriklikni izchil rivojlantirishdan, bunda o‘zaro munosabatlarning barcha yo‘nalishlarini qamrab olish uchun birgalikda harakat qilishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Mehmonlar ham Yevropa Ittifoqi qamrovi jihatidan kengayib borayotgan ikki tomonlama muloqotni amaliy mazmun bilan yanada boyitish tarafdori ekanini bildirdilar.
Muloqotlar chog‘ida O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar huquqlarini kafolatlash, ularning jamiyat va oiladagi mavqeini mustahkamlash masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi. Bu borada Gender strategiyasi va 40 dan ortiq normativ hujjat qabul qilindi. Barcha qonun loyihalari gender ekspertizasidan o‘tkazilmoqda.
Bugungi kunda talaba qizlarning soni 110 ming nafardan – 500 ming nafarga ko‘paydi. Bu – O‘zbekistondagi jami talabalarning teng yarmi, deganidir.
Markaziy Osiyo mamlakatlari ayol-liderlarining mintaqaviy muloqotiga asos solindi. Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda o‘tgan yili dunyo mamlakatlari parlamentlari ayol-liderlarining sammiti va ShHT Xotin-qizlar forumi o‘tkazildi.
Qisqa fursatlarda majburiy mehnat v bolalar mehnatiga barham berildi. Farzandlarimiz bilim olishlari, til o‘rganishlari, kasb egallashlari, bir so‘z bilan aytganda, har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishlari uchun sharoitlar yaratilmoqda.
BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi O‘zbekiston tomonidan 2021 yilda ratifikatsiya qilindi. Joriy yil iyul oyida BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasida ushbu Konvensiyaning bajarilishi yuzasidan mamlakatimizning dastlabki milliy ma’ruzasi tinglanadi.
Bu borada alohida qonun qabul qilinib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha sohalardagi huquqlari kafolatlandi. Bo‘lajak referendumda ushbu toifaga mansub yurtdoshlarimiz o‘z xohish-irodasini erkin bidirishlarini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Milliy markaz tashabbusi bilan yangilanayotgan Konstitutsiya matni Brayl alifbosida nashr etilgani shular jumlasidandir.
I.Gilmor va T.Xakala jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida kechayotgan o‘zgarishlar, islohotlar izchilligini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.
– Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining tashrifi doirasida yana qanday masalalarga e’tibor qaratildi?
– O‘zbekiston Prezidenti uchrashuv davomida Yevroittifoq institutlari bilan insoniylik mezonlari sohasida yaqindan hamkorlik qilish muhimligini qayd etdi. O‘z navbatida, Tashqi ishlar vazirligida o‘tkazilgan mulqotda “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” va “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” shaklida turli darajalarda rejalashtirilgan tadbirlar jadvaliga alohida e’tibor qaratildi.
Bularning barchasi bejiz emas. Nega deganda, O‘zbekiston o‘zaro hamkorligimizning ushbu formatlaridagi tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi hamkor davlatlar tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvlari muntazam o‘tkazilmoqda.
Shunday uchrashuvlarning navbatdagisi, ya’ni tashqi ishlar vazirlarining 18-uchrashuvi 2022 yil 17 noyabrda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. Ertasi kuni, 18 noyabrda “Evroittifoq – Markaziy Osiyo” o‘zaro hamkorligi: barqaror taraqqiyot uchun global darvoza” mavzusidagi ilk konferensiya ham aynan Samarqandda tashkil etildi.
O‘tgan davrda “Evroittifoq – Markaziy Osiyo” mintaqalararo hamkorligi doirasida 6 ta qo‘shma organ tuzilgan. Bular: Hamkorlik kengashi, Parlamentlar hamkorligi qo‘mitasi, Savdo va investitsiyalar bo‘yicha kichik qo‘mita, Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va turdosh masalalar bo‘yicha kichik qo‘mita, Taraqqiyot maqsadlari yo‘lida hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mitadir.
Mamlakatimiz ushbu qo‘shma organlar hamda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo va Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili instituti bilan istiqbolli hamkorlik negizida ish olib bormoqda. Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining ushbu rasmiy tashrifi o‘zaro amaliy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishiga ishonch bildirildi.
Yevropa Ittifoqi bilan O‘zbekiston munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy asoslari haqida to‘xtalganda, ikki o‘rtada 15 ta hamkorlik hujjati amal qilayotganini qayd etish lozim. Binobarin, muloqotlar asnosida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tezroq imzolash muhimligi ham ta’kidlandi.
Bundan tashqari, T.Xakala savdo-iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni juda muhimligiga e’tibor qaratib, Yevropa Ittifoqi ushbu masala yuzasidan hamkorlik qilish va tajriba almashishga tayyorligini aytdi.
Mehmonlar bildirgan barcha fikrlari va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga to‘liq sharhlar hamda javoblar oldi. Eng muhimi, tomonlar hamkorlikni yanada samarali va konstruktiv ruhda davom ettirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv va muloqotlar chog‘ida O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning dolzarb jihatlari, mintaqaviy va xalqaro siyosatning ayrim masalalari ham ko‘rib chiqildi. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson huquqlari, gender tengligi va so‘z erkinligini ta’minlashda o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Xulosa o‘rnida Yevropa Ittifoqining Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili Imon Gilmor tashrif yakunida aytgan quyidagi fikrlarni keltirish bilan kifoyalanamiz:
“Bu yurtda o‘z ko‘zim bilan ko‘rganlarim va eshitganlarimdan shuni xulosa qilayapmanki, mamlakatingiz taraqqiyotning eng maqbul va to‘g‘ri yo‘lini tanlagan. Ayni shu taraqqiyot dasturida inson huquqlari yetakchi o‘ringa qo‘yilgani katta ahamiyatga ega. O‘zbekistonga tashrifimdan ko‘nglim to‘q bo‘ldi. Chunki safar dasturimizning tig‘izligiga qaramay, mamlakat hayotining deyarli barcha sohalaridagi muhim yangiliklardan xabardor bo‘lishga ulgurdik. Eng asosiysi, shunga aminmizki, O‘zbekistonda olg‘a intilish bor, taraqqiyot sari shiddatli odimlar o‘z samaralarini bermoqda”.
G‘ulom MIRZO suhbatlashdi
Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
«Ishonch» gazetasining 2023 yil 27 aprel kungi 51-52-soni
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kutubxonasi
- Qo'shildi: 27.04.2023
- Ko'rishlar: 4416
- Chop etish